Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:16

Jalolobodda qirg‘iz va tojik yoshlari mushtlashdi


"Qilim shami" nodavlat tashkiloti rahbari, huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova qirg‘iz rasmiylarini mamlakatning turli joylarida sodir bo‘layotgan kichik etnik nizolarga ham befarq bo‘lmaslikka chaqiradi.
"Qilim shami" nodavlat tashkiloti rahbari, huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova qirg‘iz rasmiylarini mamlakatning turli joylarida sodir bo‘layotgan kichik etnik nizolarga ham befarq bo‘lmaslikka chaqiradi.
Qirg‘iziston janubidagi Olabuqa tumanida uch hafta muqaddam qirg‘iz va tojik yoshlari o‘rtasida mushtlashuv bo‘lganini 6 dekabr kuni bishkeklik huquq himoyachilari jamoatchilikka oshkor etdilar.

Jalolobod viloyati Olabuqa tumanidagi Baymak qishlog‘ida asosan qirg‘iz va tojik millatiga mansub aholi istiqomat qilar ekan. Bishkeklik huquq himoyachilari kecha yoyinlagan ma‘lumotda aytilishicha, 17 noyabr kuni mazkur qishloqda yashovchi tojik millatiga mansub Komil Sodiqov o‘g‘il uylantirib, hamqishloqlariga osh bergan.

Ayrim axborot agentliklarining yozishicha, nikoh bazmi paytida qirg‘iz millatiga mansub yoshlar to‘yda qirg‘izcha ashula aytilmayotganini bahona qilib, janjal ko‘tarishgan.

Olabuqadagi “Edita shans” nodavlat tashkiloti rahbari Yelena Ivanovaning aytishicha, to‘yda janjal chiqargan qirg‘izlar ozchilikni tashkil etgani uchun ular tojiklardan kaltak yeyishgan.

- Bundan g‘azablangan qirg‘iz millatiga mansub yoshlar qishloqdagi boshqa yigitlarni chaqirib kelib, mashinalarning oynalarini sindirishgan, to‘y dasturxonini ag‘dar-to‘ntar qilishgan, - dedi Yelena Ivanova.

Shuningdek, ayrim internet saytlarida qirg‘iz yoshlari kelinni masxaralab haqorat qilganliklarini ham yozishgan.

Ammo Olabuqa tuman militsiyasi boshlig‘i Asilbek Biychiyev internet saytlarida qirg‘iz yoshlari ayblangan ma‘lumotlarni tuhmat deb hisoblaydi.

- Bu to‘ylarda tez-tez bo‘lib turadigan oddiy mushtlashuv. Ikki millatga mansub ikki bola: “Sen qirg‘izcha ashula qo‘yasan, men o‘zbekcha ashula qo‘yaman” qabilida tortishib, mushtlashib ketishgan. Internetda aytilgan ma‘lumotlarning hammasi yolg‘on. Bu voqea yuzasidan jinoyat ishi ochganmiz. Ammo jabrlanganlar ayblanayotganlarga da‘volari yo‘qligini bildirishgan. Shuning uchun jinoyat ishi yopilishi mumkin, - dedi Asilbek Biychiyev.

Qizig‘i shundaki, militsiya tomonidan mazkur voqeada ayblanib Zafar Xalilov va G‘aybullo Sodiqov degan ikki tojik yigiti qo‘lga olingan. Janjal boshlanishiga aybdorligi aytilayotgan qirg‘iz yoshlari Shayirbek Parpiyev va Bulutbek Parpiyev jabrlanuvchi sifatida ko‘rilmoqda.

Bishkeklik huquq himoyachisi Aziza Abdurasulova bu kabi holatlar millatlararo nizolarning kelib chiqishiga turtki bo‘lishini aytadi:

- “Bu ish yuzasidan hamma yarashdi, tinch yo‘l bilan muammo hal etildi” deb xotirjam bo‘lmasligimiz kerak. Negaki kichkina uchqun bor joyda alanga bo‘lmaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Shuning uchun aholi orasida profilaktika ishlarini olib borish lozim, - dedi Aziza Abdurasulova.

O‘tgan yili O‘sh shahrida qirg‘iz va o‘zbek yoshlari o‘rtasidagi kichik-kichik nizolar avjiga chiqib, 10 iyun kuni alanga olgan va O‘sh qirg‘ini boshlanib ketgan edi. Bu qirg‘inda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 500 ga yaqin odam halok bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG