Линклар

O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish rag‘batlantirilmoqda


Ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun so‘nggi xorijiy maskanlardan biri bo‘lgan British Council kutubxonasi shu yil aprel oyida yopilgan bo‘yi ochilgani yo‘q.

Ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun so‘nggi xorijiy maskanlardan biri bo‘lgan British Council kutubxonasi shu yil aprel oyida yopilgan bo‘yi ochilgani yo‘q.

Shu maqsadda 6 dekabrdan boshlab mamlakatda Ingliz tili haftaligi o‘tkaziladi.

O‘zbekistondagi British Council, Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi, Fond Forum hamkorligidagi bu tadbirning mamlakatda ingliz tili va madaniyatini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgani aytilmoqda. Tashkilotchilarga ko‘ra¸ mazkur haftalik davomida ingliz tilini o‘rganishni istovchilarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim qilinadi.

British Councildan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, kengash O‘zbekistondagi qator tashkilotlar bilan birga 18 ta oliy o‘quv yurtining ingliz tili kafedrasi bilan hamkorlik qiladi.

Kelgusi bir hafta ichida ana shu jamoalar va sohaga mas‘ul rasmiylar bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda O‘zbekistonda ingliz tili bo‘yicha ta‘lim sohasini isloh qilish masalalarining ham muhokama qilinishi aytilmoqda.

O‘zbekistonda yoshu keksa orasida ingliz tilini o‘rganish istagi yildan-yilga kuchayib bormoqda.

Ingliz tili haftaligi munosabati bilan so‘zlashganimiz suhbatdoshlarning aksariyati bu tilni o‘rganish, asosan, qiziqqan o‘quvchi va talabalarning mustaqil mashg‘ulotlari orqali ekanini e‘tirof etdilar.

Xususan, ingliz tili haftaligiga bosh-qosh bo‘layotgan British Council tashkilotida bundan biroz muqaddam Axborot-resurs markazi faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Shu yil aprel oyida tashkilotning boshqa binoga ko‘chishi munosabati bilan yopilgan resurs markazi hanuz ochilgani yo‘q.

Ozodlik mikrofoniga gapirishni istamagan tashkilot vakili ushbu markazning Fond Forum ixtiyoriga berilishi haqida o‘shanda paydo bo‘lgan ma‘lumotlarni tasdiqlamadi.

Unga ko‘ra, bu kutubxona taqdiri hanuz muhokama qilinmoqda.

Aytish mumkin, British Council tashkiloti kutubxonasi O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish va xorijda o‘qishga qiziqqan yoshlar uchun qolgan so‘nggi zamonaviy, xorijiy maskan edi.

O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganish mumkin bo‘lgan boshqa imkonlar esa mamlakat kutubxonalari bo‘lib qolmoqda.

Toshkentdagi Oliy o‘quv yurtlaridan birida tahsil oladigan talaba Sanjarning aytishicha, ingliz tilini o‘rganish bobida British Councildagi zamonaviy kutubxonaning o‘rnini bosadigan kutubxona oliy o‘quv yurtlari yoki shahar hamda qishloqlarda yo‘q.

- Bu kutubxonalarda kitoblar eski, ko‘pida kompyuter bo‘lsa ham internet chatoq. Toshkentdaku sharoit hali ham yaxshi, ammo viloyatlarda kutubxonada o‘tirib ingliz tili o‘rganishning keragi yo‘q. Faqat mustaqil ravishda o‘rganish mumkin va buning uchun sotuvdan istalgan kitobni topish mumkin, deydi ingliz tilini mustaqil ravishda o‘rganayotgan talaba.

Hozir O‘zbekistonda ingliz tilini o‘rganishni istaganlar, asosan, mustaqil ravishda va repetitorlar yordamida o‘rganmoqdalar, deydi yana bir suhbatdoshimiz — andijonlik umumiy o‘rta ta‘lim maktabining rus tili fani bo‘yicha o‘qituvchisi Mamirjon Shokirov.

- Maktablarda chet tillari bo‘yicha dars soatlari kam. 2-sinfdan 9-sinfga qadar ingliz tili ham, rus tili ham haftasiga ikki soatdan. Bu juda kam, deydi andijonlik o‘qituvchi.

Uning fikricha, hozirgi sharoitda maktabdanoq xorijiy tillarning o‘qitilish soatlarini ko‘paytirish juda zarurdir.

- Chunki ota-onalar ham zamon qayoqqa ketayotganini tushunib turibdi va ular orasida ham bolalariga chet tilini o‘rgatish zarurligini tushunadiganlar ko‘p. Hozir rus tiliga ham qiziqish yana kuchayyapti va bolalarini repetitorlarga berayotganlar ham ko‘p, deydi andijonlik o‘qituvchi.

Maorif xodimlariga ko‘ra¸ qishloq bolalarida mustaqil ravishda til o‘rgatish imkoni yo‘q hisobi. Birinchidan, adabiyotlar yetarli emas. Ikkinchidan, bunga ortiqcha mablag‘ oshinayotganlar ko‘p emas.

Ozodlik suhbatdoshlariga ko‘ra, hozir O‘zbekistonning chekka qishloqlaridagi maktablarda ingliz tilidan dars beradigan o‘qituvchilar repetitorlikning har bir soati uchun eng kam bo‘lgan 600 so‘mdan - 1500- 2000 so‘mga qadar haq oladilar.

Qishloqdan chiqib, viloyat markazlaridagi shaharlarga yaqinlashgan sari repetitorlikning ham narxi oshib boradi va soatiga 3000 dan 5000 so‘mni tashkil qiladi.

Toshkent shahrida esa repetitorlikning bir soati maktab o‘quvchilari uchun o‘rtacha 5000 so‘mni tashkil qilmoqda.

Ammo talabalar va ayniqsa, xorijga chiqish kabi aniq maqsadlarda oliy toifali muallimlardan saboq olish uchun Toshkent shahrida soatiga 10-15 AQSh dollariga qadar haq to‘lashga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonning sayyohlik rivojlangan Samarqand va Buxoro kabi shaharlarida ingliz, nemis va frantsuz tillarini ko‘proq mustaqil ravishda o‘rganish mumkinligi aytilmoqda.

Buxorodagi maktablardan birida ko‘p yillardan buyon frantsuz tilidan dars berib kelgan o‘qituvchi yoshlarda xorij tillarini o‘rganish istagini "nihoyatda kuchli", deb baholadi.

- Hech kim maktab bilan cheklanmaydi. Shunday shahar, tuman markaziga chiqsa, lug‘atlar, zamonaviy darsliklar, razogovorniklar to‘lib toshib yotibdi. Narxi ham u qadar qimmat emas. Bolalar olayapti, berilib chet tillarini o‘rganayapti. Tabiiyki, ingliz tiliga qiziqish kuchliroq, deydi ismi aytilishini istamagan bu o‘qituvchi.

Mustaqil ravishda xorij tillarini o‘rgangan taqdirda ham bu yoshlarning kelajagi qanday bo‘ladi, degan savolimizga bu o‘qituvchi ancha optimistik nuqtai nazar bilan javob berdi.

- Qiziq holda. Men yaqinda viloyatdagi Mehnat birjasining ko‘rgazmasiga bordim. Deyarli hamma ish o‘rinlariga ingliz tili, ya‘ni birorta chet tilini bilishi tavsiya qilinishi aytilgan. Men xursand bo‘ldim. Shuyam e‘tiborni kuchaytiradida. Ish masalasiga kelinsa, albatta chet tilini bilganlar davlat bergan ishni yonida yana biror tarjimaga o‘xshagan ishni qilayapti, deydi buxorolik frantsuz tili o‘qituvchisi.

O‘zbekistonda til o‘rganish masalasi borasida Ozodlik muxbiri suhbatlashgan o‘qituvchi¸ ota-ona va talabalar, eng avvalo, maktab darajasida dars soatlarini ko‘paytirish zaruratini urg‘uladilar.

O‘zbekiston maktablari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta‘lim muassasalarida rus va chet tillaridan dars soatlari nega ozligi¸ dars soatlarini oshirish imkonlari haqida hozircha na Xalq ta‘limi va na Oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vaziriligidan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.
XS
SM
MD
LG