Линклар

Yirik g‘arb davlatlari Eronga yangi sanktsiyalar joriy qildi


AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton birgalikda ko‘rilgan choralar Eronga bosimni kuchaytirishini urg‘uladi.

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton birgalikda ko‘rilgan choralar Eronga bosimni kuchaytirishini urg‘uladi.

AQSh, Britaniya va Kanada yadroviy dasturdan voz kechmayotgan Tehronga nisbatan yangi sanktsiyalar joriy qilinganini e‘lon qildi.

21 noyabr kuni Vashingtonda so‘zlagan AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton birgalikda ko‘rilgan choralar Eronga bosimni kuchaytirishini ta‘kidladi.

Klinton AQSh Prezidenti Barak Obama Tehron byudjetining 70 foizini tashkil qiladigan Eronning neft va gaz sanoatiga qaratilgan sanktsiyalarni kengaytirish haqidagi farmonga imzo chekkanini qo‘shimcha qildi.

- Prezident Obama ilk bor aynan Eronning neft-kimyo sanoatiga qarshi qaratilgan farmonni imzoladi. Bu soha eksport daromadining asosiy qismini tashkil qiladi va taqiqlangan faoliyat uchun zarur bo‘lgan narsalar shu soha orqali import qilinadi, - dedi AQSh Davlat kotibi.

Qo‘shma Shtatlar Tehronning yadroviy dasturiga yordam berayotgani taxmin qilingani uchun bank hisoblari va mulklari muzlatib qo‘yilganlar ro‘yxatiga yana 11 nafar shaxs va shirkat nomini qo‘shdi.

AQSh Eronning “pullarni yuvishdagi ishtiroki” borasida xavotir bildirdi, ammo Eron Markaziy bankiga to‘liq sanktsiyalar e‘lon qilmadi.

Klintondan keyin so‘zlagan AQSh Moliya vaziri Timoti Gaytner dunyo banklarini Tehronning yadroviy dasturiga yordam berayotgani taxmin qilinayotgan Eron Markaziy banki bilan biznes yuritishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.

Britaniya va Kanada Tehronning yadroviy dasturi yuzasidan Eronga qarshi yangi sanktsiyalar joriy qilib, Eron banklari bilan aloqani to‘xtatdi.

Britaniya Moliya vaziri Jorj Osborn London hukumati qabul qilgan qaror haqida BBSga bularni aytdi.

- Biz Britaniya moliya tizimi va Eronning bank tizimi o‘rtasidagi barcha aloqani to‘xtatyapmiz. Eron banklari mamlakat yadroviy dasturini moliyalashtirishda ishtirok etayotgani haqida xalqaro dalillar bo‘lgani sababli biz shunday qilyapmiz. Biz buni nafaqat dunyo xavfsizligi balki Britaniya milliy xavfsizligini mustahkamlash uchun qilyapmiz, - deya bayonot berdi Jorj Osborn.

Keyinroq Kanada tashqi ishlar vaziri Jon Baird Kanada “Eron bilan barcha pul o‘tkazmalarini to‘xtatishi, jumladan, Eron Markaziy banki bilan aloqa to‘xtatilishi”ni e‘lon qildi.

Ottava rasmiylari ham Eronning neft-kimyo sanoatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning Eronga eksport qilinishini to‘xtatish haqida qaror chiqardi.

Kanada hukumati kelib chiqishi eronlik bo‘lgan kanadaliklarning Eronga pul jo‘natishini ta‘qiqlamadi.

BMTning Xalqaro atom energiyasi agentligi 8 noyabr kuni e‘lon qilgan yangi hisobotida Eronning yadroviy dasturi atom qurolini yaratishga aloqador bo‘lgani ilk bor qayd qilingan.

Tashkilot rahbari Yukia Amano Eron odatda yadroviy qurol yaratish yo‘lida amalga oshiriladigan faoliyat olib borganini isbotlovchi “ishonchli” dalillar borligini ta‘kidlagan. Amano ayrim faoliyatlar hozir ham davom etayotgan bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmagan.

BMT hisobotini “asossiz” deb, uni rad qilgan Tehron rasmiylari Eronning yadroviy dasturi tinch maqsadlarni ko‘zlaganini ta‘kidlagan.
XS
SM
MD
LG