Линклар

Mardikorlar "Edinaya Rossiya"ni qo‘llashga majburlandi


Putin parast namoyishda markaziy-osiyolik mardikorlar ham olib chiqildi. ("Ridus" nashri olgan surat)

Putin parast namoyishda markaziy-osiyolik mardikorlar ham olib chiqildi. ("Ridus" nashri olgan surat)

Moskvada Putin tarafdorlarining namoyishiga mahalliy zavod-fabrika ishchilari qatori markaziy-osiyolik mardikorlar ham majburlab chiqarildi.

Moskvada o‘tkazilgan Putin tarafdorlarining namoyishiga mahalliy zavod-fabrika ishchilari qatori markaziy-osiyolik mardikorlar ham majburlab chiqarildi. Bu haqda Rossiyadagi bir qancha nashrlar xabar qildi.

Ishidan ayrilishni xohlamagan o‘zbek mehnat muhojirlari ham Putinning beixtiyor tarafdoriga aylantirildi, deydi Rossiyadagi huquq faollaridan biri.

Ayrim rus nashrlarida Manejnaya maydonidagi Putin tarafdorlarining namoyishi “gastarbayterlar namoyishi” deb ham atalmoqda.

Jumladan “Ridus” nashri o‘sha kungi Putin tarafdorlarining namoyishiga markaziy-osiyolik mardikorlar avtobuslarga bosib olib kelingani haqida yozdi.

“Edinaya Rossiya” muxolifatga javob qaytarish uchun mardikorlar hamda pensionerlar armiyasini mitingga yig‘ib kulgiga qoldi”, - deb yozdi “Ridus”.

Agentlik muxbiri Manejnaya maydonida olgan suratlarda yuzlarida sarosima aks etgan va namoyishlarda beixtiyor qatnashayotgani ko‘rinib turgan qora kamzulli va qormag‘iz mardikorlarni ko‘rish mumkin.

Manej maydonidagi namoyishga odamlar tepadan buyruq asosida olib kelinganiga yana bir dalil tadbirning dushanba kuni, ya‘ni ish kuni o‘tkazilganidir, deb yozdi “Moskovskiy Komsomolets” gazetasi.

Putin tarafdorlarining namoyishiga o‘zbek mardikorlari ham majburlab chiqarilganini Moskvadagi Markaziy Osiyo siyosiy qochqinlar jamiyati rahbari Bahrom Hamroyev ham tasdiqlaydi. Uning aytishicha, o‘z vatanlarida mutelikka o‘rgatilgan o‘zbeklar ishidan ajralmaslik uchun hukmdorning chizig‘idan yurishga tayyor.

- Bir-ikkita joylar bilan gaplashdim. O‘rtoqlarim zavod direktorlari. O‘sha yerda ishlaydi o‘zbeklar. O‘shalarni yig‘ib, avtobusga tiqib olib kelishgan. Bu aniq. Buni yo‘q deya olmaydi. Bu Karimov tarbiya qilgan o‘zbeklar. Karimov tarbiya qilgan o‘zbeklar shunaqa bo‘ladi. Ertaga uyg‘urlarning emas Xitoyning ham ketidan chiqaveradi bular miting qilib. Chunki O‘zbekiston hukumati o‘zbek xalqining siyosiylashishini istamadi. Siyosiylashtirmaslikka harakat qildi, shunga erishdi. Endi buning natijalarini, oqibatlarini ko‘rayapmiz. Mana bugun pro-putinskiy bo‘ladi, ertaga anti-karimovskiy bo‘ladi, anti-uzbekskiy narod bo‘ladi. Chiqaveradi. Chunki hech narsasi yo‘q.

Lekin, deydi Bahrom Hamroyev, o‘zbekistonlik mardikorlar orasida o‘z siyosiy qarashlari borlari ham yo‘q emas va ularni o‘zlari ishonmagan g‘oyani yoqlashga majburlab bo‘lmaydi.

- Bu yerda endi siyosiylashganlari bor, siyosiylashmaganlari bor. Siyosiylashgan o‘zbeklar chiqmaydi. Ular kutib turibdi. Ular nima uchun chiqishiyu nima bilan tugashini biladi. Eng asosiysi nima uchun chiqishni bilish kerak, deydi Bahrom Hamroyev.

Shu bilan birga Rossiyada mehnat qilayotgan millionlab o‘zbek muhojirlari orasida mamlakat parlament saylovlaridan keyin yuzaga kelgan vaziyatdan umuman bexabar ekanini aytayotganlari ham yo‘q emas.

Moskvadagi qurilishlardan birida ishlaydigan toshkentlik Erkinjon ana shundaylardan biri. Biz bu yerga tinchgina ishlagani kelganmiz, deydi u.

- Saylov bo‘lganini bilamanu, lekin bunaqa qo‘zg‘olonni bilmayman. Undan xabarim yo‘q. U haqda bu yerda hech narsa bo‘lgani yo‘q. Men hozir sizdan eshitayapman. Hayron qolib turibman. Men saylov bo‘lganini bilaman xolos. Men bu yerda begona odam bo‘lsam. Bitta joydan chiqmay ishlayman, deydi Erkinjon.

Moskvada qo‘riqchi bo‘lib ishlaydigan andijonlik Odiljon akaning yirik norozilik namoyishlaridan xabari bor, lekin u maydonga chiqqani qo‘rqib, namoyishlarni televizordan kuzatganini aytadi.

- Unaqa joylarga chiqmadik. Masalan, men o‘zim uchta o‘g‘lim bilan oxranada ishlayman. yosh katta bo‘lib qolgan endi. Biz endi tirikchilik uchun kelgan odammizda.

Odiljon aka Rossiya siyosiy hayotiga aralashmaslikni ma‘qul ko‘rsada, o‘zi yoqlay oladigan siyosiy kuchlar haqida aniq fikri bor.

- Endi bizga hamma partiya ham bir. Putin degani nimaroq. Nimaga deganda xalq bilan ko‘p gaplashadi. Lekin uni ham yoqtirmaydiganlar bor. Mana Jirinovskiy degani bor. Televizorga chiqib olib faqat yomonlikni u yoq bu yoqdan kelganlardan ko‘radi. Lekin Putinni ko‘raman, mana Medvedev ham bizning prezidentga o‘xshab bekinib olmaydida. Xalq bilan ancha-muncha gaplashadi. Zavodlarga boradi. Biznikini bilasizku. Bitta shaharga borsa, o‘sha shaharni umuman yopib tashlaydi. Bitta mahalla bilan gaplashdi, deydi. Vaqti kelsa, shu mahallaning odamlarini almashtirib tashlaydi. Biz endi unaqaga uncha qiziqmagan odam. Tirikchilikda endi.

Buni qarang Moskvada hukumat odamlarga o‘z fikrini aytib chiqishlariga qarshilik qilmadi, bizni Andijonda bu bo‘lganida Karimov hamma yerni ostin-ustun qilib tashalagan bo‘lar edi, deydi Odiljon aka.

Yakshanba kuni e‘lon qilingan parlament saylovi natijalariga ko‘ra, iqtidordagi "Edinaya Rossiya" partiyasi ovozlarning deyarli 50 foizini to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq muxolifat kuchlari Putin hukumatini saylov natijalarini soxtalashtirishda ayblaganlar.

O‘tgan hafta davomida asosan Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida bo‘lib o‘tgan namoyishlarda Putin siyosatiga qarshi yuzlab insonlar hibsga olingan.

Shanba kungi namoyishlar oldidan birgina Moskvaning o‘ziga kamida 50000 politsiyachi safarbar etilgan.
XS
SM
MD
LG