Линклар

logo-print
“G‘arb hukumatlari Markaziy Osiyoning avtoritar rejimlari bilan yaqinlashish andishasida huquq buzilishlariga amalda ko‘z yummoqda”.

Bu Hyuman Rayts Uotch xalqaro huquqni himoya qilish tashkilotining yangi hisobotidan iqtibosdir.

HRUning 13 dekabr kuni e‘lon qilingan hisobotida BMTning qiynoqlar bo‘yicha ekspertlari uchun 10 yildan buyon yopiq bo‘lgan O‘zbekistonda huquq faollari qamoqxonalarda jazo o‘tayotgani, mamlakatda qiynoqlar amaliyotiga barham berilmagani, fuqaroviy jamiyat qurish bo‘yicha tashabbuslar shafqatsizlik bilan bostirilayotgani haqida so‘z boradi.

Hyuman Rayts Uotch tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha xodimi Stiv Sverdlov fikricha, O‘zbekiston bu inson huquqlari vaziyati o‘ta ayanchli bo‘lgan yakkamoxov mamlakat ekanini G‘arb nihoyat anglashi va mushohada qilishi kerak. Unga ko‘ra, Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lish rasmiy Toshkentga qiynash va repressiya qilish kabi dahshatli amaliyot uchun indulgentsiya bermasligi kerak.

HRUning “Guvohlar qoldirilmadi. Qiynoqlar, ishlamayotgan habeas corpus va O‘zbekistonda mustaqil advokaturaning tugatilishi” deb nomlangan 104 varaqli hisoboti, ma‘lumotlarga ko‘ra, qiynoqlardan aziyat chekkan 100 dan oshiq mazlum bilan qilingan suhbatlarga asoslangan.

Unda qayd etilishicha, Hyuman Rayts Uotch bir faolning so‘roq chog‘ida ustidan qaynoq suv quyilgani va rezina to‘qmoq bilan do‘pposlangani faktini hujjatlashtirgan.

Shuningdek, hisobotda O‘zbekistonda suv to‘ldirilgan baklashka bilan urish, plastik xalta yoki protivogaz bilan bo‘g‘ish¸ oyog‘i yo qo‘lidan osib qo‘yish kabi qiynoqlar ham hujjatlashtirilgani, ko‘p hollarda mahbuslarning zo‘rlangani va jinsiy tahqirlanganiga oid dalil-isbotlar mavjudligi qayd etiladi.

Hisobot mualliflari O‘zbekistonda habeas corpus joriy qilinganidan keyin ham (2008 yil) qiynoqlar va inson huquqlarini poymol qilishlar bilan bog‘liq vaziyat yaxshi tomonga o‘zgarmaganini ta‘kidlaydilar. HRU suhbatlashgan o‘zbekistonlik advokatlar nazarida, habeas corpus hozircha O‘zbekistondagi mahbuslarga qiynoqlar va tahqirli munosabatdan himoya qiluvchi kuchli qalqonga aylana olmagan.

Shuningdek, HRU hisobotida O‘zbekistonda mohiyatan mustaqil advokatura yo‘q qilinganiga ham alohida urg‘u beriladi. Hujjat mualliflariga ko‘ra, mamlakatda bir necha murosasiz advokat litsenziyadan mahrum qilingan.

Hyuman Rayts Votchning aniqlashicha, O‘zbekistonda militsiya va milliy xavfsizlik idoralaridagi mulozimlar ayblanuvchi¸ guvoh yoki uchinchi bir shaxsdan qiynoq evaziga ko‘rsatma olishni sud-tergov samaradorligini oshiradigan effektiv zarur vosita, deb bilishadi.

“O‘zbekistonda inson huquqlarini poymol qilish va repressiya avj pardada davom etayotganiga qaramasdan AQSh va YeI hamda Yevropaning ba‘zi yetakchi davlatlari so‘nggi yillarda rasmiy Toshkentga nisbatan inson huquqlari borasidagi pozitsiyalarini o‘ta susaytirishdi. Ular Afg‘onistondagi NATO kontingentiga yuk eltadigan hudud sifatida strategik muhim bo‘lgan O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoliga panja orasidan qarashni ma‘qul ko‘rishmoqda”, deyiladi HRU hisobotida.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Ittifoqi 2009 yilda O‘zbekistonga nisbatan joriy qilingan sanktsiyalarni bekor qilgan edi. 2011 yil sentyabrida esa AQSh Kongressi bundan yetti yil muqaddam joriy qilgan cheklovlarni aylanib o‘tib, O‘zbekistonga harbiy yordam doxil ko‘mak bera boshlagan.

Hisobot so‘ngida Hyuman Rayts Uotch AQSh¸ YeI va boshqa yetakchi davlatlarni BMT qoshida O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyatini tahlil qiladigan maxsus mexanizm yaratish tadbirini qo‘llab-quvvatlashga chorlaydi.

Ayni paytda HRU O‘zbekiston hukumatini qiynoqlarni to‘xtatishga chaqiradi.

“Hukumat habeas corpusni adliya tizimiga samarali tatbiq qilinishini ta‘minlashi lozim. Protsessual huquq jahon standartlariga uyg‘un bo‘lishi va advokat tanlash hamda advokatlarning mustaqil bo‘lishi kafolatlanishi lozim”, - deyiladi HRU hisobotida.
XS
SM
MD
LG