Линклар

O‘tunbayeva: Mashina bermasalar, velosiped haydayman


Qirg‘iziston prezidenti O‘tunbayeva 1 dekabr kuni iste‘foga chiqadi.

Qirg‘iziston prezidenti O‘tunbayeva 1 dekabr kuni iste‘foga chiqadi.

Ikki kundan so‘ng iste‘foga chiqadigan Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva bundan buyon velosiped minmoqchi.

Matbuot anjumaniga yig‘ilgan jurnalistlar Roza O‘tunbayeva iste‘foga chiqqach qanday imtiyozlar olishi va nimalar bilan shug‘ullanishi bilan qiziqdilar. Ma‘lum bo‘lishicha, shu kungacha Qirg‘iziston sobiq prezidenti imtiyozlari to‘g‘risidagi yangi qonun parlamentda qabul qilinmagan ekan. Shu sababli ham prezident iste‘foga ketgach, hozircha hech qanday imtiyozlarga ega bo‘lmaydi.

"Kichikroq bir xona bersalar ham roziman"


- Men, masalan, mashina haydashni bilmayman. Agar menga haydovchisi bilan mashina berishsa, raxmat aytaman. Ammo menga mashina berish yoki bermaslik masalasi hali hal etilmagan. “Mashina berilmaydi”, deb ham aytishayapti. Agar berishmasa piyoda yuraman. Masalan, Daniyada hozirgi Bosh vazir velosipedda yurar ekan. Men ham velosiped sotib olib, minib yuraveraman, Xudo hoxlasa,- dedi Roza O‘tunbayeva.

Prezidentning aytishicha, iste‘foga chiqqach unga prezident rezidentsiyasidan o‘tgan asrning 50-60 yillarida qurilgan kichikroq bir binoni ajratib berishmoqchi. O‘tunbayeva buning uchun qirg‘izistonlik soliq to‘lovchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Ayni paytda 1 dekabr kuni Qirg‘izistonda birinchi marta hokimiyatni ixtiyoriy ravishda yangi saylangan prezidentga topshirayotgan mamlakatning 3-prezidenti Roza O‘tunbayeva eks prezidentlik an‘anasini shakllantirish lozimligini ham aytib o‘tdi.

- Masalan, Amerikada, Rossiyada eks prezidentlar markazlari bor. Bu boy davlatlarda bo‘lgani kabi markazlarni bizda tashkil qilish imkoniyati hozir yo‘q. Ammo Qirg‘izistonda ham eks prezidentlik an‘anasini shakllantirish kerak. Shu nuqtai nazardan menga bir kichikroq xonani ajratib berishsa, u yerda meni izlab kelgan odamlar bilan uchrashish imkoniyati yaratilsa yaxshi bo‘lar edi, deb hisoblayman, -dedi Roza O‘tunbayeva.

"Prezidentlik faoliyatimdan uyalmayman"


Ayni paytda Roza O‘tunbayeva 1 yil 8 oylik prezidentlik faoliyati davrida keyinchalik o‘zi uyaladigan biror ish qilmaganini bildirdi.

- Biz bir yil sakkiz oylik davrda tartib o‘rnatdik. Biz barcha hokimiyat butoqlarini qayta tikladik. Sizga yoqadimi, yoqmaydimi. Har holda bugun parlament ishlayapti. Bu parlament bugungi qirg‘iz jamiyatini barcha qirralarini aks ettirgan. Bu parlament bugun bizga ish haqi to‘layotgan, ijtimoiy jihatdan himoya qilayotgan, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal etayotgan hukumatni shakllantirdi, -dedi O‘tunbayeva.

"Jinoyatchi jazosini oladi"


Matbuot anjumani chog‘ida Qirg‘iziston prezidenti etnik o‘zbeklarning qamoqda va militsiya bo‘limlarida qiynoqlardan o‘lgani to‘g‘risidagi ikkita ishni o‘z nazoratiga olganini va bugungi kunda bu ishlar sudda ko‘rilayotganini ham aytib o‘tdi.

Prezidentining aytishicha, iyun voqealarida ayblanib O‘sh shahar qamoqxonasida saqlangan Mamataziz Buzurukov qamoqxona vrachi tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmagani sababli vafot etgan. Ayni paytda bu jinoyat aybdorlari aniqlanib, ish sudga oshirilgan. Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumani militsionerlari tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan yana bir etnik o‘zbek Usmonjon Xolmirzayev ishi yuzasidan 4 militsiya ofitseri qamoqqa olinib, ular ayni paytda Bishkek yaqinidagi So‘quluq tuman sudida sudlanmoqda.

Ayni paytda Roza O‘tunbayeva O‘sh qirg‘inida asosan etnik o‘zbeklar jabr ko‘rgani va bu qirg‘inda halok bo‘lganlarning 80 foizga yaqini o‘zbeklar bo‘lganiga qaramay, huquq –tartibot tuzilmalari tomonidan iyun voqelarida ayblanib qamoqqa olinganlarning 75 foizi o‘zbeklar ekani haqida eslab o‘tirmadi.
XS
SM
MD
LG