Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:55

AQShda o‘qiyotgan talabalar soni oshmoqda


O‘tgan yili AQSh o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan o‘zbekistonlik talabalar soni 560 kishini tashkil qildi.

Bir nechta Internet nashrlar e‘lon qilgan xabarda O‘zbekiston AQShda tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida ikkinchi o‘rinni egallashiga e‘tibor qaratdi.

Aytilishicha, Qozog‘iston 1890 nafar talabasi bilan birinchi o‘rindadir. Xabarda 560 nafar talaba O‘zbekiston tomonidan yuborilgani ta‘kidlanganiga qaramasdan, AQShda o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalarga davlat tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmaydi. AQSh yoki boshqa davlatlarda tahsil olgan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi esa vataniga qaytish ishtiyoqida emas.

Amerikadagi Xalqaro ta‘lim intistuti va AQSh Ta‘lim va madaniyat idorasi tomonidan tayyorlangan “Ochiq eshiklar” yillik hisobotida aytilishicha, 2010-2011 o‘quv yilida Markaziy Osiyo davlatlaridan jami 3188 talaba AQShda tahsil olgan. Ulardan 560 nafari O‘zbekistondan yuborilgan deyiladi hisobotda.

AQShda o‘qiganlar davlatdan umidvor bo‘lmasin


O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi Yoqubjon Ergashev Amerikadagi o‘quv yurtlarida o‘zbekistonlik yigit-qizlar o‘qiyotganidan bexabar ekanini ta‘kidladi.

Chunki, uning aytishicha, o‘zi ishlaydigan vazirlik AQSh bilan talabalar almashish bo‘yicha kelishib olmagan.

- Yo‘q. Biz Oliy ta‘lim vazirligi bo‘lib faqat davlatlararo tuzilgan bitimlar yoki kelishuvlar asosida chet elga yuboramiz. AQShga biz hech kimni yubormaymiz. Ko‘proq xorijiy hamkorlarning imkoniyatlarini inobatga olgan holda, ularning takliflarini inobatga olgan holda, lekin AQSh tomonidan bizga hech qanday bunday takliflar bo‘lmagan. Biz oxirgi yillar davomida AQShga yuborgan talabalarni eslay olmayman, deydi Yo. Ergashev.

O‘zbekiston hozircha talabalarni yuborish bo‘yicha boshqa davlatlar bilan erishilgan kelishuvlar yetarli, deb hisoblaydi va AQShning tegishli idoralariga bu borada murojaat qilishga ehtiyoj yo‘q, deya qo‘shimcha qildi oliy ta‘lim vazirligi mutasaddisi.

Internet nashrlarda berilgan xabarda 560 nafar talaba AQShga O‘zbekiston tomonidan yuborilgani aytiladi. Lekin vazirlik rasmiysi Yo. Ergashev Amerikaga o‘z tashabbusi bilan ketgan bu talabalarga davlat tomonidan yordam ko‘rsatilmasligini ma‘lum qildi.

- Har bir fuqaro o‘zi xususiy tarzda chet elda o‘qishi mumkin, deydi O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi rasmiysi.

Aslida, 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin o‘zbekistonlik yoshlarning AQShga o‘qishga ketishi juda qiyinlashgan.

Keyingi yillarda AQShdagi ta‘lim dasturlaridan biridan grant olgan o‘zbekistonlik talabalar Toshkentdagi AQSh elchixonasiga viza olgani borgani uchun Milliy xavfsizlik xizmatiga chaqritirilgani haqida xabarlar bor.

Shuning uchun Amerikadagi turli ta‘lim dasturlari taqdim qiladigan grantlar o‘zbek yigit-qizlarga qo‘shni respubklikalarda uyushtiriladigan tanlovlar orqali beriladi.

Amerikada tahsil olayotgan o‘zbekistonliklar orasida o‘z hisobidan yoki AQSh banklaridan kredit olib o‘qiyotganlar ham ko‘pdir.

Qaytib kelardigu, lekin...


Berilayotgan grantning asosiy shartlaridan biri sifatida, o‘qishni tugatgach, talabalar o‘z yurtlarida kamida ikki yil ishlab berishi talab qilinadi. Lekin o‘zbekistonlik yoshlarning ko‘pchiligi bu shartlarni aylanib o‘tib, AQShda qolib ketishga harakat qiladi.

"Ochiq eshiklar" hisobotida aytilishicha o‘tgan o‘quv yilida AQShdagi o‘zbekistonlik talabalar soni qariyb 10 foizga ko‘paygan.

Farg‘onalik 32 yoshli Mehribon 2006 yilda Amerikaning Ohayo shtatidagi universitetda magistrlik darajasini olgan, oradan ikki yil o‘tib, 29 yoshida professorlik unvonini yoqlagan. U ham ko‘plab yosh mutaxassislar kabi O‘zbekistonga qaytib kelmagan.

- Chunki sharoit yo‘qligi uchun, ayniqsa mening yo‘nalishim bo‘yicha yo‘q edi... Unaqa sohada O‘zbekistonda o‘qitish hali yo‘lga qo‘yilmagan.

Mehribon hozir dekret ta‘tilida, lekin u kabi mutaxassislar O‘zbekiston u yoqda tursin, AQShda ham ko‘p topilmagani bois, uni o‘zi o‘qigan universitet mamlakatda olib qolish imkonini qildi.

Lekin Mehribon o‘zi o‘zlashtirgan ta‘limning yangi sohasini O‘zbekiston oliygohlarida ham joriy qilishga katta hissa qo‘shishi mumkin ediku:

- .........(chuqur uf tortadi)

Ozodlik: Nimaga uf tortayapsiz?

Uf tortmadim, o‘ylanayapman. Menimcha, hozir sharoit, Amerikada o‘qib kelganlarga sharoit yo‘q. Ya‘ni ijodiy, o‘zlarini, masalan Amerikada juda ko‘p taraflama mustaqillik beriladi. Nafaqat ishlashda, birinchi o‘qishdan boshlashimizda qanaqa yozishimiz, nimani yozishimiz, o‘zimizning fikrimizni bildirishimiz, asosiy maqsad keyinchalik ishimizda ham shuni qo‘llashimiz kerak.

Ozodlik: O‘zbekistonda mustaqil fikrlab, mustaqil yozsangiz bo‘lmaydimi?

O‘zbekistonda hali ham yaxshi ishlab ketish uchun nima ko‘p, kelib olganingizdan keyin ham o‘sha ishda o‘sishingiz uchun albatta o‘sha ishxonaning qonun-qoidalariga rioya qilishingiz shart. Hozircha qonun-qoidalar, menimcha eskicha.

Bundan tashqari, umrining bir necha yili, kuch-g‘ayrati, yonidan shuncha pulini sarmoya qilib, tahsil olgan talabalarni ularga taklif qilinayotgan moddiy sharoitlar ham qiziqtiradi, deb qo‘shimcha qiladi Mehribon.

Mehribonning aytishicha, professorlik unvonini yoqlayotgan paytda uning stajyor o‘qituvchi sifatida olgan yillik maoshi 30 ming AQSh dollaridan oshgan.

- Mening oyligim stipendiyam hamda o‘qishimga o‘tayotgan pul bo‘lgan. Ya‘ni masalan bir yilga 22 ming (AQSh dollari) to‘lashim kerak bo‘lsa, oyligim hisobidan o‘tkazilgan. To‘lamaganman o‘zimning o‘qishimga. Lekin har hafta to‘rt soat dars o‘tganman. 750-800 dollar oyiga, deydi 32 yoshli professor Mehribon.

Andijonlik Furqatjon o‘tgan yili Britaniyadagi Kingston universitetida moliya sohasida magistrlik darajasini olgan. U hozir O‘zbekistonda, lekin oldida vatanda qolish yoki Londonga qaytib, u yerda o‘yqishni davom ettirish ketish to‘g‘risida qaror qilish tanlovi turibdi.

- Yaxshi bo‘lsa, Toshkentda qolib ketamanda endi. Shunga endi niyat bor. Borib kelaylikchi. Bitirib qaytgandan keyin sekin-sekin, hali vaqt bor, shoshilganim yo‘q..., deydi Furqatjon.

Bir kun kelib qaytarmiz


O‘zbekistonda 1996 yilda iste‘dodli yoshlarni xorijga jo‘natish maqsadida prezidentning “Umid” jamg‘armasi tashkil qilingan edi. 2009 yilda bu jamg‘arma faoliyati samarasiz, deb topildi chog‘i, uni O‘zbekiston prezidentining “Iste‘dod” jamg‘armasiga aylantirishdi.

“Umid” jamg‘armasi grnatlari yordamida o‘zbekistonlik yuzlab talabalar, xususan AQShdagi universitetlarda tahsil oldi. Lekin ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonga qaytgach o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha ish topolmasdan yana AQSh, Britaniya, Germaniya va ko‘plab boshqa mamlakatlarga chiqib ketishdi.

Farg‘onalik Mehribon Ozodlik bilan suhbat so‘ngida nafaqat o‘zi balki xorijdagi yosh mutaxassislarning ko‘pchiligi bir kun kelib O‘zbekistonda ham ishlash fursati kelishiga umid qilishlarini aytadi.

- Lekin hammaning albatta uyga borib qaytib bir kun ishlayman degan orzusi bor. Sharoit bo‘lsa, hamma qaytadi.
XS
SM
MD
LG