Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:54

Angliyalik o‘quvchilar O‘zbekistondagi bolalar mehnatiga qarshi norozilik bildirmoqdalar


Istborn shahridan bo‘lgan o‘quvchilar O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnatiga qarshi norozilik bildirish uchun o‘tgan hafta Bryussel shahriga kelganlar.

Bu haqda Markaziy Osiyo yangiliklar xizmati sayti Angliyaning Herald Eatsborne nashriga tayangan holda xabar qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, istbornlik o‘quvchilar 7 dekabr kuni O‘zbekistondagi bolalarni qullikdan himoya qilishga siyosatchilar e‘tiborini tortish uchun Yevropa parlamenti majlisiga kelganlar.

Anti-Slavery International nodavlat tashkilotiga (Qullikka qarshi xalqaro tashkilot) qo‘shilgan Bishop Bell maktabi o‘quvchilari 10 ming kishi imzo chekkan iltimosnomani Yevropa Ittifoqi prezidentiga topshirish uchun ham Belgiya poytaxtiga kelganlarini bildirganlar.

Mazkur nomada Yevropaga paxta eksport qilish uchun YeI tomonidan O‘zbekistonga savdo imtiyozlari berishni bas qilishga chaqiriladi.

Herald Eatsborne nashrining yozishicha, siyosiy talab bilan kelgan o‘smirlar zudlik bilan Yevroparlamentga Angliya janubiy-sharqidan saylangan deputat Ketrin Berder qabuliga taklif etilgan.

- O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqealarni bilganimda tang qoldim. Men bilan tengdosh bo‘lgan bolalar maktabda o‘qishlari kerak, ammo hozir ular paxta terimida qullardek ishlashga majbur bo‘lmoqdalar. Bu narsa nima uchun haligacha davom etayapti? – deya iqtibos keltiradi 14 yoshli Shennon Xarris so‘zlaridan Herald Eatsborne.

Uning sinfdoshi Jon Feltman ham O‘zbekistondagi bu holatga chek qo‘yish zarur, degan fikrda.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamenti qoshidagi Tashqi ishlar qo‘mitasi a‘zolari 4 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida 1999 yili imzolangan Sherikchilik va Hamkorlik kelishuviga to‘qimachilik sohasidagi imtiyozlarning qo‘shilishiga qarshi yakdillik bilan ovoz bergandilar.

Mazkur kelishuvdan ilk bor olib tashlanayotgan to‘qimachilik sohasidagi imtiyozlar o‘zbek paxtasini Yevropa Ittifoqi hududlariga eksport qilish tariflarini kamaytirishni ko‘zda tutadi. Ittifoq hududi esa o‘zbek paxtasining to‘liq to‘rtdan bir qismi sotilayotgan kattagina bozordir.

O‘zbek paxtasi savdosi uchun berilgan imtiyozlarga qarshi chiqqan YeI deputatlari bu masala qayta muhokamaga qo‘yilishi uchun xalqaro tashkilotlarning bevosita O‘zbekistonga borib¸ paxta terimida bolalar xizmatidan foydalanilmayotganini tasdiqlab berishini shart qilib qo‘ygandilar.

Xalqaro tashkilotlar hisob-kitobiga ko‘ra¸ har yil kuzda O‘zbekistonda 9 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 2 millionga yaqin bola maktab o‘rniga paxta dalasiga haydalmoqda.

O‘zbekiston hukumatini paxta mavsumida majburiy bolalar mehnatidan foydalanish amaliyotidan voz kechtirishga qaratilgan xalqaro bosim yildan-yilga kuchaymoqda va 2011 yil sentyabriga kelib o‘zbek paxtasini boykot qilgan G‘arbdagi yirik kiyim-kechak va ulgurji savdo shirkatlari soni 60 dan oshdi.

O‘zbek paxtasining Osiyodagi asosiy xaridorlari bunday boykotga qo‘shilmayotgani bois Toshkent rasmiylari boykotdan o‘z paxtasi savdosiga ziyon yetmayotganini da‘vo qilmoqda.

O‘zbekiston davlat byudjetining kattagina qismini to‘ldiradigan paxta savdosidan Toshkentning yiliga kamida bir milliard dollar daromad ko‘rishi taxmin qilinadi.
XS
SM
MD
LG