Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:21

Blog: Qadrdonim Pechkajon


Har yilgi qishning qayralgan qilichi damini kesadigan beminnat yordamchimiz bor.

Ko‘chaning sovug‘idan uyga qochib kiramizu uni quchamiz. Ko‘kargan qo‘llarimizni toblaymiz - isitamiz.

Yoniga kirvolib mushukning bolasiday mudraymiz. Uyqumiz qochsa goh u yonimiz, goh bu yonimiz bilan suyanvolib kitob o‘qiymiz.

Ustida choy qaynatamiz, taom pishiramiz.

Qish ichi qo‘shnidan yaqin, qarindoshdan mehribonroq u.

Qish ichi hammamiz uning atrofida.

Bahor kelib, kunlar ilishi bilan devorlarning ichiga qurilganlaridan boshqasini tashqariga haydaymiz. Bahor, yoz, kuz ichi u bostirmalarda, omborxonalarda, og‘ilxonalarda chang bosib yotadi.

“Peshonasi yaltiroq”lari yozgi o‘choqboshida ustal bo‘lib xizmat qiladi.

Qishda qadrli, yozda qadrsiz bu matohning turi ko‘p. To‘rtburchagi bor, dumalog‘i bor. Darozi bor, pakanasi bor. Temirdan qilishadi, tunukadan yasashadi, cho‘yandan quyishadi.


Pechkajonlarning aslzodalari, kiborlari ham bor. Ularni Farangistondan, Olmondan va yana allaqayerdagi ajib makondan aslzodalar, kiborlar olib keladi.

Lekin bugun gap oyimcha pechkalar haqida emas, mehnatkash pechkalar ustida.

Allaqachon tushundingiz. Gap pechka ustida, Qadrdonimiz Pechkajon ustida ketayapti.

Yo‘qchilik kishini ijodkor qiladi. Yoqilg‘i taqchilligi ijodkor qanotini burgut qanotidan uzunroq qiladi.

O‘shlik tinglovchimiz jo‘natgan mana bu pechkaning o‘zi bir dunyo, nomi – boshqa dunyo!

Tarakan pechka.
Tarakan pechka.
“Tarakan” pechka gaz yoqishga mo‘ljallangan. Uning suratini ko‘ringu risoladagiday bosim bilan keladigan gazning vozillab zangor yonishini tasavvur qiling.

Pechka bir lahcha cho‘qqa aylanib ketdimi? Uyingiz Toshkent bo‘pketdimi? Voh-voh, pah-pah!

Lekin o‘shlikning “Tarakan” pechkasi buxorolikning ixtirosi oldida hechdir.

“Tarakan” - gaz bo‘lmasa, yaroqsiz matah.

Buxorolikniki – gazbop, o‘tinbop, ko‘mirbop, tezakbop.

Ixtirochi bilan tunov kuni gaplashgandik:

Ozodlik: Tushuntirib bering yangi pechkangizning o‘zgachaligini.

- Ixtiro qildik.

Ozodlik: Nima yoqasiz bunda?

- O‘tin.

Ozodlik: Gaz ham yoqsa bo‘ladimi?

- Gaz ham yoqsa bo‘ladi gaz bo‘lsa agar.

Ozodlik: Hamma pechkada ham o‘tin yonadi, hamma pechkada ham gaz yonadi, ko‘mir yonadi. Siz ixtiro qildik deyapsiz. Nimasini ixtiro qildingiz?

- Pechkaning ichidan trubalarni o‘tkazdik. Keyin olov yoqqan paytda ham bu yoqdan kirib havoni qizitadida ichkaridan yana. Olov trubaga boradiku ichkaridan. Trubaning ichidagi havoni qizitib, xonaga haydaydida, degandi buxorolik fermer.

Tojikistonlik Xidirali aka ham pechkasini “Pechkajon” deydi. Pechkajonining temiri avvalgi hayotida “mayxo‘r” bo‘lgan.

- Yonimizda sadvinsovxoz bor edi. Sadvinsovxoz ishdan qolgandan so‘ng bochkalarining hammasini sotishdi. Shu bochkaning hammasi pechkaga aylandi.

Ozodlik: 200 litrlik bochkamidi?

- Yo‘q, ular 25-30-50 tonnalik bochkalar, deydi Xidirali aka.

Xidirali aka mehribonining qaddi-basti ta‘rifini o‘xshatib keltiradi.

- To‘rtburchak tunukadan qilingan. Bochka kesilganda endi. Pechkamizning uzunligi 80 santimetr. Eniga 40 santimetr. Balandligi oyoqlari bilan oladigan bo‘lsangiz, yerdan 70-80 santimetr balandlikda.

Ozodlik: Nima yoqasiz unga?

- Bizning Tojikistonda yoqadigan narsa o‘tin. Daraxt o‘tin yoqadiganimiz, deydi Xidirali aka.

Qo‘qonlik Baxtiyor akaning pechkasi ham avvalgi hayotida bochka bo‘lgan. Faqat Xidirali aka aytgan tsisterna bochka emas, oddiy bochka bochka.

Baxtiyor aka gapni uzoqroqdan boshladi.

- Men o‘zi uyimni suv bilan isitadiganga moslagan edim. Lekin gaz yo‘q, svet ham yo‘q. Issiqxonam bo‘lardi. Issiqxonamga 200 litrlik bochkani o‘tin yoqadigan qilib moslagan edim. Hozir katta uyimga olib kirib, o‘shanga o‘tin yoqayapman, deydi Baxtiyor aka.

Baxtiyor akaning ikki yuz litrli pechkasini tasavvur qildingizmi? Undan chiqayotgan ikki yuz litrli issiqnichi?

Mazza qildingizmi? Isib ketdingizmi?

Hali rosmana boshlanmagan, boshlansa tugamay qon qiladigan qishning qayralgan qilichi damini kesadigan pechkajonlar to‘g‘risida bir iliq gap aytgimiz kepketuvdi, aytdik.

Balki, siz tinglovchi ham qo‘shningizdan yaqin, qarindoshingizdan mehribon, minnatdorchilik tama qilishni bilmaydigan beminnat yordamchiningiz to‘g‘risida, hikoya qilib bermasangiz ham, suratini jo‘natarsiz?

Tortinmay jo‘natavering. Saytimizdagi maxsus galereyadan joy beramiz, deb Sarvar Usmon.
XS
SM
MD
LG