Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:04

O‘zbekiston prezidentining ikki sobiq maslahatchisi hibsga olingani aytilmoqda


O‘zbekiston prezidentining sobiq maslahatchilari Ravshan Muhiddinov va Tursinxon Xudoybergenov hibsga olingani xabari matbuotda paydo bo‘ldi.

Uzmetronom.com saytining 21 noyabrdagi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining huquq-tartibot idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha sobiq davlat maslahatchisi Ravshan Muhiddinov hibsga olingan.

Ravshan Muhiddinov 21 sentyabr kuni prezident farmoni bilan davlat maslahatchisi lavozimidan bo‘shatilgach, Toshkent viloyat prokurori vazifasini bajaruvchisi etib tayinlangan edi.

Toshkent viloyat prokuraturasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Ravshan Muhiddinovning ishdan bo‘shatilishi to‘g‘risidagi buyruq 18 noyabr kuni chiqarilgan va u 19 noyabr kuni rasman ishdan bo‘shatilgan. Ayni paytda uning o‘rniga Yusuf G‘oyipov tayinlangan.

Biroq Toshkent viloyat prokuraturasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ravshan Muhiddinovning hibsga olingani haqidagi ma‘lumotni na tasdiqladi va na inkor qildi.

19 noyabr kuni Uzmetronom.com sayti O‘zbekiston prezidentining yana bir sobiq maslahatchisi, ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vaziri Tursunxon Xudoybergenovning ham hibsga olingani haqidagi xabarni e‘lon qildi.

Sayt ma‘muriyati Ozodlik bilan suhbatda bu xabarlarning haqiqat ekaniga o‘zining ishonchli manbalariga tayangan holda kafolat berishini aytdi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri yordamchisi Dilshod Inomov esa T. Xudoybergenovning hibsga olinganini butunlay inkor qildi.

- O‘sha saytdagi maqoladan xabarimiz bor. Lekin bu bo‘lmagan gap. O‘zlari hozir bosh vazir topshirig‘i bilan Angrenda yuribdi. Qamchiq dovonidagi yo‘l tozalash ishlarini qishki mavsumga tayyorlash bo‘yicha vaziyatni o‘rganayapti,- dedi Dilshod Inomov.

Vazir ad‘yutanti o‘z so‘zlariga dalil sifatida xabarning norasmiy manbada e‘lon qilinganiga e‘tibor qaratdi hamda bir kun avval T. Xudoybergenov bilan uchrashganini ta‘kidladi.

- Bu rasmiy bo‘lmagan sayt. Hukumat sayti emasku. Hukumat tomonidan chiqarilgan portalda yozilmaganku. Rasmiy bo‘lmagan odamlar yozayapti.
Agar ishonmayotgan bo‘lsangiz, keling kabinetlarida kechqurin soat oltidan keyin bo‘ladi. Bu xabar 19 noyabrda berildi. U kishi uch kundan buyon 19 va 20 noyabrda ham Angrenda edi. Shanba, yakshanba kunlari men o‘zim ham ular bilan birga edim,- dedi Dilshod Inomov.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 2010 yil 12 mart kungi farmoniga ko‘ra, Tursinxon Xudoybergenov O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlari vaziri lavozimiga tayinlangan.

General Tursinxon Xudoybergenov va Ravshan Muhiddinov O‘zbekiston prezidentining xuquq-tartibot, kuch ishlatar va fiskal tuzilmalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi lavozimida ishlagan edilar.

Toshkent Davlat uriversitetining Yuridik fakultetini tamomlagan 47 yoshli Ravshan Muhiddinov 2007-2011 yillar oralig‘ida O‘zbekiston Adliya vaziri lavozimida ishlagan.

2006-2007 yillarda esa Muhiddinov Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Xabarlarga ko‘ra, aynan Ravshan Muhiddinov O‘zbekistonda xususiy notariuslarning yopilishiga olib kelgan "Notariat to‘g‘risida"gi qonun tashabbuschisidir.

Uzmetronomning yozishicha, Ravshan Muhiddinov Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga yaqin amaldorlardan biridir.

Hozirgi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi bo‘lgan kezda, ya‘ni 2000-2005 yillar oralig‘ida Ravshan Muhiddinov Jizzax viloyati prokurori bo‘lib ishlagan.

Ayni paytda O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari Muhiddin Qiyomovning iste‘foga chiqqani ham aytilmoqda.
XS
SM
MD
LG