Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:34

O‘zbek deputatlari 2012 yil byudjeti loyihasini tasdiqladi


O‘tgan ish haftasi so‘ngida O‘zbekiston parlamentining quyi palatasi deputatlari tomonidan 2012 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, soliq va byudjet siyosati konseptsiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti loyihasi muhokama etildi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasi yalpi majlisida “iste‘mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni yanada rag‘batlantirishga, shu jumladan, ularni ishlab chiqaruvchilarga ilgari berilgan soliq imtiyozlarining amal qilish muddatlarini uzaytirish orqali rag‘batlantirishga, kapital qo‘yilmalarga, yo‘llar va qishloqda uy-joylar qurish hamda aholi punktlarini obodonlashtirish ishlari ko‘lamini kengaytirishga ajratiladigan byudjet mablag‘lari va byudjetdan tashqari davlat jamg‘armalari hajmlarini ko‘paytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar batafsil muhokama qilingan”.

- Sanoat sohasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub‘ektlarini jadal rivojlantirishni yanada rag‘batlantirish maqsadida mazkur sohada faoliyat ko‘rsatayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasini 6 foizdan 5 foizgacha pasaytirish nazarda tutiladi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan soliq stavkalarini o‘rtacha ikki barobar pasaytirish ko‘zda tutilmoqda. Soliq siyosati kontseptsiyasida jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha soliq solish shkalasining minimal stavkasini bir foizli punktga pasaytirishga doir chora-tadbirlar nazarda tutilgan bo‘lib, bu aholi real daromadlarining ko‘payishiga xizmat qiladi. Soliq siyosati konseptsiyasida belgilangan ushbu va boshqa rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kelgusi yili mamlakatimiz iqtisodiyotiga soliq yukini 0,7 foizli punktga pasaytirishni ta‘minlaydi, - deya iqtibos keltiradi Regnum axborot agentligi O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi matbuot xizmati xodimi so‘zlaridan.

Unga ko‘ra, 2012 yilda soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish bo‘yicha taklif qilingan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida Davlat byudjeti daromadlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,1 foizni, xarajatlar 22,1 foizni, defitsit esa 1 foizni tashkil qiladi.

Byudjet siyosatiga muvofiq, 2012 yilda yalpi ichki mahsulot o‘sishi 108,2 foizni tashkil qilishi, sanoat mahsulotlari hajmi 108,6 foizga, qishloq xo‘jalik mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 105,8 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi esa 109,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Asnoda o‘zbek rasmiylarining bu kabi nekbinona prognozlariga mustaqil tahlilchilar skeptiklarcha munosabatda bo‘lmoqdalar. O‘zbek rasmiylari taqdim etayotgan ko‘p ma‘lumotlar reallikni aks ettirmasligini ta‘kidlagan iqtisodiy tahlilchilar bunday ma‘lumotlar kimning ko‘zini bo‘yash uchun amalga oshirilayotgani o‘zlari uchun qorong‘u ekanini qayd etmoqdalar.

Masalan, AQSh, Avstraliya va Birlashgan Arab amirliklarida o‘z ofislariga ega bo‘lgan ICM Brokers tashkiloti ekspertlariga ko‘ra, 2011 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda ko‘p oziq-ovqat mahsulotlari narxi 50 foizdan ko‘proq qimmatlagan. O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi esa mamlakatdagi inflyatsiya darajasini 3,6 foiz deb ko‘rsatgan edi.

Mustaqil ekspertlarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti mamlakatda quloch yoygan yashirin iqtisod hisobiga oqsoqlanmoqda, natijada byudjetga kutilgan mablag‘ kelib tushmayapti. Shuningdek, korruptsiya ham iqtisodiyotning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Valyuta konvertatsiyasidagi qiyinchiliklar, davlat xaridi tizimining shaffof emasligi, tahlilchilar fikricha, sarmoyadorlarning O‘zbekistondan qochirayotgan omillardan bo‘lib hisoblanadi.

ICM Brokers tahlilchilari jahon birjalarida kuzatilayotgan bo‘hron (iste‘mol mollarining narxi tushib borayotgani) ham bir qancha mahsulotlar va birinchi o‘rinda paxta xom ashyosini eksport qilayotgan O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun salbiy ta‘sir etishi mumkinligini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG