Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:41

"Aeroflot" uchun Samarqand osmoni yopiq qolmoqda


Rossiyaning “Aeroflot” aviashirkati 15 noyabrdan boshlash rejalangan Moskva-Samarqand parvozlarini bekor qilishga majbur bo‘lmoqda.

O‘zbekiston mamlakat havo hududiga Rossiyaning “Aeroflot” aviashirkati samolyotlari qatnovlarini cheklayotgani aytilmoqda.

“Izvestiya” gazetasining ma‘lum qilishicha, davlatlararo kelishuvga binoan “Aeroflot” joriy yilning 15 noyabridan boshlab Samarqand shahriga reyslarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

2011 yilning o‘rtalarida “Aeroflot” shirkati Moskva-Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha Airbus A320 samolyotlarida haftasiga olti marotaba (yakshanbadan tashqari) reys amalga oshirishini e‘lon qilgan edi.

Barcha qatnovlarning Sheremet‘evo aeroportidan amalga oshirilishi aytilgan va “Aeroflot” iyul oyidan boshlab bu yo‘nalish bo‘yicha chiptalar sotish va buyurtmalar qabul qilishni boshlagan edi.

O‘zbekiston rasmiylari so‘nggi daqiqada bu yo‘nalish bo‘yicha samolyotlar qatnoviga rozilik bermaganidan so‘ng¸ aviakompaniya yuzlab chipta pulini mijozlarga qaytib berishga majbur bo‘lmoqda.

"Aeroflot"ning Moskva-Samarqand reyslari parvoziga ruxsat berilmaganini tasdiqlay turib Samarqand aeroporti rasmiysi¸ buning sababini oydinlashtira olmasligini ta‘kidladi.

- Moskvadan yurayapti boshqa aviakompaniyalar, ammo “Aeroflot” emas. Uning reyslari yo‘q. Hozircha Samarqandga “VIM-avia”, “Moskoviya”, “Aerosvit” kabilar uchyapti, dedi o‘zini tanishtirmagan Samarqand aeroporti xodimi.

Ozodlik muxbirining "Nega aynan "Aeroflot" uchqichlari Samarqandga qo‘yilmayotir?" degan savoliga Rossiya Transport vazirligi vakili Anastasiya Dombrovskayadan kelgan qisqagina javob xatida ham bu voqea sabablariga izoh berilmadi.

“Rossiya Transport vazirligi O‘zbekiston aviatsiya rasmiylariga Moskva – Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha Rossiya aviashirkatlarining qatnovlari cheklanayotgani masalasi yuzasidan izoh talab qilib murojaat qildi. Javob kutilmoqda”, deyiladi Rossiya Transport vazirligining Ozodlikka yuborgan rasmiy javobida.

Telefon orqali suhbat davomida Anastasiya Dombrovskaya bu kabi so‘rovlar O‘zbekistonga bir necha marotaba yuborilgani va hozircha hech qanday jo‘yali javob olingani yo‘qligini ta‘kidlab o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspektsiyasining Tashqi ishlar bo‘limi mutaxassisi Nigora Qodirova O‘zbekiston tomoni o‘z qarorini reyslar pariteti saqlanib qolishi lozimligi bilan izohlayotganini bildirdi.

- “Aeroflot” masalasida biz Rossiya Transport vazirligi bilan yozishuvlar olib borgan edik. Aytish kerakki, bir necha marotaba yozishgan edik. Ularda bu masala yuzasidan barcha savollarga javoblar olingan. Bu moliya va muvozanat masalasi, u haqda biror narsa deya olmayman, chunki bu masala yuzasidan yakuniy ma‘lumotga ega emasman. To‘g‘risi, bu savol bilan ko‘plab odamlar murojaat qilmoqda, lekin nima sababdan reyslar bekor qilingani va qachon tiklanishi mumkinligiga javob bera olmayman. Bu yuqorida hal etiladigan masala, dedi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspektsiyasi rasmiy vakilasi.

“Aeroflot” aviashirkati rasmiylari esa bu masalaga oid savollarga hozir javob bera olmasliklarini ma‘lum qildi.

Rossiya ommaviy axborot vositalarining bildirishicha, “Aeroflot” shirkatining Samarqand reyslarining bekor etilishi oqibatida bugunga qadar ko‘rgan zarari 200 ming AQSh dollari bilan baholanmoqda - shirkat bu yo‘nalish bo‘yicha chipta sotib olganlarga boshqa yo‘nalishlar yordamida Toshkentgacha yetib olishni taklif qilishga majbur bo‘lmoqda.

“Izvestiya” gazetasining "Rosaviatsiya" tashkilotidagi o‘z manbasiga tayanib xabar qilishicha, Rossiya Havo transporti federal agentligi va Tashqi ishlar vazirligining qo‘shma majlisida agentlik O‘zbekiston rasmiylari harakatiga javob qo‘llash masalasini ko‘targan¸ ammo diplomatik idora O‘zbekistonga nisbatan hech qanday keskin choralar qo‘llamaslik haqida yuqoridan aniq-tiniq buyruq berilganini bildirgan.

Shu yilning oktyabr oxirlarida Rossiya Transport vazirligi O‘zbekistonda sotilgan biletlardan tushgan pul konvertatsiyasiga imkon berilmasa, "O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasining Rossiyaga reyslari sonini qisqartirishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Rossiya Transport vazirligining Jamoatchilik bilan aloqa bo‘limi boshlig‘i Temur HikmatovO‘zbekistonga uchadigan "Aeroflot”, “Transaero” va “Yuteyr”da konvertatsiya qilish imkoni bo‘lmagani bois yig‘ilib qolgan mablag‘ning¸ hozirda taxminan 54,5 million AQSh dollaridan ziyod ekanini aytgan edi.
XS
SM
MD
LG