Линклар

logo-print
Sankt- Peterburgda to‘qqiz yildan buyon mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik Dilshodbek "Muhojir kundaligi"ga o‘z blogini yo‘llab, muhojirlikda yashayotgan hamyurtlarini o‘zaro fikr almashishga chaqiradi.

O‘zbekistonda ota-onam qo‘ygan ism qolib, Rossiyada "gastarbayter"ga aylandim. Yana “churka”, “cherniy” bo‘ldim. Men singari non izlab Rossiyaga kelgan hamyurtlarimizning bu kabi “ism”lari juda ko‘p.

Odam xo‘rligi keladi, albatta bu so‘zlar bilan bizni ifodalashsa.

Bu o‘lkalarga kelganimga sal-kam to‘qqiz yil bo‘lgan bo‘lsa ham, bunga ko‘nika olganim yo‘q.

Tan olish kerak, bu yerda O‘zbekistonga nisbatan nafas olish osonroq.
To‘g‘ri va ko‘chma ma‘noda ham. Dengiz yaqin va yomg‘ir tez-tez yog‘ib, tabiatni changdan tozalab turadi.

Sankt-Peterburg - katta megapolis, 6,5 millionga yaqin aholi yashaydi.
Meni hisobimcha, 1 millionga yaqin - biz “qoralar” ham shuni ichiga kiramiz.

Shahar tarixi qiziqarli, ba‘zan fojiali. Shahar menga yoqadi.

Revolyutsiyadan oldin qurilgan uylarning birontasi bir-biriga o‘xshamaydi. Men ham 1880 yilda qurilgan uyda yashayman.

To‘qqiz yil ichida ancha o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Bu yerda odamlarning moddiy holati ancha yaxshilandi.

Ko‘chadagi avtomobillarga qarasangiz, 90 foizi “inomarka”. Buning ustiga 60 foizi yangi mashinalar. Ana endi, odamlarning hayot sharoiti qandayligiga, o‘zingiz xulosa chiqarib olavering.

Shu narsaga guvoh bo‘ldimki, bu yerdagi o‘ziga to‘q insonlar siyosiy va ijtimoiy sohalarga qiziqa boshladilar.

Internetni rivojlanishi ham odamlar ongiga ta‘sir qilar ekan. Shahardagi 3 ta telekanalda o‘yin-kulgu haqidagi ko‘rsatuvlar ko‘pligiga qaramay, sankt-peterburgliklar internetdagi “achchiq haqiqat”ga e‘tibor qaratmoqdalar.

Bu o‘zgarishlar biz “qora”larni ham chetlab o‘tmadi. Rossiyaga 3-4 marta kelib-ketgan o‘zbek, bu yer bilan O‘zbekistonni solishtira boshladi.

Shaxsan o‘zimning ham hayotim, ham dunyoqarashim o‘zgardi.

Bu yerga kelganimdan beri juda ko‘p ishlarda ishladim. Asosan texnika va qurilish bilan bog‘liq sohalarda.

“Qoralar”, asosan, og‘ir, qiyin va kam haq to‘lanadigan joylarda ishlaydi. Ko‘pincha ishga ruxsatnomasiz joylashadi. Hech qaysi ishxona ijtimoiy himoya bilan ta‘minlamaydi.

Mahalliy “biznesmen”lar uchun ham bu juda qulay. Mahsulot tannarxini ancha arzonlashtiradi. Lekin ishchi kuchining narxini ancha tushirib yuboradi.

Yoshligimda ruslar aqlli, tarbiya va bilim darajasi baland millat sifat sifatida gavdalanardi (sovetcha targ‘ibotning ta‘sirida).

To‘qqiz yil davomida ruslar oddiy inson ekanligini tushundim. Bizdan farqi yo‘q ekan. Ular ham biz kabi sodda va kamchiliklardan xoli emas. Faqat madaniy qarashlarimizda tafovut bor, xolos.

“Komunalka”da yashayman. Rus qo‘shnilarim hojatxonadan foydalangandan keyin qo‘llarini yuvishmaydi. Shu narsa ko‘p g‘ashimga tegadi.

Agar ruslar bilan birga o‘tirib, aroq ichsang, ular uchun sendan yaxshi odam yo‘q. Bu paytda sening “qora”liging, rus tilini bilmasliging ularni qiziqtirmaydi.

Yana ularning qalbi toza. Ichidagi gapini bir tomchisini ham qo‘ymay yuzingga aytadi.

O‘zbekdagi andisha tushunchasini bu yerda topa olmaysiz. Shuning uchun to‘g‘ri tushunib, xafa bo‘lmaslikka harakat qilamiz.

Faqat ba‘zida o‘ylayman. Uzooooq o‘ylayman. Agar bir kun kelib, rossiyaliklar butun nonining kichkina qismini ham "qoralar" bilan bo‘lishgisi kelmay qolsa, BUYuK O‘ZBEK XALQI nima qilarkin???

-----------

Dilshodbek.

Sankt-Peterburg. 2011 yil 4 dekabr.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG