Линклар

logo-print
27 noyabr kuni Moskvada o‘tgan Yedinaya Rossiya partiyasi qurultoyi delegatlarining barchasi Putinni prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqladilar.

Partiya oliy kengashi rahbari Boris Grizlov qurultoy chog‘ida delegatlarga 614 byulleten tarqatilgani va delegatlar bir ovozdan Vladimir Vladimirovich Putin uchun ovoz berganini ma‘lum qildi.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish g‘oyasini amaldagi prezident Dmitriy Medvedev o‘zi ham a‘zo bo‘lgan Yedinaya Rossiya partiyasining 24 sentyabr kuni o‘tgan qurultoyida ilgari surgandi. O‘shanda Putin bu taklifni qabul qilgan, Medvedev esa, o‘z navbatida, Vladimir Vladimirovich saylovda g‘alaba qozongan taqdirda Bosh vazir lavozimini egallashga rozilik bildirgandi.

Kechagi qurultoyda so‘zga chiqqanlar 4 dekabr kuni o‘tajak parlament saylovlarida, 2012 yilning martiga belgilangan prezidentlik saylovida rossiyaliklarni Yedinaya Rossiya partiyasidan bo‘lgan nomzodlarni qo‘llashga chaqirdilar.

- Prezidentlikka nomzod Vladimir Vladimirovich Putin haqiqatan zamonaviy Rossiyadagi eng taniqli, eng tajribali va eng muvaffaqiyatli siyosatchidir, - dedi prezident Dmitriy Medvedev nima uchun amaldagi Bosh vazirning prezidentlikka nomzod o‘laroq ko‘rsatilganiga izoh berarkan.

Ayni paytda qurultoyda muxolifat qulog‘iga yoqmaydigan ta‘nalar ham bo‘ldi.

– Siyosiy muxoliflarimizni hurmat qilamiz, biroq ular o‘tgan yillar mobaynida nima bilan shug‘ullandilar? Ular faqat quruq gap bilan ovora bo‘ldilar, ta‘bir joiz bo‘lsa, ular faqat valaqlab o‘tirdilar va hukmron partiyaga daf qilib turdilar. Ba‘zi joylarda ularning amalga oshirish ehtimoli kam bo‘lgan va‘dalariga ishonib, hokimiyat organlariga sayladilar. Ammo ular bu vazifalarni uddalay oldilarmi? Qariyb uddalay olmadilar – ishni rasvo qildilar, ba‘zan esa pora bilan qo‘lga tushdilar, - der ekan amaldagi prezident Dmitriy Medvedev bunday faktlar ko‘pligini qayd etdi.

O‘z so‘zida muxolifatni tanqid qilishni davom ettirgan Vladimir Putin esa ta‘na tig‘ini ularga ko‘mak ko‘rsatgan xorijliklarga qaratdi.

- Biz shu kunlarda - Davlat dumasi saylovi, prezidentlik saylovi arafasida ayrim xorijiy davlatlar vakillari grant oluvchilar deb atalmish kishilarni to‘playotganini, ularga ko‘rsatmalar berayotganini, pirovardida mamlakatimizdagi saylov kampaniyasi borishiga ta‘sir ko‘rsatish uchun “tegishli ish”ga yo‘naltirayotganlarini bilamiz. Bu foydasiz bir ishdir. Xalqimiz aytganidek, bu pulni havoga sovurish, xolos (gulduros qarsaklar). Birinchidan, Iuda xalqimiz uchun uncha hurmatli bo‘lmagan Injil personaji bo‘lib hisoblanadi (gulduros qarsaklar), ikkinchidan esa ular yaxshisi bu pullarni o‘zlarining davlat qarzini to‘lashga sarflasinlar va samarasiz serxarj tashqi siyosat yuritishni bas qilsinlar, - dedi Vladimir Putin.

Qurultoy davomida so‘zga chiqqan asosiy notiqlar nutqi tez-tez gulduros va davomli qarsaklar bilan bo‘lib turildi.

Rossiya davlat dumasi xavfsizlik bo‘yicha qo‘mitasining rais o‘rinbosari Gennadiy Gudkov Yedinaya Rossiyaning bu tadbiri, undagi “olqishlashlar, oyoqqa qalqishlar va gulduros qarsaklar” o‘ziga KPSSning XXVI s‘ezdini eslatib yuborganini aytadi.

Moskvadagi Karnegi markazi eksperti Aleksey Malashenkoga ko‘ra esa, Yedinaya Rossiya qurultoyi zalida ko‘rilgan olqish va hayqiriqlar aslida hukmron partiyaning ojizligi alomatidir.

- Bu kontsert uncha aqlli bo‘lmagan kishilar uchun mo‘ljallangan va u Putin pozitsiyasining zaifligini ko‘rsatadi, - der ekan ekspert Malashenko buni shaxsan o‘ziga, butun jamiyatga va hatto Vladimir Putinga tushirilgan tarsaki deb baholashini aytdi.

Malashenko qurultoyda kimlarningdir Rossiyadagi saylov jarayoniga ta‘sir o‘tkazayotgani haqida aytilgan gaplarni ham “manfur ideologema” deya baholadi. Rossiyalik ekspertga ko‘ra, “bu g‘irt bachkanalikdir”.
XS
SM
MD
LG