Линклар

Rossiyada 4 dekabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovi natijalari Bosh vazir Vladimir Putin yetakchiligidagi Yedinaya Rossiya partiyasi foydasiga soxtalashtirilganiga qarshi 10 dekabr kuni Rossiya bo‘ylab “Adolatli saylovlar uchun” shiori ostida norozilik namoyishlari uyushtirildi.

Moskvaning Bolotnaya maydonida o‘tkazilgan namoyishda 40 mingdan 80 minggacha odam qatnashgani aytilmoqda.

Sankt-Peterburg shahridagi namoyishda 10 mingdan ortiq odam ishtirok etdi.

Muxolifatchilar saylov davomida Yedinaya Rossiya partiyasi foydasiga qalloblik va natijalarni soxtalashtirish hollari qayd etilganini ta‘kidlab, saylov natijalari bekor qilinishini talab qildilar.

Shu munosabat bilan HAFTA SAVOLI ruknining bugungi sonida oddiy o‘zbekistonliklarga “Siz kimni yoqlagan bo‘lardingiz?” degan savol bilan murojaat qildik.

Sharif aka, Buxoro viloyati, pensioner:

- Muxolifatning qo‘yayotgan asosiy talablarini bilmaymanda. Shuning uchun muxolifatning yonini ololmayman. Hukumat soxtalashtirgan bo‘lsa, tashqarida turib baho berish qiyinda aka. Menga o‘zimning aqlim yetadigan savolni bersangizki, javob bersam.

Rajab aka, Xorazm, jurnalist:

- Men Rossiyada o‘tgan saylovlarning adolatli bo‘lganligiga ishonmayman. Sababi Putin bilan Medvedev iukkalovi kelishib turib, mana oldimizdagi saylovda Putin yana prezident bo‘ladigan bo‘ldi. Medvedev bo‘lsa hukumat boshlig‘i bo‘lishga kelishib oldi. Yedinaya Rossiyaga berilgan ovozlarda soxtagarchiliklar borligiga men to‘liq ishonaman. Men muxolifat tarafdaman. Saylovlar adolatli bo‘lishi kerak. Gorbachyov ham saylovlar qaytadan bo‘lishi kerak, deb aytdi. Juda to‘g‘ri gap aytdi. Men muxolifat tarafidaman.

Nasiba, Qo‘qon, tadbirkor:

- Qaysi tomonda adolat bo‘lsa, o‘sha tomonda. Hukumat tomonda adolat bo‘lsa, hukumat tomonda, adolat muxolifat tomonda bo‘lsa, muxolifat tomondaman. Adolat hozir kim tomonda?

Ilyos, Farg‘ona, kimyo-texnologi:

- Ularda ham ayb bor, bularda ham ayb bor. Yedinaya Rossiya deydimi, o‘shalarda ayb ko‘proqda. Cherez chur naglilik qilib yuborgan. Muxolifat ham Amerikaning puliga sayrayaptida. Prosto stoyushiy lider yo‘q o‘zlarida. Hammasi marionetka.

Shavkat, Toshkent, o‘qituvchi:

- Albatta muxolifat. KPRF Zyuganovni qo‘llagan bo‘lardim. Uning programmasi yaxshi, joyida. Zyuganov juda adolatli. Endi izoh beradigan bo‘lsam, men o‘zim ham 1974 yildan beri kommunistik partiya a‘zosi bo‘lganman. Qo‘shimcha izoh qilishimning hojati yo‘q. Saylovlar jarayonida soxtalashtirishlar hozir hamma joyda avj olayapti. Saylovning yopiq emas ochiq ovoz berish usuli muhokama qilingani yo‘q.

Rash milk shirkati xodimi:

- Buni endi Rossiyadagilar hal qiladi. Ular qatnashishdi saylovlarda. To‘g‘ri o‘tdimi noto‘g‘ri o‘tdimi u yerning xalqi biladi. Noto‘g‘ri o‘tgan joylari bo‘lsa, xalqi o‘shanga qarshi chiqayotgandir. Uni biz bilmaymiz. Bizlar masalan O‘zbekistondagi siyosiy ishlar bo‘ladigan bo‘lsa, o‘z munosabatimizni aytishimiz mumkin. U yoqdagini bilmaymizku.

Adiba, Jizzax, davlat idorasi xodimi:

- Adolatli saylov tarafida bo‘lardim. Chunki agar ular yolg‘on qilib yutuqni qo‘lga olgan bo‘lsa, demak nimadir bo‘ladida ularda. Keyingi safar boshqarsa yana shunaqa qilishi mumkin. Ular keyinchalik ham xuddi shu yo‘l bilan boshqa ishlarni amalga oshirishi mumkin. Shuning uchun qaytadan saylov bo‘lishini talab qilgan bo‘lardim. Men muxolifat taraf bo‘lardim agar odam ishonchi komil bo‘lsa yolg‘on bo‘lganligiga.

Shuhrat, Surxondaryo, nogiron:

- Tanishib chiqqanim yo‘q. Sal mazam yo‘q edida. Haqiqat bo‘lgani yaxshida saylovda. Muxolifatdagilarning namoyishi to‘g‘ri. Saylovda haqqoniylik bo‘lmadi degani to‘g‘ri. Tayyor emasmanda. Bu masala bo‘yicha ko‘p narsa eshitganim yo‘q. Bilgan narsani aytgan yaxshida.

Jalol, Toshkent viloyati, yurist:

- Parabolicheskiy antennam yo‘q. Men Rossiyadagi voqealarni ko‘rganim yo‘q. Xabarim yo‘q. Shuning uchun bir narsa deya olmayman. Chorrahaga keldim, uzr.

A‘zam, Jizzax, avtoelektrik:

- Ishonch partiyasimi nima edi, Putinning partiyasida. Yedinaya Rossiya to‘g‘ri olib borayapti. O‘shalarning partiyasini qo‘llayman. Hukumat tomonda bo‘lardim men. Endi ularni ham bir-ikkitasi agitatsiya qilib chiqarayaptida. Putinniki to‘g‘ri. Kecha gapirganida aytayaptiku Putin. Shunchalik yaxshi ekan nimaga mana LDPR ham tushib ketdi? Qanaqa chiqayotgan edi Jirinovskiy yurtimni chiroyli qilaman deb. Uncha qiziqmaymanu, endi Vremyaga qarab aytadiganimda.
XS
SM
MD
LG