Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:04

Qirg‘iz qamoqlarida mahbuslar ochlik e‘lon qilishdi


Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun parlamentning sobiq spikeri jinoyat olami bilan aloqador ekaniga shubha qilmasligini bildirdi.
Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun parlamentning sobiq spikeri jinoyat olami bilan aloqador ekaniga shubha qilmasligini bildirdi.
Qirg‘izistondagi qamoqxonalarda mahbuslarning ochlik e‘lon qilgani Axmatbek Keldibekovning parlament spikeri lavozimidan iste‘fo bergani bilan bog‘lanmoqda.

Bishkek va uning atrofidagi 7 ta qamoqxonada saqlanayotgan mahbuslar 13 dekabrda tushki ovqatlanishdan bosh tortib, ochlik e‘lon qilganlar. Bu haqda Qirg‘iziston jazoni o‘tash bosh boshqarmasi 14 dekabr kuni ma‘lum qildi.

- Mahbuslar yashash sharoitini, oziq-ovqat va kerakli jihozlar bilan ta‘minlashni yaxshilash kabi uch talabni qo‘ymoqda. Aslida qamoqdagi sharoitni hisobga olganda, bu talablar asossiz. Bizningcha, mahbuslarga ochlik e‘lon qilish haqida tashqaridan ko‘rsatma bo‘lgan, - dedi Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi matbuot kotibi Jo‘ldo‘shbek Buzurmanqulov.

Unga ko‘ra, ayni paytda mahbuslar orasida tushintirish ishlari olib borilmoqda. Buzurmanqulov mahbuslarga nisbatan kuch qo‘llanilmasligini ham bildirdi.

Ayni paytda Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun mahbuslar ochlik e‘lon qilgan qamoqxonalarda bo‘lganini aytdi. U Bishkek yaqinidagi 31-sonli qamoqxonada saqlanayotganlar siyosiy talablarni qo‘ygani haqida gapirdi.

- Qamoqxonadagi sharoit qoniqarli darajada. 31-qamqoxonadagi mahbuslar Axmatbek Keldibekovning parlament spikeri lavozimiga qayta tiklanishini talab qilishmoqda. Bu qamoqxonada uyushgan jinoiy guruhlarning a‘zolari saqlanadi. Bu esa Axmatbek Keldibekovning uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqada ekaniga isbot bo‘la oladi, - dedi Qirg‘iziston Ombudsmeni Tursunbek Akun.

Biroq Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi rasmiylari mahbuslarning siyosiy talablaridan bexabar ekanlikarini aytishmoqda.

- Menda bunday ma‘lumot yo‘q. Mahbuslar nega bunday talabni qo‘yishayotganini ular bilan suhbatlashgan Tursunbek Akun izohlab berishi kerak. Ayni paytda biz bu yo‘nalishda tekshiruv olib borayapmiz, -dedi Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Kalibek Kachqinaliyev.

Muxolifatdagi “Ata Meken” partiyasi 30 noyabrda parlament spikeri Axmatbek Keldibekovni uyushgan jinoiy guruhlar bilan aloqadorlikda ayblab chiqqan edi. 7 dekbar kuni bu bayonot yuzasidan parlamentdagi 5 ta fraktsiya a‘zolaridan iborat maxsus komissiya tashkil etilgan.

Maxsus komissiya 12 dekabr kuni “Ata Meken” partiyasi bildirgan iddaolar asosli ekanini ochiqlagan. Shundan so‘ng 12 dekabr kuni 10 soatga cho‘zilgan parlament yig‘inidan so‘ng Axmatbek Keldibekov o‘z ixtiyori bilan iste‘foga chiqqanini e‘lon qilgan edi.

Axmatbek Keldibekov o‘ziga nisbatan bildirilayotgan ayblovlar tuxmat ekanini ham bildirgan.
XS
SM
MD
LG