Линклар

Surxondaryo viloyati Angor tumanida rayon Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i elektrsiz tunda bo‘g‘izlab ketildi.

Mahalliy militsiyaga ko‘ra, suiqasd 26 noyabr kuni kechqurun Karim Jo‘rayev ishdan uyiga qaytayotgan paytda qorong‘u ko‘chada ro‘y bergan.

Hujumdan tirik qolgan Elektr tarmoqlari xo‘jayini hozirda tuman kasalxonasida qolmoqda¸ hozirda uning ahvoli og‘ir emasligi aytilmoqda.

Angor tuman militsiya xodimining aytishicha, Karim Jo‘rayev o‘ziga hujum qilgan odamni qorong‘u bo‘lganligi uchun taniy olmagan va uni tasvirlab berolmagan. Voqea guvohlari ham qorong‘u bo‘lganligi tufayli jinoyatni sodir etib qochgan shaxsni ko‘rmagan.

Karim Jo‘rayevning militsiyaga bildirishicha, avvaliga notanish shaxs yo‘lini to‘sib¸ uning kimligini so‘ragan. Jo‘rayev, "Men Elektroset boshlig‘iman" degan zahotiyoq, notanish unga pichoq bilan tashlanib bo‘g‘izlagan.

Suiqasd sabablari¸ aytilishicha¸ Karim Jo‘rayev uchun ham, militsiya uchun ham qorong‘u qolmoqda.

Ammo Angorda ushbu voqea atrofida turli mish-mishlar urchib ketdi.
Ozodlik bilan bog‘langan va o‘zining kasalxona xodimlari bilan ayni voqea yuzasidan gaplashganini aytgan angorlikka ko‘ra¸ Jo‘rayevga Elektroset faoliyatidan qattiq norozi bo‘lgan odam hujum qilgan.

Mahalliy aholi gumonicha, bu odamning xotini jarrohlik amaliyoti davomida elektr uzilganligi sababli nobud bo‘lgan va u Elektroset boshlig‘idan qasd olmoqchi bo‘lgan.

Angor militsiyasi bu haqda hech narsa ma‘lum emasligi bildirdi. Ammo ayni mish-mishni tekshirib ko‘rish asnosida qilingan Ozodlik surishtiruvi ikki narsani aniqlashga imkoniyat berdi.

Angorda Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘ining bo‘g‘izlangani qanchalik rost bo‘lsa, elektr ta‘minotidagi uzilishlarning muntazamligi ham shunchalik haqiqat.
XS
SM
MD
LG