Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:10

Qirg‘iziston radikallar makoniga aylanadimi?


Qirg‘iz tahlilchilari radikal guruhlar "galstukli musulmonlar"ga salbiy ta‘sir ko‘rsatishidan tashvishda.

Qozog‘istonning Taraz shahrida sodir etilgan portlashdan so‘ng ekstremistik guruhlarga qarshi kurash kuchayishi ortidan radikal guruh vakillari Qirg‘iziston hududiga boshpana topish maqsadida kirib kelishi mumkin. Qirg‘izistonlik dinshunoslar va siyosatchilar mana shunday bildiruvlarni qilishmoqda.

Qozog‘istonning Taraz shahrida 12 noyabr kuni sodir etilgan portlashda 7 kishi halok bo‘lgan edi. Qozog‘iston rasmiylari “jihodchi” deb atayotgan shaxs avvaliga bir necha militsiya xodimini o‘ldirib, shundan so‘ng o‘zini portlatib yuborgan. Bu kabi xudkushlik harakati may va oktyabr oylarida Qozog‘istonning Oqtepa va Atirau shaharlarida ham qayd etilgan edi.

“Galstukli musulmonlar” yoki radikallar ta‘siri


Qirg‘izistondagi taniqli dinshunos Qodir Malikov mamlakatda 5-10 yil oralig‘ida islomiy asosga ega bo‘lgan siyosiy muxolifat paydo bo‘lishini bashorat qiladi. Uning fikricha, bu yangi siyosiy elita radikal bo‘lmagan, dunyoviy ta‘lim olgan “galstukli musulmonlar” safidan yetishib chiqadi hamda erkin siyosiy raqobat sharoitida mamlakatning rivojlanishiga ijobiy ta‘sir ko‘rsatadi.

Ayni paytda dinshunos Qozog‘istonda so‘nggi paytlarda sodir etilgan portlashlar, jumladan, Taraz shahridagi voqeadan keyin rasmiy Ostona ekstremistik harakatlarga nisbatan kurashni kuchaytirishi va buning oqibatida ta‘qibdan qochgan radikal guruhlar vakillari Qirg‘iziston hududida jamlanib qolishidan tashvish bildiradi.

- Qirg‘izistonda radikal kuchlarning yashirin faoliyat olib borishi uchun imkonyat mavjud. Bu radikal kuchlar Qirg‘izistondagi mo‘tadil islomiy jamoalarga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi va ularning radikallashuviga sabab bo‘ladi degan tashvish bor,- dedi Qodir Malikov.

Xalqaro ekspertlar fikricha, Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda din erkinligi bo‘yicha liberal qonunchilikka ega bo‘lgan davlatdir. Mahalliy tahlilchilar din sohasidagi liberal qonunchilik turli diniy oqimlarning nisbatan erkin faoliyat olib borishiga imkoniyat yaratib berayotganini, bundan esa radikal kuchlar ustamonlik bilan foydalanayotganini bildiradilar.

Repressiya emas, adolatli jamiyat kerak


Qirg‘iziston prezidenti ma‘muriyatining tahlil bo‘limi boshlig‘i O‘ro‘zbek Moldaliyev mamlakatda din to‘g‘risidagi liberal qonunchilik saqlab qolingani holda, radikal guruhlar ta‘siriga qarshi keskin kurashish payti yetib kelganini aytdi. Uning fikricha, mazkur kurash qonun ustuvorlik qilgan jamiyatni qurish harakatidan boshlanishi lozim.

- Bugungi kunda puldorlar jamiyatda ustunlik qilmoqda, faqirlarning huquqlari paymol qilinmoqda. Bu esa jamiyatda norozilik kayfiyatining kuchayishiga sabab bo‘layapti. Radikal kuchlar bundan foydalangan holda “Demokratik jamiyatda hech qachon adolat bo‘lmaydi, buning uchun Xalifatga asoslangan islomiy jamiyat qurish lozim” degan g‘oyani olg‘a surmoqda. Norozi qatlam ularning ortidan erchib ketmoqda. Shu sababli ham hukumat jamiyatda puldorlar emas, qonun ustivor bo‘lishini ta‘minlashi zarur -dedi O‘ro‘zbek Moldaliyev.

Dinshunos olim Qodir Malikov fikricha, Qirg‘iziston din siyosati borasida qo‘shni davlatlar kabi repressiv harakatlarni qo‘llamasligi lozim.

- Qirg‘iziston qo‘shni davlatlar singari repressiv choralarni qo‘llamay, betaraf pozitsiyada bo‘lgani yaxshi. Hukumat qo‘shni davlatlar va Yaqin Sharqdagi vaziyatni hisobga olgan holda yetti o‘lchab bir kesmog‘i shart. Bugungi kunda Qirg‘iziston din siyosati bo‘yicha uzoq muddatli harakat dasturini ishlab chiqmog‘i kerak. Bu dasturda milliy manfaat va islomning mamlakatdagi o‘rni e‘tiborga olinishi lozim, -dedi Qodir Malikov.
XS
SM
MD
LG