Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:25

Huquq faoli besh sutka "o‘tirib" chiqdi


Faxriddin Tillayev.
Faxriddin Tillayev.
Boysunlik inson huquqlari faoli va “Erk” partiyasi a‘zosi Faxriddin Tillayev o‘z haqqini talab qilib piketga chiqqani uchun besh sutka hibsda saqlandi.

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida istiqomat qiladigan inson huquqlari faoli Faxriddin Tillayev 6 dekabr kuni tuman prokuraturasini piket qilganini aytadi:

- Men 2011 yilning 6 dekabr kuni Surxondaryo viloyati, Boysun tumani prokuraturasi binosining oldiga piketga chiqdim. Piketda asosan Boysun tuman hokimi Panji Tangriyevning iste‘fosini va unga jinoiy ish ochishlarini talab qildim. Prokuror bilan uchrashishim kerak edi. Prokuror chiqishni xohlamadi. Shundan so‘ng oradan yarim soat o‘tgandan keyin tuman ichki ishlar xodimlari kelib Shoto‘rayev degan vaqtinchalik vazifa bajaruvchi mas‘ul shaxs kelib qo‘limdagi plakatni yirtib tashladi va ikki qo‘limni orqaga qayirib, mashinaga tiqib ichki ishlar bo‘limiga olib ketdi,- deydi Faxriddin Tillayev.

Huquq faoliga ko‘ra, Boysun tumani ichki ishlar bo‘limida unga nisbatan ma‘muriy ish qo‘zg‘atilgan. 6 dekabr kuni kechqurun fuqarolik ishlari bo‘yicha Boysun tuman sudi Faxriddin Tillayevni O‘zbekiston respublikasi “Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksi”ning 194-moddasi 1-qismi bilan, ya‘ni militsiya xodimiga bo‘ysunmaslik, va shu kodeksning 201-moddasining birinchi qismi bilan ham aybdor deb topgan. Bu modda haqida inson huquqlari faoli shunday deydi:

- Go‘yoki, men jamoat joyiga plakat ko‘tarib chiqib, fuqarolarni o‘zimga og‘dirmoqchi bo‘lgan emishman. Sud 201-moddaning birinchi qismi bo‘yicha menga besh sutkalik qamoq jazosi tayinladi.Birinchi ayblov bo‘yicha sud eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida jarimaga ham tortdi. Men ana shu besh kun davomida qamoqda o‘tirib, ochlik e‘lon qildim. Tuman prokurorini chaqirtirdim. Prokuror Shuhrat Mavlonov kelishdan bosh tortdi. Shundan keyin zax xonalarda yotib, sovuqda, ochlikda turib, sog‘lig‘imdan ayrildim. Hozir ahvolim juda og‘ir,- deydi inson huquqi faoli.

Faxriddin Tillayevning aytishicha, u tuman hokimining aholi arziga quloq tutmayotganligi haqida tuman prokuraturasiga bir necha bor murojaat qilgan, biroq prokuror bu arizalarni inobatga olmagan:

- Prokurordan talabim Boysun tuman hokimiga qilgan arizalarimga javob bermaganligi. Uch yil davomida mana shu 6 sotix yerda 18ta fuqaro yashayotganligi, bizni yer bilan ta‘minlashligi, uy-joy bilan ta‘minlash masalasini qo‘ygan edik. Uch yildan buyon shu masala yechilmaydi. Prezident devoniga, viloyat hokimligiga yozdim. Qancha nima qildik, birortasi inobatga chiqmadida. 9ta arizamiz ham inobatga olinmadi. Mana shunday ahvol bilan men majbur bo‘ldim piketga chiqishga,- deydi huquq faoli.

Faxriddin Tillayevga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida o‘z haq-huquqini himoya qilib chiqqan odamlarning noroziligi qay shaklda bo‘lmasin, rasmiylar tomonidan keskin bostiriladi.

Ozodlik Boysun tuman ichki ishlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, Faxriddin Tillayevga qo‘yilgan ayblarni sharhlab berishni so‘radi. Ismini oshkor etmagan ichki ishlar bo‘limi mulozimi Faxriddin Tillayevning besh sutka qamalganini e‘tirof etar ekan, unga nega bunday jazo berilganini izohlamadi:

- Faxriddin Tillayev bizda besh kun vaqtincha saqlash xonasida yotgan. Faqat shuni ayta olaman. Agar sizni qiziqtiruvchi boshqa savollar bo‘lsa nachalnigimiz nomiga xat bilan chiqing,- dedi ichki ishlar mulozimi.
XS
SM
MD
LG