Линклар

logo-print
Qirg‘iziston prezidenti ma‘muriyatining sobiq rahbari Medet Sadirqulov o‘limida gumonlanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan qirg‘izistonlik Qadirbek Do‘so‘nov va uning sherigi Sadiq Bo‘rbuyev 14 dekabr kuni Bishkek ixtiyoriga topshirildi.

Bu borada Tojikiston Ichki ishlar vazirligining matbuot xizmati mas‘uli Nusratulloh Saidov bugun Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Qirg‘iziston Respublikasining bir muddat hibsda saqlangan ikki fuqarosi - Sadiq Bo‘rbuyev va Qadirbek Do‘so‘novni respublika ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi xodimlari Dushanbe aeroportidan Qirg‘izistonga jo‘natib yubordi, - dedi vazirlik mas‘uli Saidov.

Shu yil 14 sentyabrida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi Dushanbe shahrining Sino tumanida o‘tkazilgan bir amaliyot chog‘ida tashlandiq bino yerto‘lasiga yashiringan uch kishi hibsga olinganini bildirgandi.

Dastlabki tergov chog‘ida ular Qirg‘iziston fuqarolari Qadirbek Do‘so‘nov, Chingiz Jumag‘ulov va Mirlan Shaquliyev ekani ma‘lum bo‘lgani aytildi.

Tojikiston milliy xavfsizlik xizmatidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, Dushanbeda qo‘lga olingan qirg‘iz fuqarolari bir muddat Birlashgan Arab Amirliklarida yashirinib yurgan, keyinroq esa Afg‘oniston orqali Dushanbega o‘tgan bo‘lgan. Ammo 14 dekabr kuni Bishkek ixtiyoriga topshirilgani aytilayotgan yana bir jinoyatchi - Sadiq Bo‘rbuyev haqida birorta aniq ma‘lumotga ega emasmiz.

Asnoda Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi matbuot kotibi Talant Qo‘no‘qbayev ham Bo‘rbuyev va Do‘so‘novning u tomonga ekstraditsiya qilinganini tasdiqladi.

- Darhaqiqat, kecha Qadirbek Do‘so‘nov va uning sherigi Sadiq Bo‘rbuyev Tojikistondan bu tomonga ekstraditsiya qilindi, - der ekan qirg‘iz rasmiysi Qo‘no‘qbayev jinoyatchilarning keyingi taqdiri haqidagi savollarimizga javob bera olmasligini aytdi.

Ayni paytda Qadirbek Do‘so‘nov bilan birga Dushanbe shahrida qo‘lga olingan yana ikki jinoyatchi Chingiz Jumag‘ulov va Mirlan Shaquliyev taqdiri ham noma‘lumligicha qolmoqda.

Avvalgi suhbatlarimizda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Jo‘raxon Zoirov Chingiz Jumaqulovga nisbatan mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi jinoyat ishi ochganini bildirgandi.

- Tojikiston davlat chegaralarini noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanayotgan va ayni paytda milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan tergov qilinayotgan Chingiz Jumag‘ulov Qirg‘iziston ixtiyoriga topshirilmaydi, - degandi tojik generali Zoirov.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Zoirov Qadirbek Do‘so‘nov va Mirlan Shaquliyevlar 2010 yil avgustida Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtincha saqlash izolyatoridan qochgan va shu yil yozida Bishkekda qo‘lga olingan qochqin mahbuslardan biri - rossiyalik Abiyev Nizomi bilan almashtirilishini ochiqlagandi.

Tojikiston huquq-tartibot idoralari mas‘ullarining aytishicha, qochqin mahbus hamon Bishkek hibsxonalarining birida qolmoqda ekan.

Norasmiy manbalarning aytishicha, rasmiy Bishkek Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining vaqtincha saqlash izolyatoridan qochgan mahbus Abiyev Nizomi Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun Tojikiston ixtiyoriga topshirilmasligini bildirgan.

Biroq tojik rasmiylari Abiyev Tojikiston hududida jinoyat sodir qilganini nazarga olgan holda, Dushanbe ixtiyoriga topshirilishi shartligini aytib kelmoqdalar.

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi MDHning barcha davlatlari, jumladan, Qirg‘iziston ham mahbus almashish borasidagi shartnomani imzolaganini va bu yo‘nalishda o‘zaro tig‘iz hamkorlik qilinayotganini aytsa-da, mustaqil tahlilchilar fikricha, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan jinoyatchilarni almashish masalasiga kelganda o‘zaro hamkorlik o‘rnini ultimatum egallaydi.
XS
SM
MD
LG