Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:07

Yoqilg‘i taqchilligi jamoat transportini sustlashtirdi


Uzbekistan - Long Ques in Tashkent for the Gasoline.
Uzbekistan - Long Ques in Tashkent for the Gasoline.
Kun sayin keskinlashayotgan taqchillik bois O‘zbekistonda qatnovdagi avtobuslar soni siyraklashdi¸ xususiy taksi haqi qimmatladi.

So‘nggi haftalar davomida Toshkent shahridagi jamoat transporti qatnovida uzilishlar kuzatilmoqda.

Shuningdek, Toshkentdan viloyatlarga qatnaydigan shaharlararo avtobuslar qatnovi ham kamaydi.

To‘ytepadan Toshkentga qatnab ishlaydigan Dildoraga ko‘ra, To‘ytepa-Toshkent yo‘nalishida qatnayotgan avtobuslar soni keskin kamayib ketgan.

Dildora keyingi bir hafta davomida faqat taksida qatnashga majbur bo‘layotganini aytdi.

Toshkent avtovokzalining o‘zini tanishtirmagan xodimi shaharlararo avtobuslar qatnovi kamayganini tasdiqlab, bunga yoqilg‘i tanqisligini sabab qilib ko‘rsatdi.

- To‘g‘ri vaqtida yurmayaptida avtobuslar. Yoqilg‘i masalasi chatoq bo‘layaptida, yana solyarka masalasi chatoqligi. Sovuq tushgandan beri ahvol shu. Bizlarda mashinalar gaz bilan yuradi. Gaz masalasi chatoq bo‘layapti. Mana bugun hozir reyslar to‘xtadi. Sovuq. Gaz yo‘q hech qayerda. Avtobuslarimiz yo‘lda qolib ketgan. Hozir 4 yarimgacha mashina bo‘lishi kerak edi. Hozir ikkita mashinamiz yo‘q, yurmayapti. Gaz yo‘q. Ikkita reys qisqardi bugunga, dedi Toshkent avtovokzalining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Aksar viloyat markazlarida jamoat transporti qatnovining avvalgi tartibda ishlayotgani aytilmoqda.

Nukus avtovokzalining o‘zini oshkor qilmagan xodimasiga ko‘ra, Nukus shahrida jamoat transporti qatnovida umuman o‘zgarish sezilmagan.

Ayni paytda¸ bu suhbatdosh Toshkent-Nukus yo‘nalishidagi avtobus qatnovi kamayganini qo‘shimcha qiladi.

- Bizlarda yurayapti avtobus. Lekin Toshkentga bir kun bo‘ladi, bir kun bo‘lmaydi. U yoqdan avtobus chiqmay qolsa, bo‘lmay qoladi. Bizlar u yoqdan kelgan avtobuslar bilan ishlaymizku. Toshkentdan chiqsa, keladi bizga, deydi Nukus avtovokzali xodimasi.

Ismini aytmagan bu manbaga ko‘ra¸ yoqilg‘i taqchilligi ko‘proq Toshkent shahriga ta‘sir qilgan.

Kundalik yumushlari uchun jamoat transportidan foydalanadigan Rasulbek keyingi haftada shahar ichkarisida qatnaydigan avtobuslar qatnovi kamayganinidan shikoyat qilar ekan, taksi kirasi ham qimmatlaganini aytadi.

- Avtobuslarning kamaygani yo‘lovchilar mushkulini ko‘paytirdi. Odamlar taksidan foydlanishni boshlagani uchun taksilar keskin qimmatlab ketdi. Narx ancha qimmatlagan. Teppa-teng oshdi¸ desa ham bo‘laveradi. Masalan, yozda 1000 so‘mga boradigan joyga hozir 2000 so‘mga borasiz. Avtobus kamaygani bilinadi. Avtobus bo‘lmagandan keyin shoshilayotgan odam iloji yo‘q taksiga o‘tiradiyu, deydi Rasulbek.

“Toshshahartransxizmat” tashkilotining o‘zini tanishtirmagan xodimi xususiy taksilarda yo‘l kira qimmatlagani, davlatga qarashli taksilar soni esa keskin kamayganini aytadi.

- Hozir “Toshshahartransxizmat” tashkilotining, Toshkent shahar bo‘yicha avtobus, tramvay, trolleybus bilan shug‘ullanadigan tashkilot, bazasida taksilarning soni ancha kamayib ketgan. Sababi¸ oldin yettita taksomotor parki bo‘lsa, hozir to‘rtta taksomotor parki qoldi¸ birinchidan.

Ikkinchidan, bitta parkda oldin 500-600 ta mashina bo‘lsa, hozir ko‘pi bilan 60-70 ta mashina qolgan. 60tadan mashina bo‘lganda ham to‘rtta taksomotor parkida 240 ta mashina bo‘ladi. Bizning aholi soniga 200-250 ta taksi bilinarli, sezilarli darajada emas. Bu juda kam, deydi “Toshshahartransxizmat” xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra, mutasaddilar vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlayapti.

- Prezidentning 139-qarori chiqdi. Toshkent shahrida yengil avtomobil turlarini rivojlantirish. Oldiniga metropoliten bo‘yicha gap bo‘lgan. “Toshshahartransxizmat”dagi avtobuslar haqida qaror chiqqan. Mana Mersedeslar oldik, Isuzular oldik. Yangi tramvaylar olib kelindi. Endi 1 yanvardan boshlab katta tadbir ketayapti, e‘tibor taksomotor parklariga qaratilgan. Asosiy bizlarning vazifamiz xususiy avtotransport ulovlarini korxonaga qaratish. Ularni bizlar korxonamizga jalb qilayapmiz. Qaymoq ranga bo‘yab, shaxmatlarni o‘rnatib berayapmiz. 1 yanvardan sezilarli darajada shaharda taksi yo‘nalishi takomillashadi, dedi “Toshshahartransxizmat” xodimi.

O‘zbekistonda keyingi oylarda kuzatilayotgan yoqilg‘i taqchilligi o‘z transportiga ega aholi uchun ham qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Mamlakatning barcha viloyatlarida haydovchilar soatlab, ko‘p hollarda esa tun bo‘yi AYoQSh shohobchalari oldida navbat kutmoqda.

Ba‘zi viloyatlardan olingan xabarlarga qaraganda, benzinning “qo‘ldagi” narxi 3000 dan 4000 so‘mgacha chiqqan.
XS
SM
MD
LG