Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:41

O‘zbekistonda yangi yildan benzin narxi oshadi


O‘zbekiston hukumati 2012 yilning 1 yanvaridan transport vositalari uchun benzin, dizel yoqilg‘isi va gazga jismoniy shaxslardan olinajak soliq stavkasini 25 so‘mga oshirmoqchi.

Podrobno.uz saytining yozishicha, yangi yildan dizel yoki karbyuratorli (injektorli) dvigatellar uchun respublikada ishlab chiqarilgan motor moyiga aktsiz solig‘ini joriy qilish ham taklif qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yilning 1 yanvarida ham O‘zbekistonda benzin narxi 30 so‘mga oshirilgan, bu ham avtomobil yoqilg‘isi iste‘moli uchun jismoniy shaxslardan olinajak soliqning oshgani bilan izohlangandi. Hozirda mazkur soliq hajmi 175 so‘mni tashkil etadi, 2012 yilning 1 yanvaridan esa u 200 so‘mga yetadi.

Shundan so‘ng AYoQShda sotilayotgan Ai-80 benzini va dizel yoqilg‘isi uchun belgilangan narx 1435 so‘mni, Ai-91 uchun belgilangan narx 1585 so‘mni, Ai-95 uchun belgilangan narx esa 1755 so‘mni tashkil qilgandi.

Joriy yilning 1 avgustidan esa O‘zbekistonda hukumat qarori bilan benzinning chakana narxi 10 foizga oshirilgan, Ai-80 1580 so‘mdan, Ai-91 1745 so‘mdan, Ai-95 1930 so‘mdan sotila boshlangan. Premium Euro-95 rusumli benzin narxi esa 3200 so‘mga (avvalgi narxi 3000 so‘m) chiqqandi.

O‘zbekiston davlat statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2010 yilning birinchi yarmida mamlakatda 689,4 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan. Rasmiy ma‘lumotlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,1 foizga ko‘pdir.

Biroq O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish hajmi ko‘paygani va yoqilg‘i narxlarining muttasil ravishda oshib borayotgani respublikada, ayniqsa, viloyatlarda benzin taqchilligiga chek qo‘yolmayapti.

Xususan, Ozodlikning samarqandlik, farg‘onalik va buxorolik suhbatdoshlari shu kunlarda o‘zlari yashab turgan hududlardagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shahobchalari oldida mashinalar turnaqator bo‘lib ketayotganini e‘tirof etganlar. Ularga ko‘ra, AYoQShda taqchil bo‘lgan benzin chayqovchilar qo‘lida serob bo‘lib, 4-5 soatlab navbat kutishni istamagan haydovchilar bir litr benzinni qo‘ldan 3000-3500 so‘mdan, ba‘zan esa 4000 so‘mdan quyib ketishga majbur bo‘lmoqdalar.

Ayrimlar buning sababini O‘zbekistonda benzin chayqovchiligi avj olgani, boshqalar esa qo‘shni mamlakatlar benzin eksportiga cheklov joriy qilgani bilan izohlamoqdalar. “Yangi yildan benzin narxining oshirilishi ham shahobchalarda benzin serob bo‘lishiga olib kelmaydi, buning uchun rasmiylar yonilg‘i chayqovchiligiga chek qo‘yishlari va benzin importi borasida eksporter davlatlar bilan muzokaralar o‘tkazishlari kerak”, demoqda kuzatuvchilar.
XS
SM
MD
LG