Линклар

Pokiston o‘z hududi orqali Afg‘onistondagi NATO qo‘shinlariga ta‘minot yuklari olib o‘tish uchun chegarasini yopib qo‘ydi.

Pokiston davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, 26 noyabr kuni Pokiston chegaradagi hujumni qoralab, NATO uchun o‘z chegaralarini yopib qo‘ydi.

Reyter axborot agentligiga ko‘ra, hujum 26 noyabrga o‘tar kechasi yarim tunda, Pokistonning shimoli- g‘arbida, Afg‘oniston chegarasidan 2,5 kilometr uzoqlikdagi Salala chegara punktida sodir bo‘lgan.

Pokiston rasmiylari chegaradagi hujum NATO vertolyotlari tomonidan sodir etilganini ma‘lum qildi.

Hayber mintaqasidagi yuqori lavozimli mulozim Mutahir Husayn AFPga intervьyu berib, "Hukumat buyrug‘iga ko‘ra, NATO yuklarini o‘tkazishni to‘xtatganliklari"ni ma‘lum qilgan.

NATOning Afg‘onistondagi qo‘mondonligi matbuot vakili Karsten Jakobson Ozodlikning Kobuldagi muxbiriga bergan intervьyusida hujum bo‘yicha vaziyat o‘rganilayotganini ma‘lum qildi.

- NATO hozircha halok bo‘lganlar haqidagi ma‘lumotlarni tasdiqlay olmaydi. Biz Afg‘oniston chegarasidagi Kunar viloyatida sodir bo‘lgan voqeadan xabardormiz. Biz vaziyatni o‘rganayapmiz,- dedi Jakobson.

Afg‘onistondagi AQSh va NATO kuchlari qo‘mondoni general Jon Allen voqea yuzasidan keng ko‘lamli tekshiruv o‘tkazilishini ma‘lum qilib, hujum oqibatida Pokiston xavfsizlik kuchlarining halok bo‘lgan va yarador bo‘lgan askarlarining oila a‘zolariga chuqur hamdardlik bildirdi.

Ayni paytda hujum oqibatida bedarak ketgan askarlarni qidirish davom etmoqda. Mahmanddagi mahalliy mulozim Odil Siddiqqa ko‘ra, chunki chegaraning bu hududiga toliblarga qarshi kurashish uchun juda ko‘plab Pokiston aksarlari tashlangan edi.

Bayzay qabilasi faollaridan biri Malik Sultonga ko‘ra, qabila oqsoqollari va qabila a‘zolaridan tuzilgan ko‘nggilli yoshlar yordamida yarodarlar va halok bo‘lganlarni jo‘natishga ko‘mak berilayapti.

- Hujum bo‘lgan joy Salala. Go‘shta bilan Kunar chegarasidagi hudud. Qabila oqsoqollari va ko‘ngillilar qutqaruv ishlariga yordamlashishni davom ettirayapti. Hujum mahalliy vaqt bilan yarim tunda sodir bo‘ldi. Hujum natijasida mahalliy fuqarolarga shikast yetmadi. Faqat Pokiston harbiylarining chegara posti hujumga uchradi,- dedi Malik Sulton.

26 noyabr kuni Pokiston Tashqi ishlar vazirligining hujum bo‘yicha e‘lon qilgan bayonotida aytilishicha, Pokiston rasmiylari NATO hujumini keskin qoralaganlar.

Ayni voqea Afg‘onistondagi AQSh va NATO kuchlari qo‘mondoni general Jon Allen Pokiston armiyasining quruqlik qo‘shinlari generali Ashfak Pervez Kayani bilan uchrashib, chegara nazorati va hamkorlikni kuchaytirish masalalari bo‘yicha muhokama o‘tkazganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

2009 yilning 30 sentyabrida ham shunga o‘xshash voqea sodir bo‘lgan va Pokistonning ikki harbiysi halok bo‘lgan edi.

O‘sha paytda Pokiston NATO yuklarini o‘tkazishni 10 kunga to‘xtatib qo‘ygan edi.

Joriy yilning may oyida Amerika maxsus xizmati Pokiston ruxsatisiz Abbotobodda maxsus amaliyot o‘tkazib, Usama bin Ladinni yo‘q qilganidan so‘ng rasmiy Islomobod bilan Vashington o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlashgan edi.

So‘nggi paytda iliqlasha boshlagan munosabatlarga yana darz yetishi mumkinligidan xavotirlar ham yo‘q emas.
XS
SM
MD
LG