Линклар

logo-print

Arbuz.com oxir-oqibat yopildi


Ushbu sayt shu yilning fevral oyida ham qisqa muddatga yopilgan va uning bir necha faol forumchisi Toshkentda qisqa muddatga hibs qilingan edi.

Ushbu sayt shu yilning fevral oyida ham qisqa muddatga yopilgan va uning bir necha faol forumchisi Toshkentda qisqa muddatga hibs qilingan edi.

Sayt ma‘muri Nasim Mansurov e‘lon qilgan bayonotda qaror sababi forum a‘zolariga nisbatan tazyiqlar bilan izohlangan.

O‘zbekiston ichkarisidagi internet foydalanuvchilari uchun ozmi-ko‘pmi erkin fikr bildirish imkonini berib kelgan Arbuz.com internet forumi yopildi.

Kuni-kecha ushbu saytda forum ma‘muri Nasim Mansurov nomidan e‘lon qilingan bu qaror shaxsan o‘zo tomonidan qabul qilingani hamda bunga forumning ayrim faol ishtirokchilariga nisbatan borayotgan muttasil tazyiqlar sabab bo‘lgani aytilgan.

"Ha, o‘sha kun keldi. Bizning ayrim a‘zolarimizga aloqador so‘nggi voqealardan so‘ng forum qaysidir ma‘noda o‘ldi. Shuning uchun men uni yopishga qaror qildim. Menda uni yurgizish uchun kuch ham, mablag‘ ham yo‘q. Bizning hozirgi va avvalgi forumchilarimizning himoyasini ko‘zlab, bu domenni hech kimga sotmayman", deb yozadi forum ma‘muri Nasim Mansurov.

Mansurov o‘z bayonotida shu yilning fevral-mart oylarida forumning faol ishtirokchilari hibsga olingani va hibsda saqlanganiga oid voqealarga ishorat bergan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston "hukumat kuchlari" tomonidan bo‘lgan bosimlar shaxsan unga va u bilan birgalikda ishlagan hamda o‘zini Delf, deb nomlagan hamkasbimga nisbatan ham o‘tkazilgan.

"Chuqur g‘urur bilan aytishim mumkinki, yillar davomida men va Delfga hamda bizning oilalarimizga bo‘lgan hukumat kuchlarining bosimlariga qaramasdan biz biror kishining shaxsiga oid ma‘lumotni oshkor qilmaganmiz", deb yozadi Nasim Mansurov.

Shuningdek, Mansurov Arbuz.com internet forumi atrofida yig‘ilgan jamoani yo‘qotmaslik uchun boshqa bir loyihani yo‘lga qo‘yish fikri ham endilikda amalga oshmasligini aytgan.

"Ko‘rinishidan bu ham hech qachon amalga oshmaydi. Chunki, na Delf va na menda yangi loyiha ustida ishlash uchun vaqt va mablag‘ bor", deya xulosa qiladi Nasim Mansurov.

Arbuz.com internet forumi 13 yildan ortiqroq faoliyat yuritdi.

U o‘zbek, rus va ingliz tillarida so‘zlashuvchi ziyoli o‘zbek yoshlari orasida ommalashgan forum edi. Uning ishtirokchilari esa O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlardagi hamda duyoning turli davlatlariga sochilib ketgan o‘zbeklardan iborat edi.

Ushbu forumda 2011 yilning fevraliga qadar faliyat yuritgan bir necha ommabop sahifalar — siyosat, iqtisod, din, sport, musiqa sohalariga oid bahslarda bugungi yetakchi o‘zbek yoshlarining fikrlari ochiq aks etar edi.

Forum ishtirokchilari ayrim masalalarda O‘zbekiston hukumatini ochiq tanqid qilar edilar.

Forumning Toshkentdagi faol ishtirokchilaridan biri shu kunlarda ham muttasil tazyiq ostida ekanini aytar ekan, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu tazyiqlarga keyingi bir necha yil ichida forumchilarning onlayn faoliyat bilan cheklanmay, amalda birlashgan faol guruhga aylana boshlagani sabab bo‘ldi, deb fikr bildirdi.

Forumning o‘zaro uchrashib turadigan faol ishtirokchilari so‘nggi bor Qirg‘izistondagi qonli voqealar ortidan Arbuz.com internet forumida xayriya yig‘ish kompaniyasini o‘tkazgan edi.

Norasmiy manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, faol forumchilar bu domenni AQShdan boshqargan ma‘muriyat bilan birgalikda qariyb 10 ming dollarga yaqin, ba‘zi manbalarga ko‘ra esa bundan ham ortiq miqdorda yordam yig‘ib, O‘shga yetkazib bergan.

Shuningdek, Qirg‘izistondagi etnik mojarolardan so‘ng forum ishtirokchilari tashabbusi bilan flesh-mob aktsiyalari uyushtirilgan hamda bu faoliyat o‘z vaqtida forumning o‘zida fotosuratlari bilan chop etib borilgan edi.

Toshkentdagi faol forumchilardan biri o‘sha kezda Ozodlikka bergan intervьyusida fevral oyida hibsga olingan o‘zbekistonlik faol forumchilardan ko‘proq ularning onlayndan tashqari faoliyati haqida so‘ralgani haqida so‘zlagan edi.

Suhbatdoshimiz fikricha, oddiy bloggerlarning internet tarmog‘idan chetga chiqib, real hayotda uyusha boshlagani va gumanitar yordam aktsiyalari bilan xalq orasiga kira boshlagani O‘zbekiston hukumatini cho‘chitgan asosiy jihat bo‘lishi mumkin.

Ana shu voqealardan so‘ng ham forum ma‘muri Nasim Mansurov bu voqealarga biroz oydinlik kirituvchi hamda faol forumchilarga nisbatan tazyiqlar borayotganini tasdiqlovchi mazmundagi bayonotni tarqatgan edi.

Forumning o‘zi esa qisqa muddatga yopilganidan so‘ng yana ish boshlagan, biroq undan hukumat kuchlari tazyiqiga sabab sifatida ko‘rilgan maxsus sahifalar — “O‘zbekiston: Muammo va yechimlar”, “Din” va “Qirg‘izistondagi fojeali voqealar” nomli bo‘limlarni olib tashlangan edi.

O‘sha kezdayoq bayonoti e‘tiroz bilan qarshi olingan Nasim Mansurov bu galgi forumni butunlay yopish qarori ham e‘tirozga sabab bo‘lishini ochiq tan oldi.

"Bilaman, bu xabar ko‘pchilikning xavfsalasini pir qilishi mumkin. Bu yerda 10 mingdan ortiq foydalanuvchi qoldirgan 1 milliondan ortiq sharh bor. Ammo, ishtirokchilarimizdan ularning sharhi va o‘ziga tegishli ma‘lumotlarni o‘chirish haqida har kuni so‘rovlar kelavergani bois bu ishni tugatish zarurati tug‘ildi. Shuning uchun umid qilamanki, qolganlar ham meni to‘g‘ri tushunadi", deya so‘nggi bor Arbuz.com internet forumi ishtirokchilariga yuzlandi forum ma‘muri Nasim Mansurov.

Ozodlikning forum ma‘muri bilan bog‘lanish urinishlari hanuzgacha samarasiz qolmoqda.

Arbuz.com saytining o‘zida ham Nasim Mansurov shaxsiga oid ma‘lumot berilmagan edi.

Ammo, shaxsiy veb sahifasida uning O‘zbekiston prezidenti tomonidan ta‘sis etilgan "Umid" jamg‘armasi orqali AQShda tahsil olgani va hozirda oilasi bilan Amerikada yashashi hamda professional darajadagi fotosuratchilik bilan shug‘ullanishi aytiladi.

Quyida Arbuz.com forumining faol ishtirokchilaridan biri Qurbon Abduholiqov bilan forumning 13 yillik faoliyati va uning yopilish sabablari haqida qurilgan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG