Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:21

O‘zbekistonda uran o‘g‘rilari qamaldi


Toshkentda 30 gramm uranni o‘g‘irlaganlikda ayblangan uch fuqaro 5 yillik qamoq jazosiga hukm etildi.

Toshkent shahar Chilonzor tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Hasan Mashrabov, Salim Abbosov va Mansur Erkinovni uran o‘g‘irlaganlikda ayblab, sudlanuvchilarning har birini 5 yildan qamoq jazosiga hukm qildi.

Chilonzor tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudning navbatchi xodimiga ko‘ra, mahkama uch oy davom etib, o‘tgan hafta sud hukmi chiqqan.

Sud xodimi mahkama tafsilotlariga to‘xtalmadi.

Chilonzor tuman prokurori yordamchisi Mohira Shukurullayeva imzosi bilan “Noviy vek" gazetasi saytida e‘lon qilingan "Bankadagi uran" nomli maqolada ëzilishicha, sudlanuvchilar uranni Navoiy kon-metallurgiya kombinatidan o‘g‘irlab Toshkentda sotmoqchi bo‘lganlar.

Maqolaga ko‘ra, toshkentlik tadbirkor Samir Abbosov uran sotib olishga xaridor topadi va bu ishga vaqtinchalik ishsiz yurgan sinfdoshi Mansur Erkinovni jalb qiladi.

Chilonzor tuman prokurori yordamchisining yozishicha, o‘zaro kelishuv natijasida Mansur Erkinovning Navoiy kon-metallurgiya kombinatining elektr-mexanika bo‘limida ishlaydigan tanishi Hasan Mashrabovga 5000 AQSh dollari va‘da qilinadi.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, Hasan Mashrabov kombinatdan uran parchasini o‘g‘irlab, shisha idishga solgan holda yashirib olib chiqadi.

Navoiyga kelishi kutilgan uran xaridorining kela olmasligi ma‘lum bo‘lgach, Mansur Erkinov bilan Hasan Mashrabov uranni olib o‘zlari Toshkentga yo‘lga chiqadi.

Ular Navoiy-Toshkent yo‘nalishidagi jamoat transportida Toshkent shahriga kirish payti qo‘lga olinadi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Yadro fizikasi institutida o‘tkazilgan ekspertiza natijasida ikki litrlik shisha idishda 30 gramm uran borligi aniqlangan.

Chilonzor tuman prokurori yordamchisi uran xaridorining kimligi va uni nima maqsadda sotib olmoqchi bo‘lgani haqida yozmagan.

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ma‘sul xodimi Natalya Olsyorova Ozodlik bilan suhbatda, kombinatdagi o‘g‘irlik bo‘yicha faqat rasmiy ravishda murojaat qilish shartligini ta‘kidlash bilan cheklandi.

- Bizning kombinat yopiq tartibda ishlaydigan tashkilot bo‘lgani uchun faqat rasmiy tarzda murojaat qilganingizdan keyin javob berishimiz mumkin, dedi Natalya Olsyorova.

Jahon yadroviy uyushmasi hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekiston 100 ming tonnadan ortiqroq uranga ega va mamlakat yiliga 2500 tonna uran ishlab chiqaradi.

O‘zbekiston uran ishlab chiqarish bo‘yicha jahonda 12-o‘rinda turadi.
XS
SM
MD
LG