Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:43

Peterburgda o‘zbek aravakashlari mushtlashdi


O‘zbek mardikorlari orasidagi mushtlashuv "OKEY" supermarketidagi hammollik ish o‘rinlari ustida chiqqani aytilmoqda.
O‘zbek mardikorlari orasidagi mushtlashuv "OKEY" supermarketidagi hammollik ish o‘rinlari ustida chiqqani aytilmoqda.
Sankt-Peterburgdagi “Okey” gipermarketida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari o‘rtasida ommaviy janjal chiqdi. Mushtlashuv oqibatida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.

14 noyabr kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Nevskiy tumanidagi “OKEY” gipermarketida 20 dan ziyod o‘zbekistonlik aravakash, hammol va chetdan kelgan boshqa o‘zbek mardikorlari o‘zaro mushtlashdilar.

Bu haqda Ozodlik Radiosiga izoh bergan Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati IIBsi bo‘lim boshlig‘i Vyacheslav Stepchenkoga ko‘ra, mehnat muhojirlari ish o‘rinlarini talashib janjallashgan.

- Mushtlashuvda faqat bir mamlakat fuqarolari, ya‘ni O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etgan. Mushtlashuv sabablari aniqlanmoqda, lekin dastlabki taxminlarimizga ko‘ra, ommaviy janjal ish o‘rinlari ustida boshlangan,- dedi Vyachechlav Stepchenko.

Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysining aytishicha, dushanba kuni kechki soat 12 lardan o‘tganda gipermarketda savdo telejkalarini tashib yuradigan o‘zbek yigitlari bir necha hamyurtlari bilan janjallashib qolgan. Dahakaki jang tezda mushtlashuvga aylanib, murosaga kela olmaganlar solishib ketgan.

“Oqibatda, 38 va 40 yoshda bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik Peterburgning Aleksandrovskiy shifoxonasiga olib ketildi”,- deydi Vyacheslav Stepchenko.

Ozodlik muxbiri jarohat olgan o‘zbekistonlik muhojirlarning hozirgi ahvolini bilish maqsadida Aleksandrovskiy shifoxonasi bilan telefon orqali bog‘landi.

Shifoxona xodimasi haqiqatan dushanba kuni kechasi “OKEY” gipermarketidan shifoxonaga ikki nafar o‘zbekistonlik keltirilgani, ulardan biri o‘ta og‘ir ahvolda ekanini tasdiqladi.

- Bu masala bo‘yicha telefonogramma bo‘ldi, hatto militsiyadan kelib ketishdi. Hozir ular shifoxonamizning neyroxirurgiya bo‘limida yotibdi, - dedi Aleksandrovskaya shifoxonasi navbatchisi.

Politsiya va shifoxona xodimlari jarohatlangan o‘zbeklarning ismi-shariflari haqida ma‘lumot ochiqlanmasligini ma‘lum qildi.

Sankt-Peterburg politsiyachilari aravakashlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuvga vakansiyalar savdosini yo‘lga qo‘ygan va aravakashlik ish o‘rinlarini qayta “sotuvga qo‘ygan” o‘zbekistonlik ayol sababchi bo‘lganini ma‘lum qilishdi.

Hozirda ismi oshkor etilmayotgan bu ayol hibsga olingani aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG