Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:10

Tojik mardikorlari Belarusga ko‘chishlari mumkin


Tojikiston Rossiyadan quvilgan mehnat muhojirlarini Belarusga safarbar qilishga qaror qildi.

Rossiyadan deportatsiya qilinayotgan yuzlab tojikistonliklarning keyingi taqdiri Belarus bilan bog‘lanishi mumkinligi haqida Tojikiston hukumati qoshidagi Migratsiya xizmati raisi Safialloh Devonayev ma‘lum qildi.

Deportatsiyadan cho‘chimang

- Fuqarolarimizning Belarusda faoliyat qilishlari to‘g‘risida shu yil oktyabrida bu mamlakat bilan davlatlararo kelishuv imzolab, allaqachon yo‘l ochib qo‘yganmiz. Fuqarolarimizning Rossiyadan deportatsiya bo‘layotganidan cho‘chimaslik lozim. Biz deportatsiya bo‘lganlarni to‘plab, Belarusga yuboramiz, - dedi 16 noyabr kuni Dushanbeda so‘zlagan tojik rasmiysi Devonayev.

Aytish lozimki, Belarus tojikistonlik mehnat muhojirlari uchun yangi kashf qilingan mamlakat emas. Belarusga tojikistonliklar o‘tgan asrning 90-yillarida, ya‘ni bu mamlakatda boshlanib ketgan fuqarolik urushidan so‘ng kirib borganlar. Lekin ularning Belarusda ishlashi bungacha Dushanbe va Minsk o‘rtasida rasmiylashtirilmagan edi.

Shu yil oktyabr so‘ngida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning Tojikistonga rasmiy safari chog‘ida ikki davlat o‘zaro hamkorligini kengaytirish va takomillashtirish maqsadida davlatlararo oltita shartnoma imzolagandi. Ular orasida “Tojikiston fuqarolarining Belarus hududida vaqtinchalik faoliyati to‘g‘risida”gi shartnoma ham bor.

Moskva va Dushanbe orasidan qachon qora mushuk o‘tdi?

Noyabr oyi boshida Rossiya va Estoniya fuqarolari bo‘lgan ikki uchuvchi Tojikiston janubida qamalganidan keyin Rossiya va Tojikiston munosabatlari taranglashdi.

Ikki oradagi ko‘plab bahslardan keyin Rossiyada tojikistonlik mehnat muhojirlari “migratsiya qonunlariga rioya etmaganlik” vajidan qo‘lga olinib, deportatsiya qilina boshlandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu tadbirlar rus uchuvchilarining Qo‘rg‘ontepada qamalishi bilan bog‘liqdir.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining bildirishicha, ayni paytda mingdan ortiq tojikistonlik yurtiga qaytarilish arafasida turibdi. Rasmiy Dushanbe esa qaytib kelayotgan fuqarolarni ish o‘rinlari bilan ta‘minlash va shusiz ham yomonlashayotgan ijtimoiy ahvolni o‘nglash maqsadida turli choralar ko‘rmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Belarus hukumati bilan bu mamlakatga ishchi kuchini safarbar qilish borasidagi kelishuvning amalga tatbiq qilinishidir.

Belarusda millatchilar yo‘q

Xo‘sh, Dushanbe va Minsk kelishuvi bugun Rossiyadan quvilayotgan tojikistonliklarga asqotadimi? Bu hamkorlikning istiqbollari qanday?

Iqtisodiy tahlilchi Hojimuhammad Umarov mulohazasicha, bu yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlik tojikistonlik mehnat muhojirlarini muhtojlik domidan saqlabgina qolmay, balki ularning Belarus yerida yangi kasbu hunar o‘rganishlariga ham yo‘l ochadi.

- Chunki Belarusda bizning fuqarolarimiz ham sanoat korxonalarida faoliyat qila oladi. O‘z faoliyati davomida ular malakasini oshirish barobarida boshqa kasbu hunarlarni o‘rganishlari ham mumkin. Belarusning Rossiyadan afzal jihatlari juda ko‘p. Masalan, u yerda Rossiyadagidek millatchilar yo‘q. Boshqa tomondan, bu mamlakat bir yil davomida istagan kishiga fuqarolik beradi, - deydi mustaqil tahlilchi Umarov.

Tahlilchining aytganlari Belarusning Borisov shahrida faoliyat yuritayotgan tojikistonlik Husniddin bilan suhbatda tasdiqlandi.

Husniddin o‘z oilasi bilan 1995 yil u tomonga ko‘chib ketgan ekan. Hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan bu yigit belaruslarning markaziy osiyoliklarga nisbatan juda yaxshi munosabatda ekanini aytdi.

- Belarus xalqi bizni juda hurmat qiladi. Bu yerda: “Sen u yerliksan, bu yerliksan”, degan ta‘na-dashnom yo‘q, huquqlarimiz himoyalangan. Faqat qonunni buzmasangiz bas, u yog‘i o‘z yurtingizda yashagandek erkinsiz, - deydi Husniddin.

Suhbatdoshimiz turmush o‘rtog‘i Nargisxonning Borisov shahridagi un kombinatida hisobchi bo‘lib ishlayotganini va yaxshigina maosh ham olayotganini qo‘shimcha qildi.

Belarusda muammolar yo‘q emas

Asnoda boshqa bir guruh tahlilchilar tojikistonlik mehnat muhojirlarning hammasi ham Belarusda yashash va ishlashga rozi bo‘lishiga shubha qilmoqdalar.

Tahlilchi Bobojon Ikromov buning sababini Belarusda valyuta almashtirishdagi muammolar bilan izohlaydi.

- Rossiyada ishlayotgan yurtdoshlarimiz hech qachon bunday muammo bilan duch kelmaydi. Chunki har qadamda valyuta almashtirish shahobchalari bor. Belarusda esa bu operatsiya faqat banklarda amalga oshiriladi, - dedi tahlilchi Ikromov.

“Birgina bu emas, - deya so‘zida davom etadi tahlilchi, - taxminan 9,5 million aholiga ega bo‘lgan kichkina respublika - Belarus millionlab mehnat muhojirlarini qabul qilish imkoniyatiga ega emas”.

Ayni paytda rasmiy Dushanbe o‘z fuqarolarining Rossiya hududida qolishi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solayotgani ma‘lum bo‘ldi.

Tojikiston Migratsiya xizmati mulozimlarining bildirishlaricha, respublika Tashqi ishlar vaziri Hamraxon Zarifiy boshliq tojik delegatsiyasi yaqin kunlarda Moskvaga jo‘naydi. Safari davomida hukumat delegatsiyasi mehnat muhojirlari bilan bog‘liq ravishda vujudga kelgan vaziyatni yumshatish uchun Rossiyadagi tegishli davlat idoralari mas‘ullari bilan muzokaralar o‘tkazadi.
XS
SM
MD
LG