Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:00

O‘zbekiston elektr energiyasini sotib olmoqchi


Qirg‘izistondagi To‘qto‘g‘ul GESida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi endi O‘zbekistonga ham sotiladi.
Qirg‘izistondagi To‘qto‘g‘ul GESida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi endi O‘zbekistonga ham sotiladi.
Besh yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston yana Qirg‘izistondan elektr energiyasi sotib oladigan bo‘ldi.

Qirg‘iz rasmiylari bergan ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekistonga elektr energiyasi 3,5 tsentdan sotiladi. "O‘zbekenergo" va "O‘zinformenergo" shirkati mas‘ullari esa Ozodlik radiosiga bu ma‘lumotni tasdiqlagani ham, rad etgani ham yo‘q.

O‘zbekiston bilan tuzilgan shartnoma detallari ochiqlanmadi


Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimini bajaruvchi O‘murbek Babanov 23 noyabrda o‘tgan hukumat yig‘ilishida joriy yil qish mavsumida O‘zbekistonga 500 million kilovatt soat elektr energiyasi eksport qilinishini bildirdi.

Rasmiy ma‘lumotda aytilishicha, O‘zbekiston 2006 yildan beri Qirg‘izistondan elektr energiyasini sotib olishni to‘xtatgan edi. O‘sha paytda Qirg‘iziston elektr energiyasini O‘zbekistonga 1 tsentdan sotgan, joriy yildan esa elektr energiyasi O‘zbekistonga qariyib 3,5 tsentdan beriladi.

Bishkekdagi “Elektr stantsiyalari” rasmiylarining bildirishicha, O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma imzolangan.

- O‘zbekistonga elektr energiyasi eksport qilinishi haqida shartnoma bor. Biroq bu shartnoma detallari borasida to‘liq ma‘lumot bera olmaymiz, -dedi “Elektr stantsiyalari” shirkati rasmiysi Nuriya Iskanderova.

Bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan “O‘zbekenergo” va “O‘zinformenergo” shirkatining rasmiylari bu ma‘lumotga ochiqlik kiritishni istashmadi. Mazkur shirkatlarning 8 nafardan ortiq rasmiysi telefon orqali savollarimizga javob berishni istashmadi.

Qirg‘izistonlik mutaxasislar esa O‘zbekistonning besh yillik tanaffusdan so‘ng yana Qirg‘izistondan elektr energiyasi sotib olish harakatini mazkur mamlakatda elektr energiyasi yetishmovchiligi bilan bog‘lamoqdalar.

- O‘zbekistonda elektr ta‘minotidagi qiyinchilik bu mamlakat hukumatini Qirg‘izistondan elektr energiyasi sotib olishga majbur qilayapti. O‘zbekistonda elektr energiyasi asosan issiqlik elektr stantsiyalarida ishlab chiqariladi. Buning uchun esa ko‘p miqdorda gaz kerak bo‘ladi. Ammo qishda gazning ozayib ketishi munosabati bilan, O‘zbekiston aholisini gaz va elektr energiyasi bilan ta‘minlay olmay qoldi, -dedi energetika bo‘yicha ekspert Rayimbek Mamirov.

O‘zbekiston energetika borasida Qirg‘izistonning strategik hamkoriga aylanishi mumkin


Energetika bo‘yicha qozog‘istonlik ekspert Kanat Berentayevning aytishicha, O‘zbekiston Qirg‘izistondan elektr energiya sotib olsa, u holda Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘i ham saqlanib qolinadi.

- Men o‘ylaymanki, elektr energiya sotib olinishi bilan yagona elektr tarmog‘i qayta tiklanadi va uning ahamiyati kuchayadi. Qozog‘iston va O‘zbekistonning yagona elektr tarmoqdan chiqish to‘g‘risidagi bayonotlari o‘z kuchini yo‘qotadi. Chunki bu tarmoq mintaqa davlatlariga foyda keltiruvchi tizimga aylanadi, -dedi Kanat Berentayev.

Aytib o‘tish lozimki, Qirg‘izistonda ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining asosiy xaridori Qozog‘iston hisoblanadi. Joriy yilda Qozog‘istonga 2 milliard 154 million kilovatt soat elektr energiyasi sotilgan. Qish mavsumida bu mamlakat yana 1 millard kilovatt soat elektr energiyasi sotib olmoqchi.

Biroq shunga qaramay, qirg‘izistonlik mutaxasislar elektr energiyasi borasida O‘zbekistonni Qirg‘izistonning strategik hamkori sifatida talqin etadilar. Ekspertlar fikricha, Qirg‘iziston O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin. Chunki buning uchun O‘zbekistonda tayyor infrasturktura mavjud. Qirg‘iz elektr energiyasini ayni paytda rejalashtirilayotgani kabi Tojikiston orqali Pokiston va Afg‘onistonga sotish uchun esa katta miqdorda sarmoya jalb qilish kerak bo‘ladi.
XS
SM
MD
LG