Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:31

Norvegiyadan deportatsiya qilingan Zarifa Yusupova ozodlikka chiqarildi, ammo ozod bo‘lmadi


Keyingi yillarda O‘zbekistonni tark etayotganlarning aksari Skandinaviya davlatlaridan boshpana so‘ramoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekistonni tark etayotganlarning aksari Skandinaviya davlatlaridan boshpana so‘ramoqda.
Norvegiyadan deportatsiya qilingan Yusupovaga nisbatan tergov-surishtiruv jarayoni to‘xtamagani aytilmoqda.

Asli sirdaryolik, 1971 yilda tug‘ilgan Zarifa Yusupova 10 noyabr kuni ikki farzandi — Muyassar va Firdavs Jo‘rayevlar bilan Toshkent aeroportiga kelgach qo‘lga olingan va besh soat davomida ushlab turilgan edi.

Norvegiyadan deportatsiya qilingan ayolning bolalari 5 soatdan so‘ng qarindoshlariga topishirilgan, ayolning o‘zi esa hibsga olingan edi.

Oradan 12 kun o‘tib, Zarifa Yusupovaning ozod qilinganini xabar qilayotgan Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva bu bilan ayol to‘la ozod bo‘ldi, deyishga erta ekanini aytmoqda.

- Bilasizmi, haliyam unga nisbatan ayblov hozirlanmoqda va hozir bu ayolga nisbatan ta‘qiblar to‘xtadi, deyish mumkin emas. Uning musodara qilingan kompyuteri ham qaytarilgani yo‘q. Bolalari hanuz o‘qishga qo‘yilmagan. Xullas, hozir bu ayol hibsda emas, ammo ozod ham emas,- deydi Nadejda Otayeva.

Diniy e‘tiqodi bois, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ta‘qibiga uchraganini aytgan Zarifa Yusupova hamda uning turmush o‘rtog‘i 2009 yilda O‘zbekistonni tark etib, Norvegiyaga borgan.

Norvegiya Migratsiya xizmati bu oilaning qochqinlik maqomi so‘rab, qilgan murojaatini yetarli dallilar taqdim etilmagani bois rad etgan va 2010 yilning sentyabrida bu oilani O‘zbekistonga deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

2011 yilning noyabrida qaror ijrosiga kirishilgan va o‘sha kezda oilasi bilan birga bo‘lmagan Muzaffar Tafarov Norvegiyada qolgan, uning oilasi esa hech bir hujjatsiz O‘zbekistonga jo‘natilgan edi.

Inson huquqlari himoyachisi Nadejda Otayeva Norvegiya politsiyasining qarori xato bo‘lgan, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, bu oila haqiqatdan ham diniy e‘tiqodi uchun O‘zbekistonda tazyiqqa uchragan.

- Biz bu ayolning migratsiya xizmatiga yozgan arizasini o‘qiganimizda uning ahvoli to‘liq yozilmaganini ko‘rdik. Gap shundaki, ko‘pchilik o‘zbekistonliklar yurtida qolgan yaqinlaridan xavotir qilib, bundan tashqari, xorij maxsus xizmatlarining bu ma‘lumotlarni O‘zbekistonga bermasligiga ishonmagani bois ahvolini ochiq yozmaydi, - deydi Nadejda Otayeva.

Inson huquqlari faollari va Norvegiyadagi o‘zbek jamoalari yetakchilaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu mamlakatning Migratsiya xizmati keyingi yillarda boshpana so‘rab, murojaat qilgan ko‘plab o‘zbekistonlikning so‘rovini qondirmagan.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 2011 yilning boshida Norvegiyada qochqinlik so‘ragan 400 nafar o‘zbekistonlikka rad javobi berilgan.

O‘zbekistonda diniy va siyosiy qarashlari uchun tazyiq qilinayotganini aytib, Yevropa davlatlari, xususan, Norvegiyadan boshpana so‘rayotgan o‘zbekistonliklarga rad javobi berilishi hollari ko‘paygani sababi sifatida ko‘pincha da‘volarning yolg‘on ekani rasman sabab qilib keltiriladi.

O‘z vaqtida bu haqda Ozodlikka so‘zlagan Norvegiya Migratsiya xizmati mulozimi Kirstn Muyre (Kirstn Myhre) bunga oid ko‘plab faktlar aniqlanganini aytgan edi.

- Boshpana so‘rovchilarning ba‘zilari masjidda namoz o‘qiëtganda xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ta‘qib etilganini, ba‘zilari hukumat o‘zini Hizb ut-Tahrir guruhiga a‘zolikda ayblaëtganini, hibsga olinganini da‘vo qiladi. Aynan qachon, qayerda, qaysi ayb bo‘yicha, deb so‘rasangiz, biror aniq ma‘lumot bera olmaydi yoki bir gapi ikkinchisini inkor qiladi,- degan edi Migratsiya bo‘yicha Norvegiya boshqarmasi rasmiysi Ozodlikka.

Huquq faoli Nadejda Otayeva ham bunday holatlar mavjudligini e‘tirof etar ekan, soxta qochqinlar haqiqatda ko‘paygani va bu ish bilan shug‘ullanib, pul topish yo‘liga o‘tgan jinoiy guruhlar shakllanib ulgurgani haqida so‘zladi.

- Bilasizmi, odamlarni qochqin sifatida Norvegiyaga olib kelgan va keyinchalik ularni turli ishlarga joylashtirib, mehnat muhojirlariga aylantirish bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik jinoiy guruhlar aniqlangan. Afsuski, shu kabi holatlar Zarifa Yusupova kabi haqiqatda boshpanaga muhtoj, haqiqatda repressiv rejimdan qochgan qochqinlarning hayotiga katta xavf solmoqda. Shu bois, bu borada mas‘uliyat ko‘proq murojaat qilgan qochqinlar ustidan ko‘proq ishlashga majbur bo‘lgan migratsiya xizmatlari zimmasida qolmoqda, - deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otayeva.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Ozodlik bilan suhbatda soxta qochqinlar orasida murojaati nohaq inkor qilingan va O‘zbekistonga deportatsiya qilinayotgan qochqinlar, odatan, hech bir hujjatsiz qaytarilishi hamda O‘zbekistonda ularning deyarli hammasiga jinoyat ishi ochilishi, ularning aksariyati mamlakatni tark etish huquqidan mahrum etilishini aytadi.

Xususan, 22 noyabr kuni ozod etilgan Zarifa Yusupova ham ayni kezda mamlakatdan chiqib ketish huquqiga ega emas. Shu bois, uning o‘zi va oila-a‘zolari xorij matbuotiga so‘zlashdan tiyilishga majbur ekanini aytmoqdalar.
XS
SM
MD
LG