Линклар

logo-print

"O‘g‘lim Obamani o‘ldiradigan bola emas"


Ulug‘bek Qodirov ustidan boshlanishi kutilayotgan mahkama jarayoni bir necha marta kechiktirildi.

Ulug‘bek Qodirov ustidan boshlanishi kutilayotgan mahkama jarayoni bir necha marta kechiktirildi.

AQShda prezident Obamani o‘ldirish fitnasida gumonlanib qamoqqa olingan Ulug‘bek Qodirovning onasi shunga ishonadi.

"Davr mening taqdirimda" eshittirishining bugungi qahramoni Toshkent Genetika instituti tadqiqodchisi, virusolog olima¸ 57 yashar Zarifa Qodirova.

Zarifa Qodirovaning Amerikada yashayotgan o‘g‘li Ulug‘bek Qodirov AQSh prezidenti Barak Husayn Obamani o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan.

Bugungi suhbatimiz bir olima ayolning so‘nggi 20 yildagi taqdiri, sarobga aylangan Amerika orzusi va terrorchilikda ayblanayotgan o‘g‘il hikoyasidan tashkil topdi.

Orzusi ushalgan ayol

Zarifa Qodirova 1957 yilda Toshkentning Chinoz tumanida tug‘ildi. yoshligida tramvayda bir rus konduktoridan “baran” degan haqoratli gap eshitganidan keyin¸ Moskvada o‘qib olima bo‘lishga ahd qildi.

- Bizlar chinozlikmiz. Bitta narsa qattiq esimda qolgan. Mening dadam o‘qituvchi, onam chevar bo‘lganlar. Uyimizda pomidor ekardik. O‘sha pomidorni opam korobkaga solib sotishga olib ketardi. Ukam bor mendan 10 yosh kichkina. Men ukamni ko‘tardim, opam korobkalarni ko‘tarib tramvayga soldik. Opam bilet oldilar, korobkalarga ham pul to‘ladilar. Keyin opam tushayotganda konduktor “Bileting qani” deb so‘radi. Opam biletni qidirishni boshlaganida opamga “Baran” dedi. Mana shu narsa qattiq esimda qolib ketgan. O‘zi qo‘li bilan bilet sotgan. Korobkada chiqqan odam, yosh bolali odam ko‘pmas edi, deydi Zarifa opa.

Zarifa Qodirova avvaliga Toshkent Davlat universitetining Biologiya kulliyotida, keyin esa Moskvadagi Lomonosov nomli universitetda tahsil oldi. Viruslar bo‘yicha ilmiy ish yozib¸ fan nomzodi bo‘ldi.

Qadami qutlug‘ farzand

Zarifa opa turmushga chiqib ikki o‘g‘il ko‘rdi. Birinchi o‘g‘liga Otabek, ikkinchisiga Ulug‘bek deb ism qo‘ydi. Ulug‘bekning qadami qutlug‘ keldi, bu bola oilamizga fayz olib keldi, deydi Zarifa opa.

- Ulug‘bek o‘zi juda fayzli bola bo‘lib keldi. Chunki Ulug‘bek tug‘ilgandan keyin dadasi kelib “Men mashina oldim” desalar hayron bo‘lganman. Mashina olishga bizda pul yo‘q. Qanaqa qilib oladi, hazillashayaptimi¸ deb tursam, “Mashina oldim” dedilar. Qarasam eski Jiguli. Ukalaridan qarz olib mashina olib, sekin-sekin qarzdan qutulib o‘sha mashinada kira qilib bizlarni qancha yil boqdilar. Ulug‘bek juda spokoyniy bola bo‘ldi. Bog‘chaga bordi. O‘sha paytda endi o‘ris gruppaga berdik. Bog‘cha opasi juda yaxshi ko‘rardi, deydi Zarifa opa.

Indamas bola

Ulug‘bek yoshligidan kamgap edi. Bir ko‘zi yaxshi ko‘rmas edi. Bog‘chada tinchgina o‘tirar edi, deb Zarifa opa o‘g‘li haqidagi hikoyasini davom ettiradi.

- Jim o‘tirardi. To‘polon qilmas edi. Bir kuni qo‘shni gruppadagi bog‘cha opalar “O‘g‘lingiz gap biladimi? Bilmasa, spetsbog‘chaga bermaysizmi?” deydi. Men “Yo‘q, bu gapiradi” dedim. Bog‘chadan olib chiqishim bilan uyga qarab chopardi. Uyda ham yugurib yuraverardi. Bog‘chaga borsa, yana indamasdan o‘tiraverardi. yoshligidan urushqoq bola bo‘lmagan. 6 yoshida medosmotrdan o‘tayotganda chap ko‘zi ko‘rmasligi ma‘lum bo‘ldi. Bitta ko‘zi ko‘radi, bitta ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi. Rosa xafa bo‘lganman, yig‘laganman, deydi Zarifa opa.

Zarifa opa o‘g‘li chizgan rasmlarni ko‘rib¸ bu bola rassom bo‘ladi¸ deb umid qilgan edi.

- Rasmlarni yaxshi chizardi. Hayvonlarni, qushlarni chizishni yaxshi ko‘rardi. Juda qoyil qilib chizardi. Bunda shunaqa qobiliyat bor deb Pionerlar saroyiga olib borsam, qarang uning xarakteri qanaqa shakllanarkan, o‘zi mustaqil rasmni zo‘r chizadi, lekin ustoz ko‘rib “bunday chizasan, unday chizasan” desa, bormayman deb turib oldi. “Oyi, men bormayman rasm chizishga”, deydi. “Nimaga bormaysan?” desam, indamas, qaysar bola edi. “Men yaxshi chizardim. U menga yomon chizishni o‘rgatib qo‘ydi” dedi, deydi Zarifa opa.

Ulug‘bek rasm chizishni tashlab shaxmat o‘ynashga boshlaydi. Shaxmat bilimdonlari bu boladan katta shaxmatchi chiqadi¸ deb bashorat qilishdi.

- Oktyabrda shaxmatga borgan bo‘lsa, noyabrda uni musobaqaga qo‘ydi. Musobaqadan 3-razryad olib keldi. Keyin qishki kanikul keldi. Qishda yana bitta razryad olib keldi. Bahorda ham bitta razryad oldi. Shaxmat treneri o‘ris edi. “Bu rosa qobiliyatli bola. Qolsin” deb shunaqa yalindi, deydi Zarifa opa.

Ulug‘bek esa shaxmatni tashlab, litseyda o‘qib boshladi. Litseyda o‘qiyotganda o‘g‘lim ancha o‘zgardi, deydi Zarifa opa.

- Litseyga bersak, birdaniga talanti namoyon bo‘la boshladi. Qanaqadir bo‘yi ham tez o‘sib ketdi, shaxdam yuradigan bo‘ldi. O‘qishlari ham yaxshi, deydi Zarifa opa.

O‘qish kontrakti uchun baliq tijorati

Ulug‘bek litseyni bitirganidan keyin oila majlisida uning qaysi oliygohga kirishi masalasi ko‘rildi. Zarifa opa o‘g‘lining biolog bo‘lishini istadi. Zarifa opaning ukalari esa, “Opa, siz shuncha o‘qib qo‘lingiz pul ko‘rmadi. Keling, shu o‘g‘lingiz doktor bo‘lsin” deyishdi. "Ulug‘bek Toshkent Pediatriya institutiga o‘z kuchi bilan kirdi. Faqat kontrakt puli masalasi ko‘ndalang turdi", deydi Zarifa opa.

Ulug‘bek esa bu masalani osongina hal qildi. Akvariumda dekorativ baliqlarni urchitib sota boshladi.

- Men o‘zi biofakka kiradi deb o‘yladim. Biofakni bitirsa, chet ellar bilan aloqasi borda bizlarning institutni, o‘sha yo‘nalish bo‘yicha ketadi¸ degan edim. Qo‘lida hujjat¸ qayoqqa kirishini bilmaymiz. Keyin onamning yoniga borib maslahatlashdim. “Qayoqqa kiradi?” desam, ukam “Siz biofakni bitirgansiz. Hech qachon sizning qo‘lingizda pul bo‘lmagan. Doktor bo‘lsa, qo‘lida bir-ikki so‘m puli bo‘ladi. Nima qilasiz o‘g‘il bolani shunaqa joyga kiritib. U yaxshi doktor bo‘ladi. Shaxmatga qobiliyati bor doktorlar yaxshi diagnoz qo‘ya oladi” dedi.

Bizlarning uyda ukalarim, opalarim, kelinlar doktor. “Mana Baxtiyor akamni butun Chinoz taniydi. Chunki diagnozni to‘g‘ri qo‘yadi. Shunga o‘xshagan bo‘lishini xohlamaysizmi” dedi. Tibbiyot institutida tanishimiz yo‘q, pulimiz yo‘q birovga beradigan. Shunday bordi, topshirdi, kirib ketdi. Kontraktga kirdi. Domda turamiz. Akvarium olib kelib uyda baliq boqdi. Baliq boqib, ko‘paytirib sota boshladi. Baliq boqadi, ishlaydi, deydi Zarifa opa.

Amerika orzusi

Zarifa Qodirova 2008 yilda USAID ning o‘zbek olimlari uchun mo‘ljallangan dasturida qatnashish uchun AQShga taklif qilindi.

AQShdagi Biotadqiqotlar institutida Zarifa opa dunyodagi yetakchi virusolog olimlar bilan tajriba almashdi. O‘zi kabi olimlarning AQShdagi farovon hayotiga havas qildi.

Toshkentdagi uyidan Qibraydagi Genetika institutiga uchta transportda boradigan Zarifa opa o‘zi kabi olimlarning AQShda hashamatli mashinalarda yurishini ko‘rdi. Koshki o‘g‘lim Amerikada tahsil olsa, deb orzumand bo‘ldi.

- 2008 yilda borgan edim. Michiganga, Vashingtonga bordim. “Agar studentlar o‘qishga kirsa, kontraktga puli yetmasa, universitet ish topib beradi” degan kitob bor edi. O‘shandan ko‘tarib kelib uyda mulohaza qildik. Uning o‘qigisi keldi. Ungachi¸ men aybdorman. O‘qi, o‘qi deb men nima qilib qo‘yganman. Chet elda o‘qiganlarga rosa havas qilardim. O‘zbekistonda ham yomon emas. Boy bo‘lmasak ham O‘zbekistonda hayotimiz yomon o‘tgan emas. Xudoga shukur¸ shunday vatanda tug‘ilib o‘sib shu yerlarda o‘qidik.

O‘g‘limga “bekor yurmasdan qulog‘ingga taqib ingliz tilini eshitib yurgin” dedim. Borgandan keyin o‘tib ketdida. Bir kunda 40-50ta bola kirsa, 2-3-4tasi viza olayotgan edi. O‘shalarning ichida Ulug‘bek ham o‘tdi. Mening rejam shunaqa edi: u yerda ikki oy ishlaydi, 500 dollar ishlasa ham, 1000 dollar ishlasa ham kontrakt puli, ham yurt ko‘rasan. Mening vijdonim qiynalgani bolamni men jo‘natdim. Amerikaga men borganimda havasim keldi¸ to‘g‘risi. Bizning yurtimiz ham¸ Ollohga ming qatla shukur¸ tinch. Bultur men Pokistonga bordim, Hindistonda bo‘ldim, boshqa joylarni ham ko‘rdim. Lekin Amerika ko‘zimga juda tinch ko‘ringan edi, deydi Zarifa opa.

Ulug‘bekning Amerika sevgisi

Bugun AQSh prezidentini o‘ldirish rejasini tuzganlikda ayblanayotgan Ulug‘bek Qodirov Toshkentda paytida Amerika oshig‘i edi. Ulug‘bekning onasi Zarifa opa o‘g‘li AQSh bayrog‘i aks etgan bo‘yinbog‘ taqib yurganini aytadi.

- Ulug‘bek Amerikani qanchalik yaxshi ko‘rgani to‘g‘risida aytaymi? U juda sevardi Amerikani. 14-15 yoshida galstuk sotib oldi. Mingta galstukning ichida Amerikaning bayrog‘i bor galstukni sotib olibdi. Shuni qo‘ymasdan taqib yurdi. Amerikaga ham shuni taqib ketgan. Unda hech qachon amerikaliklarga qarshi gap ham bo‘lmagan, fikr ham bo‘lmagan. U siyosatdan uzoq bo‘lgan. U odamlarni rosa yaxshi ko‘rgan. Amerikaning odamlarini ham yaxshi ko‘rgan. Ular bizlarga o‘xshagan odamlar. Mana misol uchun¸ ular Xudoga ishonadi, e‘tiqodi bor. Birovni xafa qilmaydi, birovning haqini yemaydi. Yaxshi odamlar. Ishlasa, pulini berib tursa, nimasi yomon. Faqat o‘qimoqchi bo‘lib borgan. Prosto uning miyasini zaharlashdi. Unda Amerikaga qarshi hech qanday narsa bo‘lmagan, deydi Zarifa opa.

Oyning qorong‘u tarafi

AQShga borgan Ulug‘bek Amerika orzusining amalga oshishi anchayin mushkul yumush ekanini bildi. Nyu Yorkdan Alabamaga ko‘chdi. Onasi bilan gaplashganida Ulug‘bek AQShda uzoqroq qolishga qaror berganini aytdi.

- Oxirgi paytlari men unga “Sen o‘qishga yetib kelgin” deyayotgan edim. Keyin “sen ro‘zaga yetib kelgin” deb majburlay boshladim. Ichim xavotirlana boshladida. Bizlar ro‘za tutamiz. Turk bilan ishlaganda u mashina oldida pulini vlojit qildi bir narsaga. Keyin o‘sha payt bizga 2000 dollar pul jo‘natdi. Keyin ishlab pul topaman¸ deb ishsiz qolib ketdi. Arablar unga pul berishmadi¸ shekilli. Dadasi operatsiya bo‘ldi. Operatsiya juda og‘ir o‘tdi. “Ulug‘bek, operatsiyalar juda og‘ir o‘tdi. Bitmayapti” dedim. Indamadi, deydi Zarifa opa.

Taqvoning kuchayishi

Yum-yumaloq yer kurrasinig qarama-qarshi nuqtalarida turgan ona va bola telefonda suhbatlar qilishadi. Bir safar o‘g‘lim “masjidga boryapman” deb qoldi, men xursand bo‘ldim, deydi Zarifa opa.

- Toshkentda namoz o‘qimas edi, machitlarga bormagan. Bizlarning oilamiz unaqa oila emas edi. “Machitga kirdim. Bu yerda machit qiziq ekan. Turklarniki boshqa, Pokistonniki boshqacha ekan. Men machitlarni ko‘rayapman” dedi. Men “Machitlarga kirsang yaxshi ekan” dedim. Men hech ham yomon narsa o‘ylamadim. Bunaqa bo‘lib ketadi¸ deb xayolimning chekkasiga ham kelmasdi. Chunki biz Amerikaga borganimizda butun dunyodan yig‘ildikda. 28ta odam bo‘lsak, o‘shaning 70-80 foizi musulmonlar edi. Afrikadan kelgan, Turkiyadan kelgan, arab ham bor edi. O‘sha musulmonlarga qarab havasim kelgan edi. Mana musulmonlar ham ilmda yuribdi, ham diniy ta‘limi bor. Mana shunaqa bo‘lsa yaxshi ekan¸ deb o‘ylaganman. yomon narsa umuman o‘ylamaganman.

Keyin men “Ulug‘bek u yerda yaxshi ekan. O‘ranganlar ham ishlab yuribdi. Yaxshi ekan” dedim. yomon narsa xayolimizga kelmadi. U hatto Nyu Yorkda yurganda ham namoz, boshqa narsalari yo‘q edi. Unga joynamoz tikib bergan edim. Men o‘zim “Ulug‘bek, men senga joynamoz tikib beraman. Juda qiynalsang, namoz o‘qiysan. Musofir odam namoz o‘qisa yaxshi bo‘ladi” deb beqasamdan joynamoz tikib berdim. Namoz o‘qishni biladi. Unaqa besh mahal namozlar o‘qigan emas edi. Nyu Yorkda ham u namoz o‘qimas edi, Virjiniyada ham o‘qimadi. Keyin Alabamaga bordi. Alabamaga borgandan keyin “Oyi, mening ustozim bor. Qur‘on o‘qiyapman” dedi. Yaxshi ekan, dedim. Namoz o‘qisa nimasi yomon deb o‘ylabmiz, deydi Zarifa opa.

Zarifa opaning o‘g‘li “opa, ro‘mol o‘rab yuring” deb astoydil iltimos qila boshladi.

- Menga aytgan ro‘mol o‘rab yuring deb. Xo‘p o‘g‘lim, o‘rayapman, deganman, lekin men o‘ramayman. Biz hammamiz ochiqmiz. Ollohning irodasi bilan paranji tashlangan. Ollohning irodasi bilan bizlar hozir mana shunday yuribmiz, deydi Zarifa opa.

Tahsil uchun AQShga borgan Ulug‘bekning soqol qo‘ygani ma‘lum bo‘ldi.

Zarifa opaning katta o‘g‘li Otabek “ukam soqolini olib yursin, yana tag‘in birovlar uni vahhobiy deb o‘ylashmasin” deb xavotir oldi.

- Otabek “Soqolini olib kelsin. Soqolini olib kelmasa, uni vahhobiy deb o‘ylashadi” dedi, deydi Zarifa opa.

Noxush xabar

Zarifa opa Qibraydagi institutda tadqiqotlar olib borayotgan paytda uni zudlik bilan uyga chaqirishdi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Zarifa opaning o‘g‘li Ulug‘bek Qodirov AQSh prezidentiga suiqasd qilishni rejalagini uchun qamoqqa olinganini aytishdi.

Keyinchalik bu xabarni Zarifa opa AQShning Toshkentdagi elchixonasi binosida AQSh Markaziy razvedkasi xodimlaridan ham eshitdi.

- Qo‘ni-qo‘shnilar bilmadi, hech kimga aytmadik, lekin mahalla komitetidagilar bilishdi. Internetga kirganlar bildi. Ishxonamda ham hech kimdan bekitganim yo‘q. Ishxonamdagilar hammasi bilishdi. Anavi kuni bitta bola kelib “Zarifa opa, orqangizdan gapirishayapti. Essizgina, shunaqa yaxshi xotinning bolasi vahhobiy bo‘lib ketdi deyishayapti” dedi. Men “Mening orqamdan gapirishayotganini bilaman” dedim. Birorta odam yuzimga “sening o‘g‘ling shunaqa bo‘lib ketibdi” degani yo‘q, deydi Zarifa opa.

Qamoqxonadan qo‘ng‘iroq

2011 yilning sentyabrida Zarifa opa AQSh qamoqxonasidagi o‘g‘li Ulug‘bek bilan suhbatlashdi.

“Sen Barak Obamani o‘ldirishni rejalaganmiding?” deb so‘radi mushtipar ona, oq yuvib oq taragan o‘g‘lidan.

- Internetda “prezidentni o‘ldirishga guruh tuzmoqchi” deb yozib qo‘yibdi. “Guruh tuzmoqchimiding?” desam, “Oyi qatta” deydi. Uning guruh tuza oladigan nimasi bormi? “Sen shunaqa qilmoqchimiding?” desam, “Yo‘q” dedi. U menga yolg‘on gapirmaydi. Hayotda yolg‘on gapirgan bola emas. U qanaqasiga Barak Obamani o‘ldirishi mumkin? U chumchuqni ham o‘ldira olgan bola emas. Rosa ko‘ngli toza. Lekin hamma ayb menda. O‘sha yoqqa jo‘natgan menman. Institutda a‘loga o‘qirdi. U qiyinchilikka tushib qoldi¸ shekillida. U o‘zi o‘qimoqchi edi, deydi Zarifa opa.

O‘g‘lim gunohkor emas

Zarifa opa o‘g‘li gunohkor emasligini takror va takror aytadi.

- Birinchidan, u hayotda odam o‘ldiradigan bola emas. Obama Barakni tem boleye o‘ldirmasdi. Uni mana shu yo‘lga solishgan. Miltiq olib kelasan, bir narsa qilasan deb podstava qilishgan, bir narsa qilishgan xullas. Kelsinda, o‘qishini o‘qisin, yaxshi doktor bo‘lib oldimda yursin. U odam o‘ldirmoqchi bo‘lgan bola emas, deydi Zarifa opa.

Zarifa opa bilan ikki soatdan ko‘proq suhbatlashdik. Zarifa opa AQShdagi mahkamada o‘g‘lini himoya qilish advokat yollashga puli yo‘qligini aytdi. Ayni paytda Zarifa opa Xudodan o‘g‘li aybsiz deb topilib quchog‘iga qaytishini so‘ramoqda.

- Men uni pul uchun yubormagan edim u yoqqa. Odamlar “pul topib kelsin” deb jo‘natadi. Lekin bir marta “sen pul topmasang, nima qilib yuribsan u yerda” deb urushgan edim. Xo‘jayinim, o‘g‘lim Otabek “Nimaga pul-pul deyaverasiz? U musofirchilikda yuribdi” degan. “Nima qilib yuribdi. 2,5 yil shu yoqda yurib, bir xonali kvartiraga pul topmasa, nima qilib yuribdi? Kelsinda, o‘qishini o‘qisin” dedim. Xudodan so‘rayapman¸ yuzi yorug‘ bo‘lib, oqlanib, eson-omon kirib kelsin. Hozir Ulug‘bek jabrlanuvchi bo‘lib turibdi. Ishxonamdagilar ham “Ulug‘bek jabrlanuvchi bo‘lib turibdi” deyishdi. Hech kim ishonmaydi. Hech kim ishongani yo‘q, deydi Zarifa opa.

AQSh prezidenti Barak Obamaga suiqasd qilishga uringanlikda ayblanayotgan 22 yoshli Ulug‘bek Qodirov ustidan belgilangan mahkama
jarayoni bir necha marta kechiktirildi.

AQShdagi "The Birmingham News" nashri xabariga ko‘ra, bunga Qodirov va boshqa guvohlar o‘rtasida yozib olingan 35 soatlik suhbatlarni tarjima qilish uchun prokurorlarga qo‘shimcha vaqt kerak bo‘layotgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 22 yashar O‘zbekiston fuqarosi Ulug‘bek Qodirov 13 iyul kuni Alabama shtatining Birmingem shahridagi mehmonxonada o‘zini qurol savdogari, deb tanitgan Federal tergov byurosi maxfiy agentidan qurol sotib olayotgan paytda qo‘lga olingan.

Qodirov 9, 10, 11 va 13 iyul kunlari AQSh prezidenti hayotiga tahdid qilish bilan bog‘liq to‘rt jinoyatda, jumladan, muhojirlikka oid qonunni buzish, noqonuniy ravishda to‘la avtomatik qurolga egalik qilish hamda noqonuniy tarzda granataga egalik qilish kabi jami yetti jinoyatda ayblanmoqda.

Qodirov qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha o‘zini aybdor deb tan olmasligini bildirgan.
XS
SM
MD
LG