Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:31

O‘zbek qo‘shiqchilari uyatsizlikda ayblandi


O‘zbek qo‘shiqchilari Mustaqillik va Navro‘z bayramlaridagi tadbirlarga pul to‘lab chiqishlarini aytadilar.
O‘zbek qo‘shiqchilari Mustaqillik va Navro‘z bayramlaridagi tadbirlarga pul to‘lab chiqishlarini aytadilar.
"O‘zbeknavo" estrada birlashmasida o‘tkazilgan yig‘inda O‘zbekistonda qo‘shiqchilardan uyatsiz kliplarni suratga olmaslik va axloqli bo‘lish talab qilindi.

"Axloqsiz va uyatsiz san‘atkorlar"


17 noyabr kuni Toshkentda o‘zbekistonlik qo‘shiqchilar ishtirokida o‘tkazilgan “Yuksak ma‘naviyat - san‘atkor odobining mezoni” mavzuidagi yig‘ilishda kliplarda yarim-yalong‘och sahnalar ko‘pligi va san‘atkorlarning ahloqsizligi tanqid qilingan.

So‘nggi 20 yil davomida ilk bor san‘atkorlar sha‘niga bu kabi jiddiy tanqidiy fikrlar bildirilgani aytilayotgan ushbu yig‘ilishda “xulqi buzuq, odob chegarasini bilmaydigan san‘atkorlar” va ularning o‘zbekona mentalitetga mos bo‘lmagan kliplari tanqid qilingan.

O‘zbek san‘atkorlari ijodi va hayotini yorituvchi “Shov-shuv” sayti muharriri Jasur Hamroyev ushbu yig‘ilishda ishtirok etib, bu haqda maxsus maqola e‘lon qildi. Ozodlik bilan suhbatda J. Hamroyev majlis xususida bularni aytdi:

Jasur Hamroyev o‘zbek qo‘shiqchilarining ba‘zilari behayo bo‘lib ketganini aytadi.
Jasur Hamroyev o‘zbek qo‘shiqchilarining ba‘zilari behayo bo‘lib ketganini aytadi.
- Majlisda san‘atkorlarimizning odob-axlohi haqida qayg‘urildi. “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi o‘zining vazifalarini mana shu kunlarda to‘liq ado etayapti degan menda bir tushuncha paydo bo‘ldi va ko‘p san‘atkorlar juda kerakli, jo‘yali fikrlarni o‘zlariga oldi deb hisoblayman. Tanqid qilingan narsaki, bu odilona qaraldi. Haqiqatan adolatli narsa bo‘ldi. Bu yerda klipmeykerlarning xatolari ko‘rsatildi. Qaysiki ma‘noda o‘zimizning mentalitetga xos bo‘lmagan, o‘sha g‘arbga taqlid qilgan san‘atkorlarning kliplaridan lavhalar jamlandi va bu narsa qaysi ma‘noda ko‘rsatildi? Boshqa bir san‘atkorni izza qilish, uning ustidan kulish maqsadida emas. Har bitta odam o‘zining xatosini bilishligi uchun, mana shunaqa xatolarni takrorlamasligi uchun ko‘rsatildi va hamma o‘ziga yarasha xulosa chiqardi deb o‘ylayman,- deydi J. Hamroyev.

Yig‘ilishda ishtirok etgan mutsaddilar “Turli tuman bo‘yoqlarni yuziga surib, allambalo soch turmagi bilan kliplarda namoyon bo‘lish yohud san‘tkorlarning turli bosma nashrlarga uyini, katta basseynini reklama qilib, intervьyu berishlari odobsizlikdan katta nishona” ekanini ta‘kidlaganlar.

Qo‘shiqchilardan Mavluda Asalxo‘jayeva, Davron Ergashev, “Mango”, Husan, Asilbek va Feruza Jumaniyozovaning ayrim kliplari o‘ta sayoz va behayo ekani aytilib, Kanizaning “His et” qo‘shig‘iga ishlangan klip o‘ta shahvoniy deb topilgan.


(Kanizaning shahvoniy deb topilgan “His et”klipi.)

- Mavluda Asalxo‘jayeva va Kaniza degan qizimiz bor. Mana shu Kanizani umuman davolash kerak nazarimda. Chunki Leydi Gaga (Lady Gaga)ga taqlidi kun sayin tomoshabinlar nafratini oshirayaptida. Yana yoshlardan Husan degan bolaning klipi, undan tashqari bir necha yoshlar. Ularga tanbeh ham berildi, tanqid ham qilindi, fikrlar aytildi. Hamma fikrini aytishga imkon topdi. Ko‘p san‘atkorlar fikrlarini bildirdi. Masalan Mavluda Asalxjo‘jayeva o‘zini oqlashga harakat qildi yoki boshqa bitta-ikkita san‘atkorlar ham. G‘ulomjon Yoqubov jo‘yali fikrlar berdi ustoz san‘atkor sifatida,- deydi Shov-Shuv sayti muharriri.

Quyida Jasur Hamroyev bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin:



"Bayram tadbirlaridagi pullik chiqishlar"


"O‘zbeknavo" agentligi yig‘ilishida Toshkentda ijod qiladigan san‘atkorlarning viloyatlarda o‘tadigan mustaqillik bayrami tadbirlarida ishtirok etishi uchun pul so‘rashi ham tanqid ostiga olingan.

Yig‘ilishda ishtirok etgan qo‘shiqchilardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu tanqidni noo‘rin deb hisoblashini aytadi.

"Biz Toshkentdagi Mustaqillik va Navro‘z bayramlarida ishtirok etish uchun 500-1000 dollar atrofida pul bergan paytlarimiz bo‘ladi. Hozir bularning ko‘ziga faqat viloyatlarga borish uchun so‘ralgan 200-300 dollargina ko‘rinayapti. Oldin o‘shani yo‘q qilishsa, biz ham viloyatlardagi tadbirlarga tekinga borardik",- deydi o‘zini oshkor qilishni istamagan xonanda.

Yig‘ilishda Munojat Yo‘lchiyeva, Ozodbek Nazarbekov yoshlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatilgan.

Gugusha tanqiddan chetda qoldi


Yig‘ilishda ishtirok etgan, lekin ma‘lum sabablarga ko‘ra o‘zini oshkor qilishni istamagan xonandaga ko‘ra, yig‘ilishda Gugusha tahallusi bilan ijod qiladigan prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova ishtirokidagi kliplarning yarim-yalong‘och qahramonlari "O‘zbeknavo" yig‘ilishida umuman tilga olinmagan.

Toshkentlik tomoshabinlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytiladigan telekanallarda o‘zbekona mentalitetga to‘g‘ri kelmaydigan kliplar doimiy ravishda namoyish qilib kelinadi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, yig‘ilishda tanqid qilingan kliplarning telekanallar orqali namoyish qilinishiga ham taqiq qo‘yilmagan.
XS
SM
MD
LG