Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:15

Qozondan o‘zbekistonlik tilanchilar haydalmoqda


Dekabr boshida Qozonda o‘zbekistonlik 6 yoshli tilanchi qizaloq mashina tagida halok bo‘ldi.
Dekabr boshida Qozonda o‘zbekistonlik 6 yoshli tilanchi qizaloq mashina tagida halok bo‘ldi.
Tatariston poytaxti Qozon shahri markaziy-osiyolik tilanchi lo‘lilardan tozalanmoqda. Lo‘lilarni shahardan chiqarib yuborish harakatlari 5 dekabr kuni avtomobil ostida o‘zbekistonlik 6 yashar qizchaning xalok bo‘lganidan so‘ng avj olgani aytilmoqda.

Qozon hokimiyati 2013 yilda bo‘lib o‘tadigan Butunjahon Yozgi Universiada oldidan shaharni tilanchi lo‘lilardan “tozalash” ishlarini boshlagani aytilmoqda.

Tatariston poytaxti ko‘chalaridan gadoylarni yo‘qotishda Qozon shahar hokimi Ilsur Metshinning shaxsan o‘zi qatnashmoqda.

“Markaziy-osiyolik tilanchilar Qozonni aylanib o‘tsinlar!”, degan talabni qo‘ydi Qozon meri shaharning huquq-tartibot va migratsiya idoralari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida.

- Biz mehmondo‘st shaharmiz, lekin tilanchilar biznesiga na metroda va na ko‘chalarda yo‘l qo‘yilishi kerak. Men buni sizlardan iltimos qilayotganim yo‘q – talab qilyapman. Ularni yig‘ing, kim ishlashni xohlasa – imkon bering, yo‘q deganlarni bizdan iqlimi yumshoqroq joylarga jo‘natib yuboring. Bu ishni Universiada boshlanishini kutmasdan bugun boshlashingizni talab qilaman, dedi Qozon shahar hokimi Ilsur Metshin.

Qozon Ichki ishlar boshqarmasi rahbari Rustem Qodirov shahar merining talabi bajarish uchun Qozonda faol ish olib borilayotgani va allaqachon ko‘pchiligini o‘zbekistonlik lo‘lilar tashkil etgan bir guruh tilanchilar hibsga olinganini ma‘lum qildi.

- Biz bu yo‘nalishda ishimizni jadallashtirdik: masalan, oxirgi 4 kun ichida 36 fuqaro hibsga olindi, ulardan 32 tasi voyaga yetmagan shaxs ekanligi aniqlandi. Sodda qilib aytsam, bolalar tilanchilik qilishga ko‘chaga chiqarilyapti. Hozirda bu bolalar Vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilyapti. Tilanchilikka qarshi kurashni avj oldiramiz, deya hisobot berdi Qozon politsiyasi rahbari Rustem Qodirov.

Qodirov shuningdek, so‘nggi bir necha oy davomida Qozon shahrida gadoylik va lo‘lilarning fuqarolarga tegajog‘lik qilishi bilan bog‘liq qonunbuzarliklar qayd etilganini ham qo‘shimcha qildi.

Qozonni tilanchi lo‘lilardan halos qilish amaliyoti, ayniqsa, 5 dekabr kuni Levobulachniy ko‘chasida mashina bosib ketgan 6 yashar lo‘li qizchaning o‘limidan keyin kuchaytirildi. Qozon IIBsi boshlig‘i Rustem Qodirov o‘zbekistonlik bu qizchaning onasiga nisbatan jinoiy ish ochilganini ma‘lum qildi.

Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, “voyaga yetmagan shaxsni tarbiyalash bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmaganlik”da ayblanayotgan bu lo‘li-ayol 3 yilgacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin. Biroq shahar politsiyasidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, uni Rossiyadan deportatsiya qilish uchun hujjatlar tayyorlanmoqda.

Shaharning axloqiy va madaniy ko‘rinishiga salbiy ta‘sir etayotgani aytilayotgan lo‘lilar jamoalari bilan bog‘liq ishlarga Tatariston O‘zbeklar milliy-madaniy tashkiloti ham jalb qilindi.

Tataristondagi O‘zbeklar jamiyati raisi asli anjidonlik Abdumannob Abdusattorov markaziy-osiyolik gadoy va tilamchilarga qarshi reydlar ayniqsa oktyabr-noyabr oylarida kuchaytirildi, deydi.

- Men bunda o‘zim ham ishtirok etdim. Men bu yerda 12 yildan beri madaniy markaz boshlig‘iman. Lo‘lilar ko‘payib ketganida reyd qila boshladik. Migratsiya xizmati bilan birga 20-30 tadan bolalarini qo‘yib yuborgan lo‘lilarni to‘plab, majlis o‘tkazdik. “Iltimos, o‘zlaring chiqsalaring chiq, bolalar chiqmasin. Bolalarni ekspluatatsiya qilmanglar, aks holda shahardan, respublikadan chiqarib yuborishimizga to‘g‘ri keladi”, dedik. Yashayotgan baraklariga borib gaplashdik. Ular avariyniy uylarda to‘p-to‘p bo‘lib noqonuniy joylashib olgan-da. Jami 150 tacha oila bor lo‘lilarning bu yerda. Har bir oilada ikkitadan bolasi bo‘lsa hisoblab olavering, deydi Abdumannob Abdusattorov.

Qozon o‘zbeklari jamiyati rahbari lo‘lilar bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natija bermadi, deydi. Abdusattor aka 5 dekabr kuni 6 yoshli lo‘li qizchani mashina bosib ketganidan keyin, shahar idoralarining ham toqati tog‘ bo‘ldi, deya davom etadi.

- Bu qizcha O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati, Denov tumanidan. U svetoforda turgan. To‘plagan tangasi to‘kilib ketgan yerga. Probkada mashinalar turgan bo‘lgan. Shu tangani olaman deb jip mashinasini oldiga o‘tgan. Shofyor umuman ko‘rmagan va qizcha tanga terayotganda sekin yurvorgan va bosib ketgan. Bu yerda shov-shuv bo‘lib ketdi! Keyin qabul qilindiki, yangi yilgacha ulardan shaharni tozalash. O‘zlari chiqib ketsa – ketdi, bo‘lmasa deportatsiya qilinadi, deydi Abdumannob Abdusattorov.

Bu amaliyotlar davomida hibsga olinganlar faqat sud qarori bilan deportatsiya qilinishi, vaqtinchalik saqlash markaziga joylashtirilgan bolalar esa bevosita aeroportda mamlakatdan deportatsiya qlinayotgan ota-onalarga topshirilishini ham qo‘shimcha qildi Abdusattorov.

Tatariston O‘zbeklar milliy-madaniy muxtoriyati tashkiloti raisining Ozodlikka bildirishicha, bugungi kunda Qozonda nafaqat tilanchi lo‘lilar, balki oddiy mehnat muhojirlari soni ham ko‘payib bormoqda. U Tatariston migrantlarining 41 foizidan ko‘prog‘ini o‘zbekistonliklar tashkil etishini aytib, 2011 yilning o‘zida respublikaga 39 mingdan ziyod o‘zbekistonliklar rasman kirib kelganini ma‘lum qildi.

“Bu borlaridan tashqari. Noqonuniy yurganlar bilan o‘zbeklar jami 100 mingtaga borib qoladi”, deya qo‘shimcha qildi o‘zbeklar jamiyati faoli.
XS
SM
MD
LG