Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:45

Farg‘onada davlat pulini o‘zlashtirgan amaldorlar qamaldi


Keyingi paytlarda davlat pullarini o‘marishda ayblanayotgan amaldorlar ko‘paymoqda.
Keyingi paytlarda davlat pullarini o‘marishda ayblanayotgan amaldorlar ko‘paymoqda.
Farg‘ona viloyati "Suvoqova" boshqarmasining sobiq boshlig‘i o‘z o‘rinbosari va bosh buxgalter bilan birgalikda katta miqdordagi davlat mablag‘ini o‘zlashtirganlikda ayblanib, uzoq muddatlarga ozodlikdan mahrum etildi.

Farg‘ona viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi viloyat “Suvoqova” boshqarmasi sobiq rahbari Maqsudjon Karimovni 11 yilga, uning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Madyorovni 5 yilga va bosh buxgalterni 6 yilga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqardi.

Bu haqda xabar tarqatgan NewsUz.Com Internet sayti prokuratura materiallariga tayangan holda, boshqarma rahbari turli korxonalar bilan soxta shartnomalar tuzib, davlat pullarini o‘zlashtirganini yozdi: “Andijondagi “Andijon Shinjon servis” firmasiga aslida olinmagan 14,1 tonna temir quvur uchun 25 million 375 ming so‘m o‘tkaziladi. Firma rahbari esa o‘zaro kelishuv bo‘yicha mablag‘ning 80 foizi (21mln.300 ming so‘m) ni Maqsudjon Karimovga topshiradi”.

Shuningdek, “Suvoqova” rahbarlari boshqa iqtisodiy jinoyatlarda ham ayblangan.

Farg‘ona viloyati “Suvoqova” korxonasining shaxsi sir qoliishi istagan mulozimi Ozodlik bilan o‘zaro suhbatda, Maqsudjon Karimovning qisqa muddat ichida shuncha mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganiga ishonish qiyin, deya ta‘kidladi:

"Maqsudjon Karimov bir yilcha boshliq bo‘lib ishladilar bizda. Yaxshi, ishbilarmon odam edi. Aslida bunday “o‘yin”larda katta-katta rahbarlar ishtirok etadi. Hech qachon korxona rahbarining o‘zi buncha katta miqdordagi pulni o‘zlashtirib yuborishga bunday zamonda jur‘at etolmaydi. O‘zingiz tushunasizku, lekin kaltak Maqsudjon akaning boshida sindi. Endi bizga ham aytishdi, shuncha pulni o‘zlashtirib yuboribdi, deb. Hayron qoldik. Qolganini sud, tergov biladida", - deydi korxona mulozimi.

Farg‘onalik iqtisodchi-o‘qituvchi Ma‘rufjon Abdurahmonov fikricha, aholiga xizmat ko‘rsatadigan idoralarda bunday jinoyatlar sodir etilishi odatiy holga aylangan:

- O‘zi qaysidir tashkilotning rahbari, bosh buxgalterlari qaysidir, “firmi odnodnevkalar” deyiladi, o‘shalar bilan soxta shartnomalar tuzib, davlatning, jamiyatning pulini o‘zlashtirmasa, hayron qoladigan zamon bo‘lib qoldi. Qaysi rahbar bo‘lsa, boshqa bo‘lsa, demak tushuningki, bular hammasi soxta hujjatlar tuzib, “ish” qilishadi. Duch kelgan adresga firmalarni registratsiya qiladi, davlat strukturasida o‘tirgan amaldorlar, katta rahbarlarning ishi bo‘ladi, bu.

"Firma odnodnevkalar" qiladi. Ya‘ni bir-ikki kun ishlaydi. Ma‘lum miqdordagi pullarni firmaning nomidan, davlat tashkilotimi boshqa tashkilotlar nomidan pullarni qaysidir raschyotniy schyotlarga o‘tkazishadi. U raschyotniy schyotdan u yoqqa, bu yoqqa o‘tkazishib, naqd pulga aylantirishadiyu o‘zlashtirib ketishaveradi. Axtarsa, u firma yo‘q. Men bu narsalarni yaxshi tushunaman,- deydi Ma‘rufjon Abdurahmonov.
XS
SM
MD
LG