Линклар

logo-print
O‘zbekistonlik tadbirkor Shermat Sharipov uchun Koreyada biznes qilish bir yillik qamoqqa aylandi.

10 yil avval Janubiy Koreyaga ish izlab borib keyinchalik o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan, bu mamlakatga minglab dollarlik sarmoya kiritgan buxorolik Shermat Sharipov koreyalik hamkorlari o‘zini qanday chuv tushirishgani, bir yil qamoqda ham o‘tirib chiqqanini gapirib berdi.

Asli buxorolik 35 yashar Shermat aka uch yil avval koreyalik sheriklari bilan birga Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida savdo shirkati ochdi.

Buning uchun u Koreyada yetti yil ishlab orttirgan butun mol-mulkini tikdi.

Ko‘p o‘tmay Sharipov Koreya migratsiya qonunchiligini buzganlik aybi bilan hibsga olindi va bir yil mobaynida migratsiya politsiyasi qamoqxonasida ushlab turildi.

Butun mol-mulkidan ayrilgan, boz ustiga bo‘ynigacha qarzga botib qolgan Shermat Sharipov hozir ozodlikda, lekin hali ham O‘zbekistonga qaytmagan.

Ozodlikka Skype orqali bog‘langan Sharipov nimaga bir yil qamoqda tergovsiz ushlab turilgani yuzasidan Koreyadagi hukumat idoralaridan javob izlayotganini aytadi.

- Endi men hozir davlatning o‘ziga tashlayapman. Bir yil meni nohaq ushlab turdi. Menga yetkazgan zararini to‘lasin deyapman, bir yil meni nohaq qamoqqa tashlagani uchun. Tergov qilmasdan, nohaq ayblab bir yil saqlagansizlar, deyapman. Chet el fuqarosini tarjimon bilan tergov qilishi kerak, qani tergov xulosasi, qani, deydi Sharipov.

Buxoroning Jondor tumanidan bo‘lgan Shermat Sharipov dastlab 2001 yilda Koreyaga ish izlab borgan va shu bilan hayoti bu davlat bilan bog‘lanib qolganini aytadi.

Koreyada rus tilida chiqadigan “Seulskiy vestnik” ro‘znomasining yozishicha, so‘nggi o‘n yil ichida Sharipov o‘z familiyasini rasman uch marta o‘zgartirgan va Koreyaga har xil familiyalarda kirgan.

Sharipovning Koreyaga ikkinchi tashrifi uning bu mamlakatdan badarg‘a etilishi bilan yakun topgan. Buning ustiga buxorolik tadbirkor 2007 yilda avtomobilni haydovchilik guvohnomasiz boshqarganlikda ham ayblangan.

Mana shu ayblovlar asosida u Koreyadan chiqarib yuborilgan va uning besh yil ichida bu mamlakatga kirishi taqiqlangan.

Oradan bir yarim yil o‘tib Shermat Sharipov eski familiyasi bilan yangi pasport oladi va besh yillik cheklovga qaramay yana Koreyaga kirishga muvaffaq bo‘ladi.

“2008 yil avgust oyida ukam avariyaga uchradi. Tug‘ishgan ukam. Ukamning halokati sabab Koreyaga majbur kelganman”, deydi buxorolik tadbirkor.

Oxirgi marta 2008 yilda avtohalokatdan shikastlangan ukasini davolatgani Koreyaga borgan payt Shermat Sharipov o‘zini bu mamlakatda tadbirkor sifatida sinab ko‘rishga ahd qiladi.

Koreyaga kelishi bilan buxorolik tadbirkor bir shirkatning ikki xodimi bilan tanishadi. Ular Shermat Sharipovga Koreyada biznes boshlashga yordam va‘da qilishadi. Barcha ishda ular vositachilik qilishadi.

- Ukamni davolash uchun Koreyaga kirganimdan keyin, koreys doktorlar ukamni davolab chiqarib yubordi. Men koreys partnyorlar bilan tanishdim. Ular menga bitta firma qilib beramiz, ketma deyishdi. Xullas ular bilan gaplashib firma qilganman, deydi Shermat Sharipov.

Koreya va MDH davlatlari o‘rtasida savdo aloqalarini rivojlantirmoqchi bo‘lgan tadbirkor sal vaqt o‘tib Inchxon va Xvason immigratsiya politsiyasi tarafidan hibsga olinadi, bir yil qamoqda o‘tirib chiqadi.

Sharipovga ko‘ra, u 170 million von mablag‘idan ayrilib, sog‘ligini yo‘qotadi.

Endilikda Shermat Sharipov koreyalik hamkorlarini firibgarlikda ayblamoqda.

- Ularga ishonib shu ishni qildim. Ular meni ishontirgan. Gapiga ishonib, Koreyaga investitsiya, pul kirgitganman. 45 ming dollar, Koreya puli bilan 67 yarim million bo‘ladi. Xullas firma ochilgan, ofisga yangi mashina, kompyuterlar olganman. Hamkorlarim bilan partnyorskiy kontraktlar qilganman. Ular hammasini yo‘qotib, o‘z foydasiga o‘zlashtirib, hujjatlarni soxtalashtirib, meni bular bir yilga qamatib yuborishdi. Mening nomimdan ular170 million von turadigan soxta soliq hujjatlarini rasmiylashtirishgan.Ularni ozgina qamab chiqarib yubordi, deydi Sharipov.

Shermat Shiripov Koreyada biznes qilish uchun mamlakatga 40 ming dollardan ortiq sarmoya kiritgan.

Buning uchun u O‘zbekistondagi uy-joyini sotgani, Koreyada mehnat qilib topgan pullariyu, olgan qarzlarini tikkanini koreyalik hamkorlari uni chuv tushirishganini aytadi.

Bugungi kunda mol-mulkidan ayrilgan Shermat Sharipov hozir nimaga bir yil qamoqda tergovsiz ushlab turilgani yuzasidan javob olish uchun sudma-sud yuribdi.

- O‘ylab ko‘ring, nima uchun ular meni bir yil tergovsiz qamoqda ushlab turdi. Qamoqda yotganimdan sakkiz oy o‘tib militsiya tergovga kiryapti. Lekin, Koreya qonunlarini o‘rganib chiqayapman, 48 soatda militsiya tergovga kirishi kerak. Qonun bo‘yicha 48 soat ichida kirishi kerak, meni yonimga sakkiz oy deganda kirgan, - deydi tadbirkor.

Koreyalik firibgarlarni va‘dalariga uchib aldangan buxorolik tadbirkor o‘zga elda ish boshlashdan oldin o‘n karra o‘ylab ko‘rishni boshqalarga maslahat qiladi.

- Yot elda bir qarashda ochiq, halol, chin ko‘ngilli bo‘lib ko‘ringan odamlar ham sizni chuv tushirishi mumkin. Shuning uchun biron ishga pul tikishdan oldin obdon o‘ylab ko‘rib, keyin qaror qabul qilish kerak ekan, - deydi Sharipov.
XS
SM
MD
LG