Линклар

logo-print
Psixotrop narkotik modda - amfetamin ishlab chiqaruvchi laboratoriyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi hibsga olindi.

23 noyabr kuni Pskov viloyatining Sebej tumani Ovsyanki qishlog‘idagi xususiy hovlilardan birida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan so‘nggi paytda Rossiyada ommalashayotgan kimyoviy giyohvandlik moddasi – amfetamin ishlab chiqarish laboratoriyasi aniqlandi.

Pskov viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot markazi rahbari¸ katta leytenant Aleksey Baranovga ko‘ra, laboratoriyadagi kimyoviy reaktsiya qo‘lda yasalgan uskunalar yordamida amalga oshirilgan.

- Tarkibida amfetamini mavjud sariq rangdagi poroshok aniqlandi. Bu yerda tabletkalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan ekan. Bundan tashqari, uy laboratoriyasi omborxonasida ko‘plab o‘ta zaharli kimyoviy moddalar topildi. Bu laboratoriyada ishlab chiqarilayotgan amfetamin shu darajada kuchli ta‘sir kuchiga egaki, bir gramm amfetamin iste‘mol qilgan shaxsni narkotik holatidan chiqarish uchun bir sutka vaqt ketadi, deydi Aleksey Baranov.

Politsiyachilar xabariga ko‘ra, olib borilgan tekshiruv natijasida jami 50 kg iste‘mol uchun tayyor psixotrop modda – amfetamin va 15 kilogramm xom-ashyo musodara qilingan.

“Hibsga olingan laboratoriya ishchilari orasida xorij fuqarolari ham bor”, deya davom etadi Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi.

- Hibsga olinganlardan ikki nafari O‘zbekiston fuqarosi. Bu ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ikkala o‘zbek yigiti shu yilning iyun oyidan buyon laboratoriyada ishlab kelgan¸ oddiy ijrochilardir. Ular haftasiga 8 kilogram sintetik narkotik ishlab chiqargan. Rossiya Jinoyat Kodeksining 228-moddasi 2- qismi bo‘yicha bu shaxslar 10 yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. Har holda ularning aybdorlik darajasini sud aniqlaydi, deydi Ozodlik bilan suhbatda Pskov viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot markazi rahbari¸ katta leytenant Aleksey Baranov.

Shu sariq poroshokdan amfetamin olinadi

Shu sariq poroshokdan amfetamin olinadi

Baranovning aytishicha¸ sintetik narkotik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda oliy kimyoviy ma‘lumotga ega shaxslar qo‘li borligi taxmin etilmoqda. Unga ko‘ra¸ musodara etilgan 50 kilogram sintetik narkotikning qora bozordagi narxi 23 million rubl atrofidadir.

Pskov viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbari Boris Govorun jurnalistlar uchun uyushtirilgan maxsus brifingda olib borilgan tergov-surishtiruv ishlarining dastlabki natijalarini e‘lon qildi.

Govorun bu laboratoriyada o‘zbeklardan tashqari uch nafar Sankt-Peterburgdan kelgan ruslar ham qo‘lga olinganini aytdi.

Politsiya mutasaddisi peterburgliklardan birining narkokuryer bo‘lgani, 23 va 30 yashar qolgan ikki nafarining esa jinoiy guruh rahbari ekani¸ ularning giyohvandlik moddalari ko‘tara savdosi uchun Internet tarmoqlaridan foydalanganliklarini ham qo‘shimcha qildi.

“Operativ tekshiruvlar davomida to‘qqizta narkotik yashiradigan joydan yettitasining bo‘sh ekani aniqlandi. Sebej tumanida aniqlangan amfetaminning nafaqat Peterburg, balki qo‘shni mintaqa va hatto qo‘shni mamlakatlarda sotilgani taxmin qilinmoqda”, dedi Pskov viloyati politsiyasi rahbari Boris Govorun.

Qo‘shni mamlakatlar der ekan¸ rossiyalik politsiyachi¸ birinchi navbatda Latviya va Estoniyani nazarda tutganini oydinlashtirib o‘tdi.

Pskov va Leningrad viloyatlarida o‘zbek “mardikorlari” tomonidan ishlab chiqarilgan jami 60-70 kilogramm sintetik narkotik musodara qilinganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG