Линклар

Yevropa parlamenti deputatlari Tojikistonda Rog‘un GESi qurilishi maqsadga muvofiq emasligi yuzasidan O‘zbekiston pozitsiyasini quvvatlamoqdalar.

Bu haqda Rossiyaning Regnum axborot agentligi xabar qiladi.

Unda O‘zbekiston ekologik harakatining kuni kecha Yevroparlamentda o‘tkazgan taqdimotidan so‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston mintaqasidagi transchegaraviy daryolardan foydalanish haqida so‘z borgani, mazkur uchrashuvda germaniyalik deputat Elizabet Yyeggle Rog‘un GESi qurilishi maqsadga muvofiq emasligi masalasida O‘zbekiston tomonining pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagani aytiladi.

Tadbirda Yevroparlament deputatlari, Yevrokomissiya, Yevropa Ittifoqi institutlari xodimlari, Yevropa Ittifoqi va Belgiya ekspertlari va boshqalar ishtirok etgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma‘lumotiga asoslangan holda tarqatilgan bu xabarda Yevroparlament deputatlari oldida O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari, Ekologik harakat deputatlik guruhi raisi Boriy Alixonov “Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston mintaqasida xavfsizlik muammolari” mavzusida ma‘ruza qilgani zikr qilinadi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, ma‘ruzachi Tojikistonda Rog‘un GESining qurilishi mintaqadagi shuningsiz ham murakkab bo‘lgan ekologik vaziyatning yanada chigallashishiga olib kelishi hamda ko‘plab ijtimoiy-ekologik va gumanitar fojealarga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Shuningdek, u Tojikiston alyuminiy zavodining atrof-muhitga zararli moddalarni chiqarayotgani oqibatida O‘zbekistonning Tojikiston bilan qo‘shni bo‘lgan tumanlarida ekologik vaziyat yildan yilga yomonlashib borayotganiga e‘tibor qaratgan.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Yevroparlament deputati Yyeggle xonim O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlariga bir necha bor safar qilganini, Orol dengizini saqlab qolish faqat mintaqa mamlakatlarininggina emas, balki (bu global ko‘lamdagi fojea bo‘lgani uchun) Yevropa va Osiyo mamlakatlarining ham manfaatiga mos kelishini urg‘ulagan.

Rog‘un GESi qurilishi borasida O‘zbekiston pozitsiyasini qo‘llagan Elizabet Yyeggle fikricha, Tojikiston ulkan loyihalar rejalashtirish o‘rniga suv va energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga, mintaqadagi boshqa davlatlar haq-huquqlari va manfaatlariga ziyon yetkazmagan holda ekologik jihatdan xavfsiz muqobil loyihalarni amalga oshirsa yaxshi bo‘lar edi.

Amudaryo va Sirdaryo Markaziy Osiyo mintaqasi aholisi hayotida o‘ta muhim rol o‘ynashini aytgan deputat xonim bu masalada hamjihatlik bilan harakat qilish zarurligini qayd etgan.

Yeproparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqa qilishi bo‘yicha delegatsiyasi raisi janob Bartolotstsi ham Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik muammolar yevropalik deputatlarda jiddiy xavotir uyg‘otayotganini e‘tirof etgan. U mintaqadagi barcha mamlakatlar suv zahiralaridan foydalanish bo‘yicha ishlarni faollashtirishlari lozimligini, hozirda Yevroparlament ham mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatini hisobga olgan holda o‘z pozitsiyasini ishlab chiqayotganini bildirgan.

O‘zbekistonlik soha mutaxassislari anchadan buyon Rog‘un GESining qurilishi hamda TALKO korxonasidan chiqayotgan zaharli chiqindilar mintaqa uchun tuzatib bo‘lmas ekologik zararlarni yuzaga keltirishi mumkinligidan ogohlantirib keladilar.

O‘z navbatida, Tojikiston rasmiylari va ekspertlari O‘zbekiston tomonining Rog‘un va TALKO borasidagi iddaolarini rad etib keladi.

Xususan, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon shu yil 18 noyabr kuni mamlakat Fanlar Akademiyasining 60 yilligiga bag‘ishlab Dushanbeda o‘tkazilgan tadbirda “Tojikistonning Rog‘un GESini qurishdan boshqa yo‘li yo‘q”ligini, “bu gidroinshoot butun mintaqa manfaatiga xizmat qilishi”ni ta‘kidlagan.
XS
SM
MD
LG