Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:13

O‘tilmagan darsni o‘tildi demagan o‘qituvchi jazolandi


Olotlik o‘qituvchi G‘aybulla Bektoshevga ko‘ra, bu yilgi paxta mavsumida uning maktabida 1780 soat dars qoldirilgan.
Olotlik o‘qituvchi G‘aybulla Bektoshevga ko‘ra, bu yilgi paxta mavsumida uning maktabida 1780 soat dars qoldirilgan.
Olotdagi 4-maktab direktori muovini G‘aybulla Bektoshev paxta mavsumida o‘tilmagan darslarni rasmiylashtirmagani uchun ishdan olindi.

Buxoro viloyatining Olot tumanidagi 4-maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari G‘aybulla Bektoshev paxta mavsumida o‘tilmagan dars soatlarini o‘tildi, deb rasmiylashtirish haqidagi talabni bajarmagani uchun avvaliga hayfsan olgan edi.

Bektoshevning Ozodlikka bildirishicha, 22 noyabr kuni maktabda tuman Xalq ta‘limi bo‘limi rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lgan va shu yig‘inda uni ishdan olishgan.

- Keldilar, pedsovetga hamma o‘qituchilarni yig‘dilar. Ko‘pchilik o‘qituvchi imzo chekkan bir arizani ko‘rsatdilar va shu asosdan meni ishdan oldilar. Emishki, men o‘z vakolatimni umuman bajarmaganmishman, deydi G‘aybullo Bektoshev.

Ammo 22 dan ortiq o‘qituvchi imzolagani aytilgan maktub mazmunidan jamoadagi ko‘pchilik o‘qituvchi bexabardir¸ deb davom etadi olotlik zavuch.

- O‘qituvchilar hayron bo‘lib qarayapti. Men aytdim, arizaning orqasiga yozilgan ro‘yxatdagi o‘qituvchilarning ismlarini o‘qing, balki bular bilmay qo‘l qo‘ygandir, so‘raylik o‘zlaridan, desam, yo‘q bir sir tutiladi, deyishdi-da o‘qishmadi, deydi Bektoshev.

Bektoshevga shu yilning 5 noyabrida paxta mavsumi davomida o‘tilmagan dars soatlarini rasmiylashtirmagani uchun berilgan hayfsanda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosariga “vakolat doirasidagi ishni bajarmadi” degan ayb qo‘yilgan edi.

O‘qituvchining aytishicha, 19 sentyabrdan o‘quvchilar hech qanday buyruqsiz, farmoyishsiz paxtaga chiqib ketgan va 17 oktyabrdan darsga qaytgan.

Bektoshev shundan so‘ng tuman Xalq ta‘limi bo‘limi rahbariyati o‘zidan paxta vaqtida ham dars o‘tildi deb, o‘qituvchilarga ish haqi tabelini ëzishni so‘ragani, biroq maktabda paxta mavsumida 1780 soat dars qoldirilgan bir paytda bunday qalbalikka rozi bo‘lmagani uchun unga hayfsanga loyiq topilgan edi.

Buxoro viloyati Xalq ta‘limi boshqarmasi mutasaddisi Olim Hafizov Bektoshevning bu da‘volarini butunlay inkor qildi.

Ovozi yozib olinishiga rozi bo‘lmagan mutasaddi rahbarga ko‘ra, Olot tumanidagi na 4-maktab va na boshqa biror maktab o‘quvchilari darsni tashlab paxtaga chiqmagan va umuman dars soatlari qoldirilmagan.

Olim Hafizov bunday asossiz iddao bilan chiqqan G‘aybulla Bektoshev o‘z xizmat vazifalarini bajarmagani uchun asosli ravishda ishdan olinganini aytdi.

Mutasaddi rahbarning bunday javobiga munosabat bildirgan G‘aybulla Bektoshev bu gaplarning ëlg‘on ekanini tasdiqlaydigan dalillari yetarli ekanini bildirdi.

- Shaxsan mening o‘zimni 7-sinf o‘quvchilariga fizika fanidan haftasiga to‘rt soatdan darsim bor edi. 19 sentyabrdan 17 oktyabrgacha maktabning 7¸ 8, 9-sinf o‘quvchilari darsni tashlab paxataga chiqdi va mening darslarim ham bo‘lmadi. Buni isbotlaydigan hamma hujjatlar bor.

Yillar davomida shu masala ko‘tarilmagan. Men shu masalani ko‘targanim uchun menga qasdlanib qolishdi bular, deydi G‘aybulla Bektoshev.

Пахтазор Африка
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:34 0:00
O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining butun mamlakat bo‘ylab o‘qish o‘rniga paxta terdirilganiga oid hujjatlar xalqaro matbuot ixtiërida ham talaygina.

G‘aybulla Bektoshev tuman va viloyat Xalq ta‘limi boshqarmasida o‘z ishi yuzasidan adolat qaror toptira olmasligiga ishonchi komil ekani bois qator yuqori tashkilotlarga murojaat qilganini aytadi.

- Men shundan keyin oltita katta tashkilotga xat jo‘natdim. Vazirlikka, Prezident devoniga, Prokuraturaga, Oliy sudga ham. 8 noyabrda xat yozgan bo‘lsam, birorta javob bo‘lgani yo‘q. Ammo maktab rahbariyati mendan keyin jo‘natgan arizaga darhol javob bo‘lib, ularning chopib yetib kelganiyu, darhol chora ko‘rganiga hayron o‘tiribmanda, deydi G‘aybulla Bektoshev.

O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatini taqiqlovchi qator xalqaro hujjatlarga qo‘l qo‘yganiga qaramay¸ mamlakatda har yili paxta yig‘im-terimi mavsumida o‘quvchilar majburan dalaga haydalmoqda.

Xalqaro va mahalliy huquq himoyachilari taxminicha¸ har yili paxta mavsumida 2 millionga yaqin o‘zbekistonlik bola o‘qish o‘rniga paxta teradi.

Bolalar mehnatidan qullarcha foydalanishni to‘xtatish borasida O‘zbekiston hukumatiga bosim o‘tkazishni maqsad qilgan xalqaro kampaniyaga qo‘shilgan 60 dan oshiq yirik G‘arb shirkati bolalar mehnati evaziga terilgan o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.
XS
SM
MD
LG