Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:15

Maqsad nima? Savodsizlarni ko‘paytirishmi?


O‘sh shahar hokimiyati O‘shdagi o‘zbek maktablarini lotin alifbosiga o‘tkazish va darslarni qirg‘iz tilida olib borish tashabbusini ko‘tarmoqda.

O‘sh shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Talay Sobirov, shahardagi o‘zbek maktablarini lotin alifbosiga o‘tkazib, o‘qishni qirg‘iz tilida olib borish davr talabi ekanini aytdi:

- Bu bir zumda amalga oshib ketadigan ish emas. O‘zbek maktablariga lotin alifbosini kiritish kerak va darslarni qirg‘iz tilida olib borish lozim. Sababi, o‘zbek maktabining bitiruvchilari o‘rta yo‘lda qolayapti. Qirg‘iz tilini bilmaydi yoki lotin alifbosini bilmaydi. O‘zbekiston oliygohlariga kirish uchun imtixonda lotin alifbosida yozish kerak, o‘zimizda o‘qiyman desa Qirg‘izistonda barcha oliygohlarda darslar qirg‘iz tilida o‘tkaziladi. Bular qirg‘iz tilini bilishmaydi, qirg‘iz tilida yozishni ham bilishmaydi, - dedi Talay Sobirov.

O‘sh shahar Ta‘lim boshqarmasi rahbari Gulayim Mashrapovaning aytishicha, o‘zbek maktablarini lotin alifbosiga o‘tkazish katta harajatlarni talab qiladi. Bundan tashqari bu ishni amalga oshirishga Qirg‘iziston Maorif vazirligining roziligi kerak:

- O‘qish o‘zbek tilida olib boriluvchi shahardagi 20ta maktab 34 foizgina kitob bilan ta‘minlangan. Agarda aytilayotgan g‘oya amalga oshiriladigan bo‘lsa, aytilgan maktablarning barchasiga kitoblar kerak, kadrlar kerak. Demak bu ishga ham eng avvalo ko‘p pul talab qilinadi. Shuningdek, bu masala so‘zsiz tarzda Qirg‘iziston Maorif vazirligi bilan kelishilgan holda va vazirlik roziligi bilan amalga oshiriladi,- dedi Gulayim Mashrapova.

Aytish joizki, O‘shdagi o‘zbek maktablarida 1999-2000 yillarda haftada 1 soatdan lotin alifbosi fani o‘qitilgan. Keyinchalik lotin alifbosi o‘qitilishi Qirg‘iziston davlat o‘quv dasturidan olib tashlangan va lotin alifbosi darslari to‘xtatilgan.

Ayni paytda O‘shdagi o‘zbek maktabi direktorlari hozircha bu tashabbusdan bexabar ekanlarini aytishmoqda:

- Hali beri bu haqda biz ma‘lumot olmadik. Men hozir bu borada biron narsa ham deya olmayman. Agar lotin alifbosini o‘rgansak, O‘zbekistonda chop etilgan kitoblarni o‘qishda yordami bo‘ladi. Lekin o‘quv rejasi bo‘yicha lotin alifbosi qay darajada o‘rgatilishi to‘g‘risida hech narsa eshitmadik, - deydi O‘shdagi Xamza maktabi direktori Odiljon Turg‘unov.

O‘shlik ayrim ota-onalar ham mazkur tashabbusni qo‘llamasliklarini bildirmoqdalar:

- Biz maktablarda qirg‘iz tili o‘qitilishiga rozimiz. Lekin bu yerda lotin grafikasini o‘qitish borasida gap bormoqda. Menimcha, buning kelajagi yo‘q. Bolalarimiz lotin grafikasini o‘rganib O‘zbekistonga borsa ham o‘qishga qabul qilinmaydi, - dedi o‘shlik Muxtorxon opa.

O‘shda jami 50 o‘rta ta‘lim maktabi bor. Ularning 20 tasida o‘quv o‘zbek tilida olib boriladi.

O‘shlik ayrim mutaxasislar esa, shahar hokimiyatining o‘zbek maktablarini lotin alifbosida qirg‘iz tilini o‘qitish tashabbusini o‘ylamay aytilayotgan quruq so‘z sifatida baholamoqda. Negaki, bunday maktab o‘quvchilari og‘zaki qirg‘iz tilini va yozma lotinni bilishi bilan na O‘zbekistonda va na Qirg‘izistonda o‘qishga kira oladi.

Qo‘shimcha qilib o‘tamiz, shu yilning 30 sentyabr kuni O‘sh shahri meri Melis Mirzaqmatov o‘zbek maktablarida ta‘limni qirg‘iz tiliga ko‘chirish lozimligi to‘g‘risida bayonot bergandi. Shundan so‘ng qirg‘izistonlik o‘zbeklarning iyun fojeasidan so‘ng paydo bo‘lgan tashvishlariga yana bir tashvish qo‘shilgan. Biroq bu masala jamoatchilik orasida katta noroziliklarni keltirib chiqargani sababli amalga oshmay qolgan.
XS
SM
MD
LG