Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:52

Atambayev Xudo nomi bilan qasamyod qildi


Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva saylangan prezident Almazbek Atambayevga vakolatini topshirmoqda.
Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayeva saylangan prezident Almazbek Atambayevga vakolatini topshirmoqda.
Qirg‘izistonda birinchi marta hokimiyat tinch yo‘l bilan navbatdagi prezidentga topshirildi.

“Men, Atambayev Almazbek Sharshenovich, Xudo va xalqim oldida davlat rahbari vakolatlaridan adolatli foydalanishga , inson va fuqarolar

huquqlarni himoya qilishga, Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga qat‘iy amal qilishga, xalq birligini, davlat yahlitligi va xavfsizligini ta‘minlashga qasamyod qilaman”, deb ont ichdi Almazbek Atambayev bugun Bishkekda o‘tkazilgan inaguratsiya marosimida.

Qasamyoddan so‘ng so‘zlagan nutqi davomida Almazbek Atambayev o‘zining prezident sifatidagi birinchi galdagi vazifasi mamlakatda millatlararo ishonchni qayta tiklash, 2010 yil iyun voqealari takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik, millatchilikka qarshi kurash bo‘lishiga ishoratlar qildi.

Roza O‘tunbayevani gullar va qarsaklar bilan kuzatishdi.
Roza O‘tunbayevani gullar va qarsaklar bilan kuzatishdi.
Qirg‘izistonda millatchilik ruhidagi siyosatchilar va ularning tarafdorlari mamlakatdagi barcha millat vakillariga qirg‘iz tilini majburlab o‘rgatish, qirg‘izchani bilmagan odamlarni lavozimlardan bo‘shatish yoki lavozimlarga tayinlamaslik kabi talablarni kun tartibiga qo‘yib keladi. Atambayev o‘z nutqi davomida bu kabi qarashdagi shaxslarga ham javob berdi.

“O‘rta yoshdagi yoki yoshi o‘tib qolgan odamlardan yana bir tilni o‘rganishini umid qilish mumkin emas. Shuning uchun davlat tilini bolalar bog‘chasidan o‘rgatish zarur. Davlat esa buning uchun ularga sharoit yaratib berishi, tushunarli darsliklar bilan ta‘minlashi kerak”, dedi Atambayev.

Gruziya prezidenti Saakashvili inaguratsiya marosimiga kelgan oliy martabali mehmonlardan biri bo‘ldi.
Gruziya prezidenti Saakashvili inaguratsiya marosimiga kelgan oliy martabali mehmonlardan biri bo‘ldi.
Yangi prezident millatchilikka barham berish maqsadida Qirg‘iziston pasportlarida millat ko‘rsatilmasligi, uning o‘rniga “Qirg‘iziston Respublikasi fuqarosi” deb yozilishi shartligini ta‘kidlab o‘tdi.

Atambayev 3-4 yil ichida mamlakatdagi vaziyat tubdan o‘zgarishini, barcha qirg‘izistonliklar ish bilan ta‘minlanishini ham va‘da qildi.

Inaguratsiya marosimiga Turkiya prezidenti Abdulla Gul, Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili, Rossiya prezidenti ma‘muriyati rahbari Sergey Narishkin, Qozog‘iston Bosh vaziri Karim Masimov, Tojikiston Bosh vaziri Oqil Oqilov, Ozarbayjon Bosh vaziri Artur Rasizoda rahbarligidagi delegatsiyalar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari tashrif buyurdilar.

Almazbek Atambayev Qirg‘izistonning to‘rtinchi, hokimiyatga tinch yo‘l bilan kelgan birinchi prezidenti bo‘ldi. U kelgusi 6 yil mobaynida mamlakat prezidenti vakolatlarini bajaradi.
XS
SM
MD
LG