Линклар

O‘zbekistonda korruptsiya darajasi yil sayin oshib bormoqda. Jahon bo‘ylab korruptsiya muammosini o‘rganadigan Transparency International xalqaro tashkiloti o‘zining navbatdagi hisobotida ana shunday xulosani berdi. 2011 yilgi Korruptsiya darajasiga oid hisobotiga ilova qilingan ro‘yxatda O‘zbekiston 182 davlat ichida 178 o‘ringa qo‘yilgan. Hisobot mualliflari keyingi bir yil ichida korruptsiya muammosi, ayniqsa, siyosat va jamoat sektorlarida chuqur ildiz otishda davom etganini aytishmoqda.

"Korruptsiya, jazosizlik va iqtisodiy beqarorlikka jamiyatlar noroziligi 2011 yilda jahon bo‘ylab o‘z ifodasini topdi", deya boshlanadi Transparency International tashkilotining navbatdagi hisoboti.

"Korruptsiya darajasi indeksi – 2011 hisobotida keltirilgan ma‘lumotlar jamoatchilikning noroziligi asosli ekanini ko‘rsatadi", deyiladi yana hisobotda.

Hisobotga ilova qilingan reytingda O‘zbekiston 182 davlat ichida 178- o‘ringa qo‘yildi.

Hisobot mualliflarining fikricha, korruptsiya muammosi O‘zbekistondan yomonroq bo‘lgan mamlakatlar to‘rttagina, xolos. Bular Afg‘oniston, Myanmar, Shimoliy Koreya va Somalidir.

Transparency International tashkiloti direktor o‘rinsboari Miklosh Marshall Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston eng korruptsiyalashgan davlatlar ro‘yxatidan joy olganini bunday izohladi.

- O‘zbekiston va Turkmaniston kabi mamlakatlarda, haqiqatan, vaziyatni o‘ta qorong‘u deb tasvirlash mumkin. Bu mamlakatlarda hech qanday javobgarlik yo‘q, hukumat elitasi o‘zini hech kim oldida umuman javobgar deb his etmaydi. Siyosiy muxolifat yo‘q, fuqarolik jamiyati yo‘q, erkin matbuot yo‘q, shuning uchun bu mamlakatlarda jamiyat deyarli to‘la yopiq hisoblanadi va oqibatda yaxshi tomonga o‘zgarish ham yo‘q, deydi Transparency International hisoboti mualliflaridan biri.

Marshall korruptsiyaning chuqur ildiz otib borishi davlatlarni oxir-oqibat halokatli oqibatlarga yetaklashiga misol o‘laroq Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada jamoatchilik norziligi Arab Bahori hodisalarida o‘z ifodasini topganini qo‘shimcha qildi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, poraxo‘rlik bir yil ichida, ayniqsa, siyosat va jamoat sektorlarida chuqur ildiz otishda davom etgan.

"Bu muammoga “otkat”, hukumat rasmiylariga pora berish, davlat mulkini talon-taroj qilish, soliqdan bo‘yin tovlash, siyosiy va jamoat sektorlaridagi korruptsiya kabilarni misol qilish mumkin", deydi 182 davlatdagi vaziyatni o‘rgangan Transparency International tashkiloti mutaxassislari.

Korruptsiya darajasini baholashda mamlakatlarga 0 dan 10 gacha ball berildi. Bunda 0 ball korruptsiya muammosi o‘ta dolzarb bo‘lgan mamlakatlarga berildi, korruptsiya darajasi eng past davlatlar esa 10 ball bilan baholandi.

Miklosh Marshallning aytishicha, umumiy vaziyatga nazar solinadigan bo‘lsa, keyingi yillarda korruptsiyaga qarshi kurash niyatini ko‘rsatgan mamlakatlarda jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmagan.

- 5 balldan yuqori natija ko‘rsatgan mamlakatlarda o‘zgarishlar bo‘lmayotgani xavotirlidir. Albatta 5 ball tepasida bo‘lgan davlatlar bir-biridan farq qiladi, lekin korruptsiya shunchalik epidemiya tusini olganki, uni sistematik deb atash mumkin. Ya‘ni uni sistemadagi noqislik emas, sistema desa bo‘ladi, deydi Marshall.

Ayrim davlatlarning ro‘yxat ostida qolib ketayotgani keyingi bir yil davomida Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada odamlarning noroziligi qanday oqibatlarga olib kelganini ko‘rdik, deya davom etadi Marshall.

- Arab Bahori hamon hammaning ko‘z o‘ngida – Tunis, Misrdagi voqealar nimadan boshlanganini eslaylik. U yerda bir oddiy do‘kondor korruptsiya oqibatida boshini qayerga urishni bilmasdan o‘ziga o‘t qo‘ydi. Ya‘ni aytmoqchimanki, davlatlarda korruptsiya darajasi yuqori bo‘lib qolar ekan odamlarning sabr kosasi ham to‘lib boradi.

Bu esa, deydi Transparency International rahbari o‘rinbosari, Markaziy Osiyodagi O‘zbekiston va Turkmaniston kabi davlatlarga aniq mujdani yuborishi kerak.

Miklosh Marshall Rossiya va Belarus kabi davlatlarda ham muammo dorzarbligi oshib borayotganiga e‘tibor qaratadi. Rossiya bu yilgi reytingda Belarus va Nigeriya kabi davlatlardan pastroqda, 143-o‘ringa joylashdi.

Yevropa Ittifoqi davlatlari umuman olganda yaxshi natija ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ittifoqqa a‘zo Italiya va Gretsiya Gana yoki Xitoy kabi davlatlardan pastroqqa joylashdi.

Korruptsiya muammosidan deyarli holi davlatlar sifatida odatdagidek Skandinaviya davlatlari keltiriladi hisobotda. Reytingdagi birinchi o‘rinni esa 9,5 ball bilan Yangi Zelandiya egalladi.

Qo‘shma Shtatlar 24, Turkiya 61, Xitoy 75 va Eron 120-o‘rinlarga qo‘yildi.
XS
SM
MD
LG