Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:13

Huquq faolidan tilxat qiynoq ostida yozdirib olingan


A. Farmonovdan yozdirib olingan tilxat O‘zbekiston hukumati hisobotlariga tirkalgani aytilmoqda.
A. Farmonovdan yozdirib olingan tilxat O‘zbekiston hukumati hisobotlariga tirkalgani aytilmoqda.
O‘zbekistonlik inson huquqi faoli A‘zam Farmonovning turmush o‘rtog‘i Ozoda Yoqubovaning aytishicha, uning eridan “qamoqdagi hamma sharoitlar yaxshi, qiynoqlar umuman yo‘q” mazmunidagi tilxat qiynoqlar ostida yozdirib olingan. O‘zbekistonlik huquq faollarining aytishicha, A. Farmonovdan olingan tilxat rasmiylar YeXHT sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazgan majlisga taqdim qilingan hisobotga tirkalgan.

O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdaryo viloyati bo‘limi sobiq raisi A‘zam Farmonov bundan ikki oy avval o‘zi jazo o‘tayotgan muassasa nozirlariga “qamoqxonadagi sharoitlar yaxshi ekanligi, mahkumlarga nisbatan yaxshi muomalada bo‘linayotgani, qiynoqlar qo‘llanilmayotgani” haqida tilxat yozib bergan.

A‘zam Farmonovning turmush o‘rtog‘i Ozoda Yoqubovaning Ozodlikka aytishicha, bu tilxat mahkumdan qiynoqlar vositasida yozdirib olingan. O. Yoqubova bu haqda 13 noyabr kuni Jasliqdagi 64/71 sonli jazoni o‘tash muassasasida eri bilan uchrashganda bilganini aytadi:

- Xo‘jayinimning aytishi bo‘yicha, avgust oyida men svidaniyedan chiqib ketganimdan keyin ertasi kuniëq olib chiqib qiynoqqa tutishgan. Tushuntirish xati ëzib berasan, deb majburlashgan. Tushuntirish xati ëzishdan bosh tortganlaridan keyin qiynashni boshlagan. Muassasa boshlig‘ining tezkor ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, militsiya kapitani Vaysniyozov Shavkat qiynagan. Ëzib berasan, deb majburlagan. Bo‘ynidan bo‘qqan, tepgan, qorinlariga rosa tepgan, shunaqa qilib juda qattiq qiynoqqa solgan. “Orqangdan keladigan bola-chaqangni ham o‘ldirtiraman" degandan keyin majbur bo‘ldim ëzishga, ular meni qiynab tushuntirish xatini ëzdirib olishdi” deb menga aytib berdilar,- deydi O. Yoqubova.

U o‘z turmush o‘rtog‘ining avval ham ikki marta qiynoqlar ostida ayni mazmundagi tilxatlar yozib berganini qo‘shimcha qiladi.

Aslida, deya davom etadi O. Yoqubova, Jasliqdagi mahkumlarning ahvoli kun sayin yomonlashmoqda. Bu qamoqxonadagi mahbuslarga berilayotgan ruhiy azobga misol keltiradi.

- Hammasi kamerniy sistemada o‘tirishadi. Bir soat tashqariga progulkaga olib chiqishadi. Boshqa payt hammasi kameraning ichida. Bitta kameraning ichida 10-12 tagacha odam bo‘lar ekan. 5,5 yildan beri ishga olib chiqqani yo‘q. Sog‘liqlari yomon, mana 2 yildan beri tanalarida, oëqlarida, qo‘llarida bezlar paydo bo‘lgan. Oëq-qo‘lini 20 dan ortiq bez bosgan. Bu kam harakatlikdan, bir joyda uzoq muddat o‘tirganlikdan paydo bo‘ladigan bezlar,- deydi Ozoda Yoqubova.

Inson huquqi himoyachilarining aytishlaricha, O‘zbekiston qamoqxonalarida bugun o‘ndan ortiq inson huquqi himoyachilari qolmoqda. Ulardan yozdirib olinayotgan bunday tilxatlar esa, O‘zbekiston hukumati inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga taqdim etadigan hisobotlarda qamoqxonalarda qiynoq yo‘qligiga dalil sifatida keltirilishi aytiladi.

Ayni paytda Frantsiyada yashayotgan O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining sobiq raisi Tolib Yoqubovning aytishicha, A‘zam Farmonov yozib bergan tilxat shu yilning sentyabr-oktyabr oylarida YeXHTning Varshavada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘zbekiston hukumati tomonidan taqdim qilingan:

- Bu kengashga O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi ham kelgan. Tashqi ishlar vazirligining vakili hisobot bergan. O‘sha hisobotga bir qancha huquqbonlardan ëzdirib olingan xatlarni kiritishgan. Nima uchun? Xalqaro demokratik hamjamiyatni laqillatish uchun, aldash uchun O‘zbekiston hukumati mana shunaqa hisobotlar ëzadi. Ana shu maqsadda A‘zam Farmonovdan ham ëzdirib olishgan. A‘zam Farmonov oddiy huquqbon emas. U O‘zbekiston inson huquqlari jamiyatining Sirdarë viloyat bo‘limining raisi bo‘lgan o‘z vaqtida. Tabiiy, undan ëzdirib olinsa, hukumatning hisoboti ancha salmoqli bo‘ladi,-deydi O‘zbekiston inson huquqlari jamiyati sobiq raisi Tolib Yoqubov.

A. Farmonov 2006 yilning 29 aprelida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining “tovlamachilik”da aybdor deb topilib, sud hukmi bilan 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Inson huquqlari uchun Xalqaro Federatsiya “O‘zbekiston deb nomlangan qamoqxona” veb-sahifasida qamoqda qolayotgan 13 nafar huquq faolining ismi-sharifini keltiradi.

Bular - Habibulla Oqpo‘latov, A‘zam Farmonov, Nasim Isohov, Jamshid Karimov, Yo‘ldosh Rasulov, Zafar Rahimov, G‘anixon Mamatxonov, G‘oybullo Jalilov, Alisher Karomatov, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayyid, A‘zam Turg‘unov va Abdurasul Xudoynazarovlardir.
XS
SM
MD
LG