Линклар

Nikolya Anelka "Chelsi"dan Xitoyga ketdi


"Chelsi" tarkibidagi Nikolya Anelka "Barselona" o'yinchisi Inyesta bilan to'p uchun kurashmoqda.

"Chelsi" tarkibidagi Nikolya Anelka "Barselona" o'yinchisi Inyesta bilan to'p uchun kurashmoqda.

Angliyaning "Chelsi" klubida faoliyat olib borayotgan taniqli fransuz futbolchisi Nikolya Anelka Xitoyning "Shanxay Shenxua" futbol klubi bilan ikki yillik shartnomani imzoladi.

Yulduzni sotib olgan klubga ko'ra, 32 yoshli Anelka Xitoyga 2012 yilning yanvar oyida kelishi kutilmoqda.

"Chelsi" klubi vakillari bu xabarni tasdiqlar ekan, Anelkani "Shanxay Shenxua" klubiga yanvar oyidagi transfer oynasida o'tkazishga kelishilgani haqida aytib o'tishdi.

Shartnomada ko'rsatilgan transfer narxi hozircha sir qolmoqda. Biroq, xabarlarga ko'ra, Nikolya Anelka Shanxay klubida yiliga 6 million funt sterling maosh oladi. Bu esa haftasiga 120 ming AQSh dollari deganidir.
Shanxaylik futbol klubi Anelka bilan shartnomani imzolangach, uning suratini katta qilib klub veb-sayti bosh sahifasiga osib qo'ydi.

Anelkani Xitoy klubiga o'tishga nima sabablar undaganligi ham hozircha noayon. Mutahassislarga ko'ra esa, bunga Anelkaning so'nggi vaqtda "Chelsi" o'yinlarini zahiradan turib kuzatayotgani sabab bo'lgan.

Muhlislar tarafidan tayyorlangan Nikolya Anelkaning eng chiroyli gollari to'plami:



"Chelsi"dan tashqari "Arsenal" va "Real Madrid" kabi yulduzli klublarda to'p surgan Anelkaning Xitoyga kelayotganidan "Shenxua"ning o'yinchilari ham mamnun ko'rinadi.

- Bu nihoyatda ajoyib yangilikdir! Biz yangi sherigimizni albatta iliq kutib olamiz, - deb yozadi "Shenxua" jamoasi sardori Yu Tao Twitterning xitoycha varianti bo'lmish Weibo saytida.

"Shanxay Shenxua" futbol klubi Xitoy chempionatidagi so'nggi mavsumni 11-o'rinda yakunlagan edi. Anelkaning kelishi bilan "Shenxua" yaxshi o'yin ko'rsatib, OFK o'yinlarida O'zbekiston jamoalari bilan ham uchrashishiga umid qilib qolamiz.
XS
SM
MD
LG