Линклар

O‘zbek diplomatlari xulqi yana muhokamada



Inson haqlari himoyasi talabi bilan O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari tez-tez piket qilinadi

Inson haqlari himoyasi talabi bilan O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari tez-tez piket qilinadi

Bunga esa¸ Germaniyadagi o‘zbek diplomatining kazinoda 35 ming yevro yutqizib¸ pulni davlat g‘aznasidan to‘laganiga oid xabar turtki bo‘ldi.

Uzmetronom uchini chiqardi...

“Ishonchli manbalarga ko‘ra¸ kazinodagi katta yutqiziqdan so‘ng oilasi bilan qochib qolmoqchi bo‘lgan o‘zbek diplomati majburiy tarzda O‘zbekistonga qaytarildi. Manbaga ko‘ra¸ 35 ming yevro yutqiziq O‘zbekiston elchixonasi konsullik bo‘limiga qarashli kredit karta bilan to‘langan”¸ deb yozdi 17 noyabr kuni O‘zbekiston hukumati ichidagi ayrim guruhlarga yaqin Uzmetronom internet gazetasi.

Hukumat ichidagi manba tomonidan sizdirilgan bu xabarda¸ O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida ishlab kelgan qimorboz diplomatning kimligi ham¸ voqeaning aynan qachon¸ qayerda bo‘lgani ham¸ bu diplomatning O‘zbekistonga qachon qaytarilgani ham aniq aytilmaydi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi inkor qiladi...

O‘zbekiston diplomatlari tomonidan sodir etilgan yana bir g‘ayrioddiy voqea haqida aniq ma‘lumot olish maqsadida Ozodlik muxbiri dastlab mamlakatning Germaniyadagi elchixonasiga sim qoqdi.

Elchixona matbuot xizmati vakili Mahmud Bobonazarov bunday xabarni mutlaq inkor qildi:

- Bu yerda bunaqa intsidentlar bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Bizda bunaqa narsa¸ intsident bo‘lmagan. Bu bo‘lmagan gap. O‘sha yozgani noto‘g‘ri bu gap¸ dedi Uzmetronom tarqatgan xabarga munosabat bildirgan Germaniyadagi O‘zbekiston elchixonasi matbuot kotibi.

Ayni paytda¸ O‘zbekistondagi diplomatik doiralarga yaqin Ozodlik manbasi¸ Germaniyadagi o‘zbek diplomatlaridan birining Toshkentga chaqiritib olingani va bunga uning katta miqdorda pul yutqizgani sabab bo‘lganini tasdiqladi¸ ammo bu voqeaga bir necha oy bo‘lganini qo‘shib o‘tdi. Bu manba ham qimorboz diplomatning shaxsiga oydinlik kirita olmadi.

O‘zbekistonda kim va qanday diplomat bo‘ladi?

Tafsilotlari hozircha sir qolayotgan Germaniyadagi bu voqea O‘zbekistonning jahon bo‘ylab rasman faoliyat yurg‘izayotgan elchixonalarida kimlar ishlaydi¸ ular o‘zi nima bilan band¸ degan savolni yana bir bor o‘rtaga qo‘ydi.

Bu savolga javob berar ekan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining sobiq xodimi Alisher Taksanov¸ bugunga kelib elchixonalarda yo zari¸ yo zo‘ri borlar¸ ularning bola-chaqalari¸ quda-andalari ishlayotganini aytadi.

- O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimiga Milliy xavfsizlik xizmatini chetlab ishga kirishning imkoni yo‘q¸ gapni shundan boshlaylik. Agar mustaqillikning birinchi yillarida diplomat kadrlarni tanlashda ularning professional saviyasi¸ boshqaruv yoki texnokratik qobiliyati inobatga olingan bo‘lsa¸ keyingi yillarda bu tanlovda qarindosh-urug‘chilik munosabatlari belgilovchi rol o‘ynamoqda. Shuningdek¸ diplomatik lavozimlar ham sotiladigan¸ sotib olinadigan bo‘ldi¸ deydi Alisher Taksanov.

“O‘zbekiston MXX si odatda¸ u yoki bu shaxsni xorijdagi diplomatik vakolatxonaga yuborar ekan¸ o‘ziga pand beruvchi holatlar oldini olishga urinadi. Qimorbozlikka moyil odam MXX filtridan o‘tib Germaniyadagi elchixonaga ishga kelgan ekan¸ aftidan bu yerda MXXni ham pisand qilmaydigan qudratli aloqalar hal qiluvchi rol o‘ynagan bo‘lsa kerak”¸ deb taxmin qiladi o‘zbekistonlik sobiq diplomat.

Uzmetronom internet gazetasiga ko‘ra¸ o‘zbek diplomatlarining qimorxona bilan janjalga birinchi bor tortilishi emas.

“Germaniyadagiga o‘xshash voqea bundan oldin Osiyo-Tinch okean havzasidagi O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy sherigi bo‘lgan mamlakatda (Yaponiya deb o‘qish mumkin – tahr.) ham qayd etilgan edi. O‘shanda davlat xazinasidan to‘langan yutqiziq bir necha o‘n ming AQSh dollarini tashkil qilgan edi”¸ deb yozadi Toshkent hukumati ichidagi ayrim guruhlarga yaqin mazkur gazeta.

O‘zbek diplomatlari xalqaro matbuot shov-shuvida: Shersevar diplomat

2010 yilning 28 may kuni Heraldsun.com sayti tarqatgan xabar bir kunning ichida ko‘plab xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan ko‘chirib bosildi.

Bu xabarga ko‘ra¸ Misrdagi O‘zbekiston elchixonasining axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘z villasida noqonuniy tarzda sakkiz dona sher saqlagan¸ bu ham yetmaganidek¸ ularni noqonuniy so‘yilgan eshak go‘shti bilan boqib kelgan. O‘zbek diplomati va uning Aleksandriya shahri yaqinidagi villasida ishlagan uch misrlik xizmatchiga nisbatan jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik¸ so‘yilgan eshakning qolgan kalla-pochasini axlatxonalarga ochiq tashlash orqali atrof-muhitga zarar yetkazganlik aybi bilan jinoiy ish ochilgan. O‘zbekiston elchixonasi bu haqda hozirgacha rasmiy izoh bermadi¸ ammo diplomatik daxlsizlikka ega bo‘lgan o‘zbek diplomatining Toshkentga chaqirtirilganini taxmin qilish qiyin emas.

Yaponiyadagi o‘zbek vakolatxonasida kichik isyon

O‘zbek diplomatlari xulq-atvori bilan bog‘liq yana bir shov-shuv Yaponiyadagi O‘zbekiston vakolatxonasi diplomat va xizmatchilari ayollari nomidan Nigora Usmonova degan ayol yordam so‘rab O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga murojaat qilgani bilan bog‘liq.

Yaponiyada kuchli zilzila ro‘y berib¸ atom elektr stantsiyasiga shikast yetgani ortidan mamlakat bo‘ylab radiatsiya darajasi oshib borayotgan 2011 yilning mart oyida Centrasia.ru saytida chop etilgan bu maktubda 50 dan ortiq davlat diplomatik vakolatxonalari evakuatsiya qilingan bir paytda¸ elchi Hamidulla Karamatovning Tokiodagi vaziyat haqida markazga batafsil ma‘lumot berishga ruxsat bermaganidan shikoyat qilinadi.

“Karamatovning o‘zi esa me‘yordan ortiq spirtli ichimlik ichish oqibatida paydo bo‘ladigan sharmanda kasallikdan “davolanish uchun” Toshkentga 23 mart kuni jo‘nab ketgan”¸ deyiladi ushbu maktubda.

Odatda bunday hollarda qattiq sukut saqlaydigan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu maktubga bir necha kun o‘tib o‘z rasmiy saytida munosabat bildirdi va Yaponiyadagi o‘zbek diplomatlari oilasida Nigora Usmonova degani yo‘q va maktubda yozilganlarning hammasi tuhmat¸ degan mazmunda bayonot e‘lon qildi. Vazirlik rasmiy saytida Hamidulla Karamatovning 2011 yilning 17 noyabr kuni ham O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi lavozimida qolayotgani qayd etilgan.

Alkogolsevar diplomatlar

2009 yil avgustida Latviya televideniyesi mamlakat bojxona va soliq xizmati ikki oy ichida 6000 shisha alkogol sotib olgan o‘zbek diplomatlarini noqonuniy spirtli ichimliklar savdosiga aloqadorlikda gumon qilayotgani haqida xabar tarqatdi.

Vena konventsiyasiga binoan xorijiy diplomatik missiyalar o‘z ehtiyoji uchun zarur ayrim turdagi mahsulotlarni aktsiz va qo‘shilgan qiymat solig‘isiz, bozor narxlaridan ko‘ra ancha arzonga sotib olishi mumkin. Ana shundan foydalanib o‘zbek diplomatlari 2009 yilning birgina yanvar-fevral oylarida 6000 shisha spirtli ichimlik sotib olgan va O‘zbekiston elchixonasi ehtiyojidan ancha katta buncha alkogol Latviya tegishli idoralarida kuchli shubha uyg‘otgan. Bu holatda ham¸ surishtiruvga aloqador o‘zbek diplomatlari Toshkentga qaytib¸ Latviyada boshqa qorasini ko‘rsatmagan.

Fohishasevar diplomat

O‘zbek diplomatlarining xorijda mojaroli vaziyatlarga tushganiga oid yana bir voqeani sobiq diplomat Alisher Taksanov hikoya qiladi.

- Esimda bor¸ men Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasida ishlab yurgan paytimda¸ bir kun hammamizni chaqirib¸ Tashqi ishlar vazirining o‘zbek diplomatlarining islovatxonalarga borishi taqiqlanadi¸ degan buyrug‘ini o‘qib berishdi. Avvaliga bunaqa buyruqdan hayron bo‘ldik¸ kuldik¸ ammo keyin bilsak¸ AQShdagi O‘zbekiston elchixonasining o‘shandagi 3-kotibi fohisha qizni chaqirtirib¸ ish bitgach¸ unga haqini to‘lamabdi. O‘zbek diplomati “Men seni falon firma orqali yolladim¸ pulni ham o‘shalarga to‘ladim” desa¸ fohisha qiz “Men bunday firmani bilmayman¸ pulni o‘zimga berasan”¸ deb turib olibdi. Janjal kattalashib¸ fohisha ayol politsiya chaqiribdi. Voqea jinoiy tus olmasin¸ deb O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu diplomatni darrov chaqirtirib oldi va mojaro bosdi-bosdi bo‘lib ketdi¸ deb eslaydi o‘zbekistonlik sobiq diplomat Alisher Taksanov.

Diplomatlar va mojarolar

Diplomat deb atalgan shaxslarning o‘z xulqi atvori¸ noqonuniy hatti-harakati bilan xorijda mojaroli vaziyatga tushishi¸ asosan sobiq SSSR respublikalari elchixonalarida ko‘p uchraydi¸ deydi Turkmanistonning Turkiya va Isroildagi elchisi bo‘lib ishlagan Nurmuhammad Xanamov.

Buning sababi esa¸ imtiyozli bo‘lgan diplomatik sohaga tasodifiy odamlarning borgan sari ko‘proq kirayotgani bilan bog‘liq¸ degan ishonchda sobiq turkman diplomati.

- Bundaylar diplomat maqomini olgach¸ men daxlsizman¸ menga hech kim tega olmaydi¸ bilganimni qilsam bo‘ladi¸ deb bosar-tusarini bilmay qoladi. Alkogol ichib mashina haydash¸ yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol buzish¸ kontrabanda¸ olibsotarlik¸ qimorbozlik¸ fohishabozlik¸ boshqa davlat diplomatlari orasida yakkam-dukkam uchrasa¸ qarindoshi yoki puli orqasidan diplomatik daxlsizlikka ega bo‘lgan biznikilar orasida ancha ko‘p uchraydi. Zotan bundaylar¸ o‘zining xorijda o‘z davlatini tamsil qilishiga aqli yetmaydi. O‘zi bizning elchixonalar o‘z asl funktsiyasi¸ xorijdagi fuqarolari va davlat manfaatlariga xizmat qilish o‘rniga¸ hokimiyatda o‘tirganlarga xizmat qilishga bo‘ysundirilgan. Davlat rahbarlarining xorijdagi moliyaviy oldi-berdilarini yo‘lga qo‘yish¸ ularning dam olishi va davolanishini uyushtirish o‘zbek va turkman elchixonalariga yuklangan asosiy vazifadir¸ deydi Turkmanistonning Turkiya va Isroildagi sobiq elchisi Ozodlik bilan suhbatda.

"Qimorboz"ning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

Har ikkala sobiq diplomat¸ Germaniyadagi o‘zbek elchixonasi xodimining kazinoda 35 ming yevro yutqizib¸ bu pulni O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limi kredit kartasi bilan to‘laganiga oid xabar¸ agar tasdig‘ini topsa¸ janjalga loyiq voqea ekanini e‘tirof etadilar.

Ayni paytda¸ bu ishni qilgan diplomatga qanday jazo berilishi¸ qilingan ish emas¸ bu shaxsni Germaniya kabi muhim mamlakatga diplomat qilib yuborganlar¸ ya‘ni uning ortida kimlar turgani¸ homiylarining prezident Karimov o‘ynayotgan shaxmat taxtasidagi roli va ahamiyatiga bog‘liqligini ham ta‘kidlaydi Ozodlik suhbatlashgan ikkala diplomat.
XS
SM
MD
LG