Линклар

“Daimler AG” O‘zbekistonda qo‘shma korxona ochmoqchi


“Daimler AG” shirkati O‘zbekiston hukumati bilan kelishuvga erishish uchun Toshkent rasmiylariga millionlab pora berganini tan olgan.

“Daimler AG” shirkati O‘zbekiston hukumati bilan kelishuvga erishish uchun Toshkent rasmiylariga millionlab pora berganini tan olgan.

Germaniyaning “Daimler AG” shirkati Mercedes-Benz rusumidagi yo‘lovchi avtobuslarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha “O‘zavtosanoat” bilan muzokara olib bormoqda.

Germaniyaning “Daimler AG” shirkati vakili O‘zbekistonning “O‘zavtosanoat” shirkati bilan Mercedes-Benz rusumidagi yo‘lovchi avtobuslar ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona tuzish borasida so‘zlashuvlar olib borilayotganini tasdiqladi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda shirkat matbuot vakili Utevest fon Vellberg O‘zbekiston Mercedes-Benz avtobuslarining ishonchli xaridoriga aylangani sabab shunday qo‘shma korxonaga zarurat tug‘ilganini aytadi.

-O‘zbekiston Mercedes-Benz avtobuslarini sotib oladigan yirik davlatlardan biri hisoblanadi va bu mamlakat shunday avtobuslarning katta parkiga ega.

Shundan kelib chiqib, avtobuslarni mamlakatni o‘zida ishlab chiqishga zarurat bor deb o‘ylayapmiz, dedi Utevest fon Vellberg.

“Daimler AG” shirkati 1994 yildan beri shu kungacha Toshkentga mingga yaqin avtobus, shuningdek Mercedes-Benz Conecto Low Floor avtobuslari uchun zarur ehtiyot qismlari va mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun maxsus texnik jihozlarni yetkazib keladi.

"Toshshahartransxizmat" shirkatiga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxtida mingta Mercedes-Benz avtobuslari kuniga bir yarim million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

“Daimler AG” shirkati vakili qo‘shma korxona qanday shartlar asosida va qachon tashkil qilinishini ochiqlamadi.

- Hozir bu muzokaralar bosqichida. O‘zbek tomoni bilan muzokaralar hali ham davom etmoqda. Kelishuv tafsilotlarini hozircha aytolmayman¸ dedi Utevest fon Vellberg.

Xabarlarga ko‘ra, qo‘shma korxona Toshkentdagi “Chkalov” nomli samolyotsozlik zavodi negizida bo‘ladi.

“O‘zavtosanoat” shirkati 2010 yil 7 may kuni Germaniyaning "Daimler AG" avtokontserni bilan zavod negizida avtobus ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolagan edi.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari uchun sayyohlik, shaharlararo, shahar ichkarisida harakatlanuvchi avtobuslar hamda mini avtobuslar ishlab chiqarishi rejalangan qo‘shma korxona ta‘sis fondining 8 million AQSh dollari ekani va mazkur korxonada yiliga 600 ta avtobus ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilayotgani bildirilgan.

Yengil avtomobillar va yuk mashinalari ishlab chiqaradigan Germaniyadagi "Daimler AG" shirkati ikki yil avval AQShning poraxo‘rlikka qarshi qonunini buzganligi bilan bog‘liq janjal markazida qolgan edi.

Nemis shirkati 1998-2008 yillar davomida kamida 22 davlatda rasmiylarga o‘nlab million dollar miqdorida pora berganlikda ayblangan va pora berilgan davlatlar orasida O‘zbekiston ham borligi aytilgan.

Lekin “Daimler AG” vakili bu yuzadan izoh bermadi.

Shirkat muzokara olib borayotgan “O‘zavtosanoat” avvalroq “MAN Truck & Bus” bilan hamkorlikda Samarqandda “JV MAN Auto” qo‘shma korxonasiga asos solgan va MAN yuk mashinalarini ishlab chiqara boshlagan edi.

Zavod Samarqanddagi “Samavto” zavodi avvalroq kasodga uchragan SamKochAvto o‘zbek-turk qo‘shma korxonasi o‘rnida ochilgan edi.

1999 yilda ochilgan SamKochAvto kichikroq sig‘imli “UzOtoyol” avtobuslarini ishlab chiqargan¸ keyinchalik bu zavodda yaponiyalik sarmoyadorlar ishtirokida Isuzu rusumidagi mini avtobuslar yig‘ilgan.

Bundan ham oldin, 1993 yilda Xorazmda Mersedes-Benz yuk mashinalari ishlab chiqarish bo‘yicha tashkil etilgan O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi faoliyati ham uzoqqa bormay, kasodga uchragan edi.
XS
SM
MD
LG