Линклар

O‘zbek yaradorlarini qutqargan yigit jinoyatchiga chiqarildi


Suzoqlik Baxtiyor Nuriddinov Qirg‘izistonda qochqinlarga yordam bergani uchun "mashina o‘g‘risi"ga chiqarilgan va qidiruvga berilgan

Suzoqlik Baxtiyor Nuriddinov Qirg‘izistonda qochqinlarga yordam bergani uchun "mashina o‘g‘risi"ga chiqarilgan va qidiruvga berilgan

O‘sh va Jaloloboddagi qirg‘in kunlari o‘nlab millatdoshi hayotini qutqargan suzoqlik Baxtiyor Nuriddinov "mashina o‘g‘risi"ga chiqarilgan.

2011 yilning iyun oyida Qirg‘iziston janubida yuzaga chiqqan milliy nizo suzoqlik Baxtiyor Nuriddinov taqdirini ham o‘zgartirib yubordi.

Qirg‘in kunlari onasidan duo olib¸ davlat kasalxonalari qabul qilishdan bosh tortgan o‘zbek yaradorlarini O‘zbekiston chegarasiga olib kelib¸ o‘zbek vrachlariga topshirish bilan shug‘ullangan bu yigit Qirg‘iziston huquq idoralari tomonidan "mashina o‘g‘risi" sifatida qidiruvga berilgan va hozirda Moskvada tasodifan qo‘lga tushgan bu yigitning ekstraditsiya qilinishini so‘ramoqda.

26 yoshli Baxtiyor Nuriddinov Moskva tergov izolyatorlaridan Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilib, 2010 yilning iyun oyida yuzaga chiqqan qonli mojaro kunlari O‘shda boshidan kechirganlarini so‘zlab berdi.

- O‘sh voqealari paytida Jalolobodda otishma boshlanganida suzoqliklar yordamga chiqqanmiz jalolobodliklarga. Yonimda bir bola yaralanganida bolnitsaga kelgan edik. Kasalxona glavvrachiga “Otishma bo‘lyapti, chiqsin moshinalaring”, desam unashmadi. Glavvrach dobro berib¸ “Bor chiqsang chiqaver, lyuboy skoriyni olib” dedi. Bitta moshinani olib 3 kun yarador tashidim. Hozir mening delomda “Tez yordam mashinasini o‘g‘irlab ketgani uchun hukumat xalqqa o‘z vaqtida yordam ko‘rsatmadi”, deb ayblayapti. Aslida Suzoqdagi o‘lgan va yaradorlarni kasalxonaga men olib chiqib berganman. Bir-ikkita yarador “O‘lsak o‘lib qolaylik, lekin O‘zbekiston territoriyasiga o‘tkazib qo‘y, baribir bolnisada yordam berishmaydi” deganda, chegarada kovlangan yerga olib kelib O‘zbekistonni tez yordam mashinalariga o‘tkazib berganman. Keyin borib chegarada aktivist bo‘lib yurdim¸ deydi to‘rt oydan beri Moskvadagi tergov izolyatorida qolayotgan Baxtiyor Nuriddinov.

Qirg‘iziston janubidagi vaziyat o‘ta og‘irlashgan kunlarda o‘zi ham O‘zbekistonga o‘tgan Baxtiyorni O‘zbekiston huquq idorasi xodimlari ham 1¸5 oy Andijonda hibsda saqlab¸ so‘ngra Qirg‘izistonga chiqarib yuborgan. Uyiga qaytib¸ uylanib¸ endi vaziyat tinchiydi¸ degan o‘yda yurgan Baxtiyor Qirg‘iziston xavfsizlik kuchlari asosan o‘zbek millatiga mansub yosh yigitlarni qamay boshlagach¸ avvaliga Bishkek¸ undan avgust oyida poyezd bilan Moskvaga keladi.

Noqonuniy muhojirlarga qarshi reyd davomida qo‘lga tushgan Baxtiyor o‘ziga nisbatan Qirg‘izistonda jinoiy ish ochilganidan xabar topadi.

Milliy nizo kunlari kamida 50-60 yaradorni qutqarganini aytayotgan bu yigit¸ og‘ir vaziyatga tushgan hozirgi vaziyatda o‘zini qutqarishga bel bog‘lagan biror millatdoshi topilmaganidan o‘kinadi.

- Qo‘rqishyapti ekan. Men onamga aytdim, shu qutqargan, o‘liklarini topib kelgan odamlarni uylariga kiring desam, kirdi. Ikki kundan keyin menga kechasi telefon qilib “O‘g‘lim, to‘g‘ri tushun...Hamma ko‘rsatma bergani qo‘rqyapti, deyapti. Bu yerda zamon tinchigani yo‘q.”.

Baxtiyor Nuriddinovni taniydigan¸ kerak bo‘lsa, uning el uchun qilgan xizmatlariga guvohlik bera oladigan shaxs Moskvadan topildi. Suzoqlik Shuhrat Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Baxtiyor yaralangan akasini xavfsiz joyga olib chiqqaniga guvoh bo‘lganini hikoya qilib berdi.

- Bu bola o‘zi oddiy kambag‘al oiladan. O‘sha birinchi kuni Sampada Bozorqo‘rg‘ondan xabar keldi – bizning uylarimizni yoqishyapti, o‘nta avtobusda tayyor turibdi, dedi bir odam qo‘ng‘iroq qilib. Shundan keyin hamma yo‘qni kuchaytirib, Sampani yo‘llarini, Jaloloboddan kelish yo‘llarini berkitdik. Keyin vizov bo‘ldi “Yordam bermasalaring maydalab tashlayapti”, deb. Krasina ko‘chasidagi xolam “Bir chekadan yoqyapti”, dedi. Umid yo‘q, kim keladi bizga!? Qo‘liga lopatkami, ketmon bilanmi bollar oddiy tapichkada chiqib ketyapti. O‘sha kuni 4-5 bollarni avtomat bilan otvordi. Uni ham javobsiz turibdi. Jalolobodga yordamga chiqildi. U yerda 4-5 bola o‘ldi, men ismini aytaman – qorniga o‘q tegib o‘lgan Akmal, Tikoda boshiga o‘q tekkan bola. Shularga tez yordam chaqiruvdik¸ kelmadi.

Bu bola do‘xtirni xalatini kiyib, tapichka-shortikda¸ shunga yuragi yetdi-da shu bolani! Tez yordam mashinasi shofyori unamaganidan keyin¸ “Men boraman, onamdan roziligimni olib chiqqanman. Aka-ukalarimiz, qo‘shnilarimiz o‘ligi yotibdi, olib kelaman”, deb shu bola borib o‘liklarni yuklagan. Yo‘lda ayollar chiqqan. Bakiyevning mahallisi Teyit tomonidan sholipoyalar bilan haydab o‘liklarni va ayollarni yetkazib olib borgan. Keyin bir reysdan keyin, meni akam kelayotgan bo‘lgan o‘q yeb. Uni qora kiyimdagi maskadagi odamlar urib bug‘doypoyaga tashlab ketgan. Ikki soat hushsiz yotgan, hech kim bora olmagan. Shunda yana Baxtiyor “Men boraman”, deb UAZni minib ikki kishi bug‘doypoyaga haydagan. Otishma boshlanib ketgan. Shu bola akamni skoriyga yuklab bug‘doypoyadan olib chiqqan¸ deydi Moskvada mehnat qilayotgan suzoqlik Shuhrat.

To‘rt oydan buyon Moskvadagi tergov qamoqxonalardan birida saqlanayotgan suzoqlik Baxtiyor Nuriddinov ishi bilan Inson huquqlari institutining “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti yollagan advokat shug‘ullanmoqda.

Advokat Irina Biryukova Ozodlikka Baxtiyorga nisbatan Qirg‘iziston Jinoiy Kodeksining 72-moddasi yuzasidan jinoyi qo‘zg‘atilganini ma‘lum qildi.

- Oldindan kelishilgan holda bir guruh shaxslar tomonidan mashina olib qochganlikda ayblanmoqda. Lekin u hozir “Qochqinlar to‘g‘risidagi” qonun himoyasi ostidadir. Biz birgalikda qochqinlik maqomini so‘rab ariza berdik. FMSdan javob kutyapmiz, lekin u yerdan ijobiy javob kelmasa kerak, deb o‘ylayman. Chunki Yegorevskda o‘tirgan yana bir qirg‘izistonlik o‘zbek yigiti nomidan yuborgan arizamizga rad javobini olgan edik. O‘tgan juma kuni sud uni qamoqda saqlash muddatini 27 yanvargacha uzaytirib berdi. Demak, hozircha Nuriddinov ishi yuzasidan kassatsiya arizalari yuborish davri boshlandi, deydi Irina Biryukova.

Advokatga ko‘ra, Qirg‘izistonda Baxtiyor Nuriddinovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishiga shifoxona bosh vrachining o‘g‘li yozgan ariza sabab bo‘lgan.

“Hozirda bosh vrach ham, guvoh shofyor ham ishdan bo‘shab ketgan va Qirg‘izistondagi mahalliy huquq-tartibot idoralarining bosimi ostida qolmoqda”, dedi u.

Quyida suzoqlik Shuxrat bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.



Ozodlik Baxtiyor Nuriddinov ishini kuzatishni davom etadi.
XS
SM
MD
LG