Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:06

Futbol joningizga tegmadimi?


Suratdagi o'zbekistonlik o'yinchini tanidingizmi?
Suratdagi o'zbekistonlik o'yinchini tanidingizmi?
"Hafta savoli"ga javob bergan oddiy o‘zbekistonliklarning ko‘pi¸ kutilmaganda¸ o‘zbek futboliga befarqliklarini bayon qildilar.

Futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi 2014 yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionati saralash o'yinlarida 4-bosqichga yo'llanma olishdi. Bu bosqichda Osiyoning eng yaxshi 10 jamoasi ikki guruhga bo'linib, o'zaro bellashishadi. 4-bosqich O'zbekiston uchun Braziliyaga borishda so'nggi pog'ona bo'lishi mumkin. Chunki ushbu bosqichga eng yaxshi ko'rsatkichlarga ega 4 jamoa Braziliyaga yo'llanma oladi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi esa 2012 yil Londonda bo‘ladigan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlari saralash musobaqalarining uchinchi bosqichi doirasida 27 noyabr kuni mehmonda Avstraliya jamoasi bilan 0:0 hisobida durang o‘ynadi.

Iroq terma jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alabaga erishgan O‘zbekiston olimpiya jamoasining 24 noyabr kuni mehmonda Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasi bilan o‘yini ham 0:0 hisobida durang bilan tugagan edi.

Hozir “B” guruhida O‘zbekiston jamoasi peshqadamlik qilmoqda.

23 noyabr kuni Malayziyaning Kuala Lumpur shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) o‘zbekistonlik hakam Ravshan Ermatovni to‘rtinchi marotaba Osiyoning eng yaxshi hakami deb e‘lon qildi.

Abduhamidullo Rasulov esa yilning eng yaxshi yordamchi hakami deb topildi.

O‘zbekiston terma jamoasi sardori Server Jeparovga ikkinchi marta yilning eng yaxshi futbolchisi sovrini topshirildi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekistonda futbol o‘yinlari boshqa sport turlariga nisbatan ko‘proq yoritilmoqda.

Shu munosabat bilan "Hafta savoli" ruknining bugungi sonida respondetlarga “Futbol joningizga tegmadimi?” degan savol bilan murojaat qildik.

Abduqahhor aka, pensioner:

- Sportimizdan endi yoqtiradigani ham qolmadi hozir. yosh ham o‘tib ketdi uje sport bilan. Ko‘rardim, o‘zim ham zanimatsya qilganman 30 gacha. Basketbolni yaxshi ko‘rardim. Qolganini ko‘rmayman. Ishqibozligim yo‘q.

Mansur Sobirov, Xorazm IIB navbatchisi:

- Bizga voleybol yoqadi.Endi vaqt topsak, qiziqsak, komandaga qarab futbol ham ko‘ramiz. To‘g‘risi vaqtni qizg‘anaman ko‘rganda. Vaqtim yetishmay qoladida. Lekin gazeta, u-bu nimalarda ko‘rib quvonaman. “Bizlarniki ham boshqa mamlakatlardan qolishmaydi ekan” deb o‘ylayman gazeta, jurnal, televizorda ko‘rganimda.

Rasul, farg‘onalik tadbirkor:

- Men asosan O‘zbekistonnikini ko‘rmayman. Chet el futbollarini ko‘raman xolos. O‘zbekistonniki umuman, nima desa bo‘ladi¸ yosh bolalarning o‘yiniyu. Umuman O‘zbekistonning komandasiga qiziqmayman. Chunki umuman sustda.

Bir marta yutgan bilan, bir paytlar Osiyo chempioni bo‘lgan edi. Undan keyin nima bo‘ldi? O‘tirib qolishdiyu.

Abdurahim aka, samarqandlik shifokor:

- To‘g‘risini aytsam¸ o‘yinlarga mutlaqo bormaymiz. Lekin televizordan ko‘rishga elektr energiya yo‘qku. Deyarli ko‘rmaymizda. Faqat "Axborot"dan natijasini bilamizda.

Vaqt bo‘lsa, ko‘ramiz. Uncha qiziqib yotmaymiz. yoshlikdan futbolga qiziqamiz, lekin oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonning komandalariga qarasangiz, u yoqdan bu yoqdan kelgan. Yevropadagiday terib tashlaydi. U yoqdan bu yoqdan olib kelib, dogovor qiladimi komandaga solib yuboradida. Mening tushuncham bo‘yicha futbolni bunday taraqqiy ettirish jahonga davlatni tanitish, obro‘ orttirish bo‘lsa kerakda.


Toshkentdagi “Planeta bistro” internet kafe restorani xodimi:

- Bilmadim, shu azaldan maktab paytidan qiziqishim yo‘q futbolga. Basketbol bo‘lsa yoki stol tennisi bo‘lsa, unda bemalol. Unga qiziqish bor. To‘g‘risini aytganda futbol ko‘rishga vaqtim ham yo‘q, ko‘rmayman ham. Chunki qiziqish yo‘qda futbolga.

Ahmad aka, toshkentlik haydovchi:

- O‘zbekistonni ko‘rmayman men. Mutlaqo. Oxirgi ko‘rganim yoshlar o‘ynadiyu. Chet elliklarni ko‘raman. O‘zbekistonga balet qilolmayman. Kasalda. Bizlarda futbolda ham shu tanish-bilish, yaxshi o‘yinchini olmaydi. Zo‘r bolalar borda vodiylarda. Haqiqiy o‘ynaydigan bolalar. Ularga qaramaydi bizlarning trenerlar. Hammasi tanish-bilishlik. Ishonmayman xullas. O‘yini ham yoqmaydi ochig‘i.

Oybek, qo‘qonlik tadbirkor:

- O‘zbekiston futbolini ko‘rmayman¸ Yevropanikini ko‘raman.
O‘zbekistonning o‘yinini sotib olaveradi. Haqiqiy o‘yin o‘ynamaydi. Tanish-bilish qilib, falonchaning jiyani, faloncha akaning o‘g‘li o‘ynaydi.

Narimon, qashqadaryolik shifokor:

- Men unchalik qiziqmayman. Bir-bir ko‘rib qo‘yamanda. Uloqqa qiziqaman. O‘zimizning sport. Ko‘pkari. Shunga qiziqamizda biz. Futbolga unchalik ahamiyat bermayman.

Mansurjon, Toshkent viloyatidagi mebel do‘koni xodimi:

- Yo‘q, jonga tegmadi. futbolni juda yaxshi ko‘raman. Sportni yaxshi ko‘ramanda o‘zi. Muxlisiman shuning. Menga yoshlar o‘ynayotgan Avstraliya bilan o‘ynagan o‘yini, O‘zbekistonning Koreya bilan o‘ynagan o‘yini yoqdi. Yoshligimdan qiziqib ko‘raman. Ayniqsa "Paxtakor"ning o‘yinlarining birortasini ham qoldirmayman.

Nabijon aka, jizzaxlik injener:

- Sportni ko‘raman. Boksni, chet elning futbollarini yaxshi ko‘raman.
Ko‘ramanu qiziqmaymanda. O‘zbekiston futboliga maza qilmayman.
Chunki ilgari "Paxtakor" stadioni O‘zbekiston futbolchilari avariya bo‘lmasidan oldin har yili kirardim futbolga. Undan bu yog‘idagi o‘yininga maza qilolmayapman.

Ilgari SSSR paytida Yerevan bilan, Tbilisi bilan, Kiyev bilan o‘ynardik. Komandalar shakllanardi. Men ko‘rmayman ham, qiziqmayman ham hozir.

Ismini aytishni istamagan toshkentlik noshir:

- Futbol o‘yinlarini tomosha qilish aksincha zavq beradi. Vaqt bo‘lganda ko‘ramiz, vaqt bo‘lmaganda dam olamiz, boshqa ish bilan shug‘ullanamiz.

O‘zbekiston futbolining saviyasi xorij futboliga yetmaydi. Bu aniq. Yevropa chempionatini ko‘rayapmiz mana kubok nimalarida. Yaxshi bo‘layapti. O‘zbek komandalaridan "Paxtakor"da yaxshi ko‘rganimiz. 40 yildan beri Paxtakorni ko‘raman.

***

Aziz mushtariy, sizchi? Siz ham futbolga qiziqasizmi? Balki futbol haqida bo'lgan xabarlar joningizga tegdimi?
XS
SM
MD
LG