Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:09

O‘qituvchi jinoyatga qo‘l urmagani uchun jazoga tortildi


Paxta mavsumida paxta terayotgan o‘quvchilar o‘rniga parta va portretlar dars o‘tadi.
Paxta mavsumida paxta terayotgan o‘quvchilar o‘rniga parta va portretlar dars o‘tadi.
Buxoroning Olot tumanidagi maktabda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari paxta mavsumi davomida o‘tilmagan dars soatlarini rasmiylashtirib bermagani uchun hayfsan oldi.

Buxoro viloyatining Olot tumanidagi 4-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘aybulla Bektoshevga Olot tumani xalq ta‘limi bo‘limi mudiri e‘lon qilgan hayfsan pochta orqali yuborildi.

O‘qituvchining aytishicha, bu hayfsanning e‘lon qilinishiga, uning maktab direktori va xalq ta‘limi bo‘limi mudirining g‘ayriqonuniy topshiriqlarini bajarmagani sabab bo‘lgan:

- Mana 19 sentyabrdan o‘quvchilar hech qanday buyruqsiz, farmoyishsiz paxtaga chiqib ketdi. Keyin 17 oktyabrdan darsga keldilar. Rayono mudiri meni majbur etmoqchi bo‘ldiki, paxta vaqtida ham o‘qildi deb, o‘qituvchilarga ish haqi tabelini yozasan, dedi. Men noqonuniy ish qilmasligimni aytganimdan keyin pochta orqali menga hayfsan berdi, “o‘z vakolati doirasidagi vazifasini bajarmadi”, deb,- deydi G‘aybulla Bektoshev.

Direktor o‘rinbosariga ko‘ra, “o‘tilmagan darslar uchun tabel yozgin” degan talab maktab direktori va xalq ta‘limi bo‘limi mudiri tomonidan bir necha bor qo‘yilgan. Biroq G‘aybulla Bektoshev bunga asos talab qilgan:

- “Paxtaning buyrug‘ini ber qo‘limga, dedim. O‘qituvchi haqiqatan paxtada yuribdi. Paxtaga chiqqanligi uchun moliya tomondan haq to‘lansin o‘qituvchiga. Darsini qachon bo‘lsa ham o‘tsinda, darsining ham pulini olsin” dedim. Shunday bo‘lsa ham mana kelib jurnallarni yozdirdi. Hamma joyda ahvol shu. O‘qituvchiga “to‘liq dars o‘tildi” deb oylik keladi. Lekin biz bolani aldayapmizku. Ertaga kelajagimiz nima bo‘ladi? Bir mening maktabimning o‘zida 1780 soat dars qoldirildi, bu ko‘zbo‘yamachilik,- deydi G‘aybulla Bektoshev.

O‘zbekiston xalq ta‘limi tizimida an‘anaga aylanib qolgan tartibga qarshi yillar davomida norozilik bildirib kelishini aytadi u.

G‘aybulla Bektoshev paxta terimi mavsumida o‘tilmagan dars soatlari uchun tabel va sinf jurnallari to‘ldirish g‘ayriqonuniy harakat ekanligi haqida viloyat xalq ta‘limi bo‘limi, respublika Xalq ta‘limi vazirligi va prokuraturaga maktub yozdi. Biroq bu maktublar har safar ko‘rib chiqish uchun viloyat xalq ta‘limi bo‘limiga qaytib kelaverdi.

Qonunni talab qilgan direktor o‘rinbosari G‘aybulla Bektoshevning o‘ziga “vakolat doirasidagi ishni bajarmadi” degan ayb qo‘yilib, unga hayfsan e‘lon qilindi.

O‘qituvchining tuman xalq ta‘limi bo‘limi nazarda tutgan “vakolat doirasidagi ish”i esa tabel va jurnallarni to‘ldirmaganlik bo‘ldi.

Olot tumani va Buxoro viloyati xalq ta‘limi bo‘limlaridan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligining matbuot xizmati rahbari Jahongir Musayev bu masalani o‘rganib chiqishlari va yaqin kunlarda bunga asosli javob berilishini bildirdi.

G‘aybulla Bektoshev ko‘targan muammo bugun nafaqat Olot tumani maktablari, balki barcha paxtakor tumanlar maktablari uchun ham xos ekani aytiladi.

Jizzax viloyatining Zarbdor tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi Ziyodillo Razzoqovning aytishicha, o‘tilmagan darslar uchun sinf jurnallarining to‘ldirishi sobiq ittifoq davridan qolgan "kasallikdir":

- Har yili tekkan kasallik. Paxtada bo‘lamizmi, boshqa joyda bo‘lamizmi shunday kelamizda bizga "berkitilgan" dars soatlari bo‘lsa, o‘tsak o‘tmasak jurnalni qayta to‘ldirib qo‘yamiz. Chunki shunga davlat pul to‘laydida. Mana bugun ham bizda pedsovet bo‘ldi. Pedsovetda aynan shu masalani aytayapti. “Paxtada bo‘lasanmi bu har yilgi traditsiya. Qayoqqa borsang boravergin. Majbursan. O‘shani qayd qilib to‘ldirib qo‘yasan” deb aytiladi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyat. Lekin bundan ko‘z yumishga majburmiz,- deydi Ziyodillo Razzoqov.

Surxondaryo viloyatidagi maktablardan birining ismi sir qolishini istagan direktori bu xususda gapirar ekan “bu yolg‘onlar uchun o‘quvchining ko‘ziga qarashga ham odam uyaladi”, deya ta‘kidladi:

- Shu jurnalni yozasan, deydi. Dars o‘tdi, deb yozdiradi. O‘qituvchi o‘quvchining oldida muttaham bo‘ladida. Kimgadir tavakkal baho qo‘yadida. Ba‘zan o‘qituvchi bo‘lganingga ham achinib ketasan-da. Bolalarning ko‘ziga qarashning o‘zi og‘ir bo‘ladi,- deydi maktab direktori.
XS
SM
MD
LG