Линклар

Futbol bo'yicha Turkiya terma jamoasidan "haydalgan" bosh murabbiy Gus Xiddink Rossiya Premyer-ligasida o'ynayotgan "Anji" klubiga murabbiy etib tayinlanishi mumkin.

Bir vaqtlar Rossiya terma jamoasini boshqargan va Angliyaning taniqli "Chelsi" klubiga bosh murabbiylik qilgan gollandiyalik Gus Xiddink Turkiya terma jamoasi Yevro-2012 ga chiqa olmaganligi sabab, o'z lavozimidan bo'shatilgan edi.

Goal.com sayti tarqatgan xabarga ko'ra, so'nggi vaqtida bir qator futbol yulduzlarini sotib olgan Maxachkalaning "Anji" futbol klubi Gus Xiddinkga klubga bosh murabbiylik qilishni taklif etgan va unga katta maosh va'da qilgan.

Xiddink bu taklifni na rad qildi, na qabul qildi. Xabarlarga ko'ra, u "Anji" ma'muriyatining bu taklifiga "bir-ikki hafta ichida" javob berishga va'da bergan.

Eslatamiz, Gus Xiddink kabi malakali mutahassisning "Anji"ga bosh murabbiy bo'lishi O'zbekiston futboliga ham katta ta'sir ko'rsatishi mumkin. Chunki O'zbekiston terma jamoasi a'zosi Odil Axmedov ayni damda "Anji" safida to'p surmoqda.

Ayni paytda esa Turkiya terma jamoasi yangi bosh murabbiyga ega bo'ldi. Turkiya o'smirlar terma jamoasiga murabbiylik qilgan va bir qator yutuqlarga erishgan Abdulla Avji Xiddink o'rnini egalladi.

"Chelsi" klubi sohibi Roman Abramovich bilan do'stona aloqada bo'lgan Gus Xiddink rus oligarxiga norasmiy maslahatchi sifatida yordam berishi ham mumkinligi aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG