Линклар

O‘zbekistonga ikkinchi "Afrosiyob" kelayapti


Bir necha o‘n millionlik ispan poyezdi uch oy ichida 3000 yo‘lovchi tashigan.

Bir necha o‘n millionlik ispan poyezdi uch oy ichida 3000 yo‘lovchi tashigan.

8 dekabrda bayram qilinadigan Konstitutsiya kuni munosabati bilan O‘zbekistonga yuqori tezlikda yuradigan ikkinchi poyezd keltiriladi.

Bu ma‘lumotni Ozodlik “O‘zbekiston Temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmatidan oldi.

Ispaniyaning Patents Talgo S. A. shirkatida ishlab chiqarilgan birinchi poyezd joriy yil sentyabrida “Afrosiyob” degan nom bilan Toshkent – Samarqand yo‘nalishida qatnay boshlagan edi.

“O‘zbekiston Temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Haydarali Mamadaliyevning Ozodlikka aytishicha, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida poyezdlar ilgari poyezdning tipiga qarab 3 yoki 4 soat yurar edi. "Ekspress bo‘lsa tezroq, umumiy yo‘nalishdagisi sekinroq. “Afrosiyob” poyezdi 2 soatu 20 minut yurmoqda. Navro‘zga qadar 2 soatga tushadi”.

Hozirda dam olish kunlari qatnayotgan “Afrosiyob” poyezdining chiptalari ham oddiy poyezdlarnikiga qaraganda qimmatroq – 40 mingdan 60 ming so‘mgacha.

Ikkinchi sostav yetib kelganidan so‘ng ham, matbuot kotibining aytishicha, “Afrosiyob” poyezdi faqat shanba-yakshanba grafigini saqlab qoladi. O‘zgaradigan narsa - tezyurar poyezdlardan biri harakatni Toshkentdan boshlasa, ikkinchisi Samarqanddan boshlaydi.

Haydarali Mamadaliyevga ko‘ra, yaqin kelajakda Toshkent-Buxoro va Toshkent-Xiva yo‘nalishlarida ham “Afrosiyob”ga o‘xshagan poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Ayni paytda O‘zbekistonda elektr energiyasi taqchilligi kuzatilayotgani hisobga olinsa, yuqori tezlikdagi poyezdlarning tilga olingan yo‘nalishlardagi qatnovi boshlanishini uzoqroq kutishga to‘g‘ri kelishini tasavvur qilish mumkin.

Ma‘lumotlarga qaraganda, birinchi “Afrosiyob” poyezdi qatnovi boshlanganidan buyon Toshkent-Samarqand, Samarqand-Toshkent yo‘nalishida 3000 dan ziyod yo‘lovchi tashilgan.

Toshkent-Samarqand temir yo‘li uzunligi 344 kilometr bo‘lib, “Afrosiyob” poyezdi tezligini soatiga 250 km gacha oshirishi mumkin.

Ozodlikning ikkinchi “Afrosiyob” poyezdini O‘zbekiston hukumati necha pulga sotib olganiga doir savoliga javoban “O‘zbekiston Temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Haydarali Mamadaliyev “shu va shunga o‘xshash barcha savollarga xat orqali yozma javob berishga tayyor” ekanligini bildirdi.
XS
SM
MD
LG