Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:36

O‘zbek shou dunyosining sariq matbuoti


O‘zbek shou biznesidagi eng mashhur saytlardan biri www.shov-shuv.uz Internet nashridir.
O‘zbek shou biznesidagi eng mashhur saytlardan biri www.shov-shuv.uz Internet nashridir.
O‘zbekistonda xonandayu sozandalar soni ko‘paygani sayin¸ ular hayotiga qiziqish ham ortayotgani kuzatiladi.

Avvaliga ko‘cha ko‘ydagi mish-mish gap tarzida quloqdan quloqqa o‘tib yuradigan gaplar bugun O‘zbekistondagi ko‘ngilochar gazeta va internet nashrlariga ko‘chdi.

70-yillardagi muxlislar taniqli hofiz Komiljon Otaniyozovga hindlar fil sovg‘a qilgani va bu fil Dehlidagi sovet elchixonasi o‘tlog‘ini payhon qilganini faqat mish-mish tarzida eshitishgan.

80-yillar muxlisi ham hofiz Faxriddin Umarov itiga oltin tish qo‘yganini faqat orqavoratdan eshitdi.

90-yillar muxlisi ham Toshkentdagi gazetalardan ashulachi Bonuning qatl qilingani tafsilotlarini topa olmadi.

Shu ma‘noda 21-asrdagi o‘zbek musiqa ixlosmandlarining omadi keldi - hofizlarning qayerga borgani¸ nima kiyganiyu nima yeganini yozadigan gazetalar urchidi.

Masalan¸ shu yilning noyabr oyida toshkentlik kriminal avtoritet Salim Abduvaliyevning o‘g‘il uylantirgan to‘yi va unda qatnashgan san‘atkorlar haqidagi ikir-chikirlar www.sayyod.uz nashrida yozildi.

Mustaqil matbuot dushmani deb ko‘rilgan O‘zbekistonda sariq matbuotning deyarli quyushqonsiz faoliyat qilgani kuzatiladi.

O‘zbekistondagi FM kanallardan birida ishlaydigan Sardor ismli boshlovchi Ozodlik bilan suhbatda mamlakat FM hududidagi chegarasiz erkinlikdan gapiradi:

- Tungi efirda bemalol ko‘cha tilida gapiraveramiz. Chmo¸ Lox¸ Harrip kabi gaplar Toshkentdagi FM radiosi lug‘atidan mustahkam o‘rin olib bo‘ldi¸ deydi Sardor.

Suhbatdoshimiz aytayotgan format sariq pressa deb ataladi. Bu atama 1896 yilda Nyu -Yorkda muomalaga kirdi.

"Sariq bola" (Yellow Kid) degan hazil rasmli jurnal sariq matbuotning ilk namunasi deb bilinadi.

O‘zbekistoning o‘ziga mos sap-sariq matbuoti


- Ayni paytda san‘atkorlarning ichki ishtoni haqida bemalol yozadigan bu matbuot¸ nimani yozmaslik kerakligini yaxshi biladi¸ deydi toshkentlik Sardor.

Sardorga ko‘ra¸ bu matbuot Gulnora Karimovani maqtaydi va ayni vaqtda taqiqlangan hofizlar haqida lom-mim demaydi.

Nyu-Yorkdagi moda haftaligi boykot qilingan bir paytda Shov-shuv.uz nashri sohibi Jasur Hamrayev Gulnora Karimova himoyasiga chiqdi.

O‘zbek ashulachilarining uyatsiz klip olgani yoki diniy mavzuga qo‘l urgani hukumat tanqidiga uchraganida o‘zbek sariq matbuoti bu tanqidlarga jo‘r bo‘ldi.

Aravasiga tushsang¸ ashulasini ham aytasan


O‘zbekistonlik ashulachi Aziza Niyozmetova bu matbuotga oid yana bir hususiyatni aytib o‘tdi:

- Bular ashulachi oldiga kelib¸ agar menga oyida pul to‘lab turmasang¸ sen haqingda tanqidiy maqolalar yozamiz¸ deb shantaj qilishadi. Boshqa holda¸ bir-bir hofiz o‘z raqibi haqida tanqidiy “maqola”ga buyurtma berishi mumkin. Ko‘p hollarda ular yolg‘on yozishadi. Masalan “Darakchi” ko‘pincha yolg‘on yozadi. Ularni oldiga borib shu gapni isbotla desak¸ isbotlay olmagan.

Aziza Niyozmetovaga ko‘ra¸ o‘zbek sariq matbuoti o‘zbek zehniyatiga ziddir.

- Bizda sal qog‘ozga o‘rab gapirish¸ degan odat bor. Ular esa yotoqxonamga bostirib kirib¸ ko‘rpa ichidan bit qidirishadi. Ko‘chma ma‘noda gapiryapman. Unaqalarni Xorazmda "ishton biti" deydi.

Aziza Niyozmetova “Jurnalistlar og‘zim bor deb¸ hamma narsani gapiravermasligi kerak” degan fikrda sobit.

O‘zidan ko‘payadigan matbuot


O‘zbek shou dunyosi haqida yozadigan Sardor Komilov Ozodlik bilan suhbatda "reytingimni ko‘taraman" deb yolg‘on yozadigan jurnalistlar ko‘payganini aytadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ bunday jurnalistlar sariq matbuot nashrlarida beorom qushlarday uchib qo‘nib yurishadi.

Masalan¸ Sardor Komilov ishlaydigan "Sayyod" nashriga Saida Vahobova ismli qiz texnik suratkash qilib ishga olingan.

Sal o‘tmay¸ Saida Vahobova "Sayyod"ni tark qilib o‘zi mustaqil ko‘ngilochar nashr ochganini e‘lon qilgan. Qarabsizki¸ yana bir "jurnalist" shou biznes dunyosini yoritmoqda...
XS
SM
MD
LG